90-yillar turk afsonasi Rafet El Romanning Toshkentdagi konserti qanday o‘tdi?

E’lon qilingan sana· 1 216
90-yillar turk afsonasi Rafet El Romanning Toshkentdagi konserti qanday o‘tdi?

“Seni Seviyorum”, “Kalbine Sürgün”, “Yalancı Şahidim”, “Direniyorum” kabi yuzlab qo‘shiqlari bilan turkiy davlatlarda shuhrat qozongan turk pop xonandasi Rafet El Roman 13-dekabr kuni Toshkentda konsert namoyish etdi.

Kinochilar uyi (Panorama) da bo‘lib o‘tgan navbatdagi yakkaxon konsertda sevimli xit retrolar va yangi taronalar jarang sochdi. Afisha.uz jonli ijroda o‘tgan dasturdan fotoreportaj tayyorladi.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan turli xalq bayramlarida faol ishtirok etayotgan Rafet El Roman 2017-yildan buyon Toshkentda yakkaxon konsert qo‘yishni ham odatga aylantirgani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum.

U konsert boshida jurnalistlarga bergan intervyusida O‘zbekiston va uning xalqi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Sizlar dunyoga mashhur sportchilar, juda ajoyib san’atkorlarni yetishtiryapsizlar. O‘sib kelayotgan yangi avlod bolalari ham shu madaniyat bilan ulg‘ayayotgani kishini juda xursand qiladi. Bularning barchasini albatta, kuzatib boraman. Ammo Turkiyada buni asta-sekin yo‘qotyapmiz, voyaga yetayotgan yosh avlod bizning madaniyatimizni, merosimizni unchalik qadrlamayapti. Lekin sizlar hali ham asrab-avaylaysizlar, katta-yu kichikni har doim hurmat qilasiz. Millat sifatida o‘zbek xalqining shu hislatini juda yaxshi ko‘raman”, — deydi xonanda.

Rafet El Roman Toshkentga 30 yil oldin birinchi marta kelganini, o‘tgan davr ichida shahar ancha rivojlanganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston juda tez rivojlanyapti, o‘z nomini dunyoga tanitmoqda. O‘zim Germaniyada yashasam-da, Turkiya va O‘zbekiston bilan bog‘liq o‘zgarishlarni hamisha eshitib, o‘qib boraman. Ayniqsa, xalqaro sport musobaqalarida g‘alaba qozonayotganingizdan faxrlanaman. Bilaman, meni O‘zbekistonda juda yaxshi ko‘rishadi, qo‘shiqlarimni sevib tinglashadi. O‘zimni O‘zbekistonning bir qismi, deb bilaman. Biz bir millat, ikki davlatmiz. Hamisha shunday bo‘lib qolishini, go‘zal rishtalar mustahkam bo‘lishini istayman”, — deydi u.

Bu yilgi ijodiy imtihonda barcha qo‘shiqlar jonli ijroda kuylandi. Dastur repertuaridan o‘rin olgan “Sorma Neden”, “Yalancı Şahidim”, “Sürgün”, “Senden Sonra” kabi 20 ga yaqin hit qo‘shiqlar yangradi. Muxlislar talabi bilan “Seni Seviyorum” taronasi ikki marta ijro etildi.

“Umid qilamanki, konsertga kelganlarning barchasi mamnun bo‘ldi. Dasturda juda samimiy, quvnoq va eng romantik qo‘shiqlarimni kuyladim. Albatta, bir qancha qo‘shiqlarimni ayta olmadim. Repertuarimda shunchalik ko‘p tarona borki, hammasini aytsam, besh soat davom etadi ya’ni, jonli ijroda. Shuning uchun eng yaxshi va o‘zbekistonlik muxlislar yoqtiradiganlarini tanladik. Kelasi yili yana uchrashish umididaman. Rahmat, Toshkent”, — deydi u dastur yakunida bergan intervyusida.

Shuningdek, konsertda o‘zbek estradasining bir qancha yosh xonandalari ham o‘z qo‘shiqlari bilan zaldagilarga kayfiyat ulashdi. Dasturni aktyor va boshlovchi Akmal Mirzo olib bordi.

Konsertdan fotosuratlarni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling