Ulug‘bek Qodirov bilan duet, Layloning xavfli tryuki, retro taronalar: “Setora”ning shov-shuvli konsertidan fotoreportaj

E’lon qilingan sana· 763
Ulug‘bek Qodirov bilan duet, Layloning xavfli tryuki, retro taronalar: “Setora”ning shov-shuvli konsertidan fotoreportaj

Afsonaviy “Setora” guruhi 18—21-dekabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi konsertini taqdim etdi.

Bu galgi dastur to‘liq tarkibda o‘tmagan bo‘lsa-da, ammo xit taronalar, duetlar va liboslar tufayli shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Afisha.uz muxbirlari keng muhokama qilingan konsertdan reportaj tayyorladi.

20 yillik uzoq tanaffusdan so‘ng 2024-yilda konsert taqdim etgan “Setora” guruhi joriy yilda ham shou dasturini namoyish qildi.

Bu yilgi ijodiy kechada guruh a’zosi Komila Xo‘jayeva qatnashmagan bo‘lsa-da, biroq konsert to‘laqonli shou sifatida muxlislar xotirasida qoldi.

“Zinama zina” nomli tarona bilan boshlangan konsert uch blokdan iborat bo‘lib, jami 25 ta qo‘shiq ijro etildi. Ularning deyarli barchasi “Setora"ning hit qo‘shiqlari hisoblanadi.

Sahnada nafaqat jonli ijro, balki xavfli tryuklar, kutilmagan chiqishlar va kreativ duetlar tomoshabinlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi. “Xayr maktabim” taronasi taniqli aktyor Ulug‘bek Qodirov bilan, “Kechir sevgi” qo‘shig‘i esa xonanda Munisa Rizayeva bilan duet ko‘rinishida ijro qilindi.

Kutilmagan duetlar muxlislarning hayrat va olqishlariga sabab bo‘ldi.

“To‘g‘risini aytsam, bu duet menga Yangi yil bayrami sovg‘asi bo‘ldi. „Setora“ bilan bitta sahnada ularning qo‘shig‘ini aytishni umuman kutmaganman, buni faqat orzu qilib yurardim. Guruh konsertlariga biletlar qolmaganida darvozadan oshib tushganimiz, militsiya xodimlarining quvlagani hech esimdan chiqmaydi. Afsonaviy „Setora“ guruhi bilan qo‘shiq kuylab, mazza qilyapman. Allohga tavakkal qilib, qo‘ldan kelgancha ijro etdik. Zaldagi muxlislar qo‘llab-quvvatladi, juda xursand bo‘ldim”, — deydi jurnalistlarga intervyu bergan Ulug‘bek Qodirov.

Munisa Rizayeva ham bolaligidan “Setora"ning muxlisi bo‘lgani, ular bilan duet kuylash orzusi ushalganini ta’kidladi.

“Konsert prodyuseri Davron Kabulov tomonidan “Setora” guruhi bilan birga duet aytish taklifi tushgach, darhol rozilik berdim. Chunki afsonaviy guruh qizlari bilan bir sahnaga chiqish yoshligimdan eng katta orzuim bo‘lgan. “Setora"ning haqiqiy muxlisi bo‘lganim uchun shaxsiy xonamning devorlariga ularning rasm-plakatlarini yopishtirib qo‘yardim. Ayniqsa, Komila Xo‘jayevani juda sevardim, u bilan juda ham o‘xshash chehramiz bor. Men bu yil orzuimga yetdim. Odam orzu qilsa, albatta, unga erishadi. Shuning uchun orzularga ishonish kerak va ular ijobat bo‘ladi. “Setora” guruhini har doim sevamiz”, — deydi xonanda.

“Komilaning o‘rnini hech bir xonanda va duetdosh bosa olmaydi. Biz konsert uchun qandaydir qiziqarli yangilik qilishimiz kerak edi. Munisa Rizayeva bizning do‘stimiz, u juda ham yaxshi san’atkor, ovozi kuchli va chiroyli. „Eshitmaydi, endi faryodim eshitmaydi“, degan misralar Munisaga juda yarashgani uchun shu qo‘shiqni birga duet sifatida aytishga qaror qildik. Ulug‘bek Qodirov ham iste’dodli va o‘z o‘rniga ega san’atkor. Bu ijodkorlar bizni qo‘llab-quvvatlaganidan juda minnatdormiz”, — deydi Feruza Latipova.

Shuningdek, konsertda DJ King Macarella tomonidan yangicha uslubda talqin etilgan “Vafodorim” taronasi ham muxlislarni raqsga chorladi.

Dasturda mehmon bo‘lgan muxlislar retro taronalar va duetlardan tashqari, guruh a’zosi Laylo tomonidan bajarilgan xavfli tryukni ham hayrat bilan qarshi oldi. Mazkur chiqish tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Guruh a’zosi Feruza Latipova jamoadoshi Layloning sahnadagi harakati va unga nisbatan bildirilayotgan tanqidlarga munosabat bildirdi.

“Laylo muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanadi, gimnastika bo‘yicha sirkka qatnab, mahoratini oshirgan. Bu tryuk juda ham zo‘r chiqdi, deb o‘ylayman. O‘zbek estradasida homilador holatda konsertda sahnaga chiqqan birinchi xonanda men bo‘lsam, Laylo esa sahnada tryuk bajargan birinchi xonanda bo‘ldi. Bunday tryukni bajarish uchun maxsus liboslar bo‘lishi kerak. Odamlar bu oson ish deb o‘ylaydi. Lekin buni hamma ham qila olmaydi. Tarmoqlardagi izohlarni, salbiy fikrlarni o‘qidik. Ularga aytmoqchimanki, sizlar konsertga faqatgina kostyumni ko‘rishga emas, balki haqiqiy muxlis sifatida bizni ko‘rishga, qo‘shiqlarimizni eshitishga kelayapsizlar”, — deydi u.

Konsertdan fotosuratlarni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling