"Ho, malchik! Marusa gde, Marusa? Barnauldami?": Toʻti Yusupova rol ijro etgan filmlar

Shunday buyuk aktyor va aktrisalar boʻladiki, bir qarashda butun faoliyati tomoshabinning koʻz oldidan oʻtadi. Oʻzbekiston xalq artisti Toʻti Yusupova ham mana shunday aktrisalardan biri boʻlgan. Muxlislar bir qarashda uning soʻnggi filmlaridagi oʻzbek buvisi obrazidan tortib, karyerasi avvalidagi unga katta mashhurlik keltirgan Sotti obrazini ham esga oladi.
Afisha.uz quyida Toʻti Yusupova rol ijro etgan filmlar haqida ma’lumot beradi.
“Kelinlar qoʻzgʻaloni”

Oʻzbek tomoshabini uchun qadrli boʻlgan, madaniy kodga aylangan shedevr asarlardan biri “Kelinlar qoʻzgʻaloni"ning har xil versiyalari mavjud. Said Ahmad asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda Toʻti Yusupova asosiy rollardan biri — Sotti obrazini gavdalantirgan.
Bir uyda Farmonbibi, yetti aka-uka va ularning oilasi yashaydi. Yetti oilaning qaynona va ona boʻlmish Farmonbibi bilan munosabatlari oʻtkir satira orqali kulgi ostiga olinadi.
“Changak”

Xayriddin Sulton qalamiga mansub “Yo, Jamshid” asari asosida suratga olingan “Changak” filmida qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi mehr-oqibat, samimiyat va bag‘rikenglikning yo‘qolishi hayotda yutqazishdan ko‘ra katta fojia ekanini anglash mumkin.
Arinboy qimorda yutqazib qo‘ydi. U ertalabgacha qarzini to‘lashi kerak. Kvartirada qo‘rqinchli jimlik. Qarindoshlar yig‘ilgan. Ushbu qarzni undirish va to‘lash bo‘yicha maslahatlashuvlar boshlangan.
“Abdullajon”

“Ho, malchik! Marusa gde, Marusa? Barnauldami?”, ushbu soʻzlar Zulfiqor Musoqovning “Abdullajon” kinokartinasidan keyin Toʻti Yusupovaning haqiqiy tashrif qogʻoziga aylangan.
Film parodiya elementlari bilan qorishgan fantastik komediya janrida suratga olingan. Fermer xoʻjaligi xodimi Stiven Spilbergga maktub yoʻllaydi. Unga oʻz qishlogʻida sodir boʻlgan ajoyib va qiziqarli voqealarni aytib berdi. Unda oʻzga sayyoralikning kelishi va qishloq fuqarosi Bozorboy unga Abdullajon deb ism bergani va farzand qilib olgani haqida hikoya qilinadi.
“Yaratganga shukur”

Toʻti Yusupova faoliyati davomida rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan bir nechta filmda birga ishlagan va ularning har biri shedevrga aylangan. Yuqorida nomi tilga olingan “Abdullajon” kinokartinasi ham, “Yaratganga shukur” ham shular jumlasidan.
Filmning qahramoni oddiy odam — buxgalter Sodiqjon. U pessimist va moʻjizaga ishonmaydigan odam. Biroq aynan u oʻzida moʻjizani amalga oshirish qobiliyatini kashf etadi. Buni amalga oshirish uchun esa “istayman” desa boʻlgani.
“Otamdan qolgan dalalar”

Buyuk oʻzbek yozuvchisi Togʻay Murodning shoh asari hisoblangan “Otamdan qolgan dalalar” 1997-yilda rejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan ekranlashtirilgan. Toʻti Yusupova unda asosiy qahramonlardan biri boʻlgan Jamoliddinovning onasi obrazini gavdalantirgan.
Ushbu kinofilmda XIX asrning 60-yillardagi Qoʻqon xonligining Chor Rossiyasi tomonidan istilosi davri haqida hikoya qilinadi. Fargʻona vodiysida Jamoliddin ismli dehqon davom etayotgan qoʻzgʻolonning oldini olish maqsadida general Skobelev bilan koʻrishadi. Natijasiz tugagan muzokaralardan soʻng, u oilasini olib hozirgi Qirgʻiziston hududiga koʻchib ketadi.
“Oyijon”

Yana bir bor Zulfiqor Musoqovga murojaat qilamiz. 2001-yilda premyera qilingan film melanxolik uslubda olingan. Toʻti Yusupova esa unda bosh qahramon Nargizaning buvisi rolini ijro etgan.
Nargiza ismli kichik qizning onasi vafot etadi, lekin bir kuni shaharda yapon sayyoh ayolini uchratib, uni o‘z onasi deb o‘ylashni boshlaydi.
“Dilhiroj”

Yozuvchi va kinodramaturg Erkin A’zam hikoyasi asosida suratga olingan film oʻzbek kinosi klassikasiga aylangan. “Dilhiroj"da Toʻti Yusupova asosiy rolni ijro etgan deyish mumkin. Chunki filmdagi barcha masalalarni aynan uning personaji hal qiladi.
Bir-biriga qoʻshni boʻlgan oilalarning bolalari chaqaloqligidan turmush qurishi belgilangan. Vaqt o‘tadi, bolalarcha do‘stlik muhabbatga aylanadi. Biroq har safar yoshlar turmush qurishga qaror qilishsa, nimadir sodir bo‘ladi. Agar kelinning dono buvisi bo‘lmaganida, ehtimol, to‘y ham bo‘lmasdi…
“Kichkina odamlar”

Film uchta qisqa metrajli kinodan iborat. Birinchisi — “Kutilmagan omad”. Gʻoziboy tasodifan lotereyada avtomobil yutib oladi. Ammo bu yutuq uning otasi va akasi uchun qimmatga tushadi. Omad qoʻlga kiritilgach, Gʻoziboy yaqinlariga tepadan qaray boshlaydi.
Ikkinchisi — “Hazil”. Ijara uyida yashovchi Sodiq koʻchada mast holda uxlab yotgan doʻstini koʻrib, hazillashmoqchi boʻladi va uning tilla taqinchoqlarini yechib oladi. Doʻsti undan tilla buyumlarini topib berishini soʻraydi. Sodiq rozi boʻladi, biroq yoʻlda — Qamchiq dovonida mashinasiga oʻtirgan noma’lum shaxslar tomonidan kutilmaganda oʻldiriladi. Keyinchalik doʻstining tilla taqinchoqlari ichki ishlar hodimlari tomonidan topiladi.
Uchinchisi — “Kichkina odamning katta tanishi”. Mihliboy uzoq yillar qishloq maktabida dars bergach, nafaqaga chiqadi. Bir kuni qishloqda uning sobiq oʻquvchilaridan biri — Xolboy shaharda yuqori lavozimli amaldor boʻlib ishlayotgani haqida xabar tarqaladi. Qishloq aholisi Mihliboyga murojaat qilib, yordam soʻrab yozgan maktublarini topshiradi. Mihliboy bu maktublarni va sovgʻalarni olib, Xolboyning oldiga yoʻl oladi. Ammo Xolboy oʻz ustozini tanimaydi…
“Shabnam”

Mirmaqsud Oxunov rejissyorligida oʻzbek kinosi tarixidagi eng romantik filmlardan biri ishlangan, deyish mumkin. Toʻti Yusupova esa oʻz repertuarida bosh qahramonlardan biri Boburning buvisi rolini ijro etgan.
Film qahramoni Bobur koʻcha bolasi boʻlib, hayot kechiradi. Keyin esa oddiy qiz Shabnam paydo boʻladi va Boburning hayoti keskin oʻzgaradi. Ular bir-birini sevib qoladi, lekin… ularing ota-onalari bilan bogʻliq qandaydir sir bor. Bu sir tufayli juftlik aql bovar qilmaydigan qiyinchiliklarga duch keladi.
“Berlin-Oqqoʻrgʻon”

Film urushdan oldingi, urush vaqtidagi va hozirgi kunlardagi davrni namoyish etadi. Voqealar Berlin, Moskva va kichik o‘zbek qishlog‘i Oqqo‘rg‘onda boʻlib oʻtadi.
Kinokartinada bir nechta syujet liniyalari — ikki oʻzbek sevishgan juftligining hamda nemis va yahudiy juftligining sevgi hikoyalari koʻrsatiladi. Shuningdek, unda tarixiy shaxslar — Vsevolod Meyerxold, Zinaida Rayx, Stalin, Litvinov, Molotov, Poskryobishev, Gitler, Gess, Gimmler, Gebbels ham bor.
- #abdullajon
- #berlin-oqqoʻrgʻon
- #changak
- #dilhiroj
- #kelinlar qoʻzgʻaloni
- #kichkina odamlar
- #otamdan qolgan dalalar
- #oyijon
- #shabnam
- #toʻti yusupova
- #yaratganga shukur