Hafta artisti: Ziyoda

Yoshligingizda “Bojalar” guruhi, ya’ni Jahongir Poziljonov va uning jamoasi ishlagan filmlarni tomosha qilgan boʻlsangiz kerak, oʻsha kinolarning aksariyatida bir qiz rol oʻynagan — u aktrisa emas, qoʻshiqchi — oʻz ishining ustasi. Uni oʻsha paytlarda ham tanigan boʻlishingiz kerak, endi esa undan ham mashhurroq va uning asl yoʻnalishida. "Hafta artisti"ning navbatdagi soni aynan qoʻshiqchi Ziyodaga bagʻishlanadi.
Xonandaning familiyasini koʻpchilik bilmasa kerak, chunki qoʻshiqchi faqatgina Ziyoda nomi bilan tanilgan. Ziyoda Oʻtkirovna Qobilova 1989-yil 7-yanvarda Toshkentda tugʻilgan (ba'zi manbalarda 1987-yilda deyiladi). Ular oilada 8 farzand boʻlgan – 7 qiz va 1 oʻgʻil.

Foto: Instagram / @ziyodamusic
Ularning oilasida san'atkorlar boʻlmagan, kamiga uning qoʻshiqchi boʻlishiga otasi qarshilik ham qilgan. Xonandaning rahmatli otasi faqatgina bir shart bilan musiqa kollejiga kirishiga rozi boʻlgan – onasi Ziyoda u yerni tugatishi bilan turmushga chiqishi kerak boʻlgan. Shunday ham boʻlgan: Ziyoda oʻzi yoshligidan tanish boʻlgan va onasi "oʻzim sizni kuyov qilaman", degan yigitga turmushga chiqqan.
Ziyodaning aytishicha, uning onasi bozorda kichik tamaddixona ochgan. Xonanda oʻshanda maktabda oʻqiyotgan boʻlgan va darslardan keyin onasiga yordam berish uchun tamaddixonaga borib, ofitsiantlik qilgan. "Ofitsiantlik qilganim yoki idish-tovoq yuvganimdan hech qachon afsuslanmayman", – deydi u oʻz intervyularidan birida.

Xonanda turmush o‘rtog‘i bilan bolalikdan tanish bo‘lgan va birinchi marta bozorda bir-birini uchratib qolgan – u tamaddixonada tez-tez ovqatlanib turardi, chunki u ham oʻsha bozorda chinni sotgan.
— Turmush o‘rtog‘im bilan bozorda tanishib qolganmiz. U chinni sotardi, baʼzida bizning tamaddixonada ovqatlanib turardi. Bundan tashqari, opalarimning sarposiga qo‘yiladigan chinnilarni ham u kishidan olgandik. Eldor aka bilan to‘ydan 8 yil avval tanish bo‘lganmiz. Tabiatan og‘ir-bosiq bo‘lgani uchun onam har doim “Sizni o‘zim kuyov qilaman, maʼqul yigitsiz”, derdi. Qarangki, farishtalar omin degan ekan, oila qurdik. Ammo sanʼatkor bo‘lish niyatim u odamga unchalik yoqmagandi. “Bekor qilyapsiz-da”, deb ham qo‘ygandi, — deydi Ziyoda.
Turmush oʻrtogʻi Eldor hatto uning klipida ham suratga tushgan. Sarvar Karimov rejissyorligidagi "Sevadi yorim mani" qoʻshigʻiga ishlangan klipda uning turmush oʻrtogʻi yor vazifasini bajargan, xuddi real hayotdagidek.
U oʻzining ijodini prodyusserlik markazi bilan shartnoma tuzish bilan boshlagan. Oʻshanda "Akfa" kompaniyasining prodyusserlik markazi boʻlgan. Birinchi urinishda Ziyoda kastingdan oʻtolmagan, oʻshanda Samandar Hamraqulov va kompaniya rahbarlari hayʼat aʼzosi bo‘lgan. Ziyoda ikkinchi urinishda Oybek va Nigora dueti bilan bir vaqtda kastingdan oʻtgan.
"Ammo eng katta muammo ana shundan keyin boshlangan. Dadamga kastingdan o‘tganimni aytganimda rosa to‘polon bo‘lgan. “Tez borgin-da, dadam ruxsat bermadilar deb shartnomani bekor qilgin”, degan. Yalinib-yolvorib, ko‘zyosh to‘kib prodyusserlik markazi bilan ishlashga dadamni ko‘ndirganman, — deb eslaydi Ziyoda.
Ziyoda ijodini "Sevmaganman" nomli tarona bilan boshlagan. U ukrainalik Ruslananing “Wild dances” (u shu bilan "Eurovision" tanlovida ham ishtirok etgan) qo‘shig‘ini “Sevmaganman” deb o‘zbekchalashtirgan.
"Klip suratga olinganidan keyin diskka yozdirib, bozorga olib borgandim. Turmush o‘rtog‘imga “Qarang, klipim chiqdi”, deb maqtanib ko‘rsatganimda yana “Bekor qilibsiz-da”, degan. Ko‘pchilik to‘ydan avval gaplashib, feʼl-atvorni o‘rganish kerak deydi. Ammo bizda bunday bo‘lmagan. Shunchaki ish yuzasidan gaplashardik va u inson bilan qalban yaqin ekanligimni his qilardim.
Qo‘shiq va kliplarim avvaliga dadamga yoqmagan. Chunki u paytlari raqsga tushib, qo‘shiq kuylash urfda edi. Adashmasam, faqatgina Fahriddin Umarovning “Muhabbat” qo‘shig‘ini aytganimda “Bo‘larkan-ku, mana shunday qo‘shiq aytish kerak”, degan eʼtirofni eshtiganman", — deya yodga Ziyoda.
Maqolaning boshiga qaytaylik, uning kinoda rol ijro etgani haqida gapirgandik. U “Boyvachcha”, “Achchiq hayot”, “Nortoy”, “Bekorchilar makoni”, “Enagalar”, “Ijarachilar” va “Uchrashuv” filmlarida rol o‘ynagan. Ammo bu uning oʻziga yoqmaganini aytadi: "Rol ijro etish avvaldan yoqmagan, mahoratim ham umuman yo‘q deb hisoblayman. Bu mening emas, prodyusserlarning xohishi edi".
Hozirga kelib Ziyoda faqatgina oʻz ijodi bilan band. Yozilishicha, u bir kunda hatto 10 dan ortiq toʻyda ham xizmat qiladi.
E'tiborga molik qoʻshiqlari