Oltin Globus–2026: qizil yo‘lakchadagi eng yaxshi obrazlar

E’lon qilingan sana· 148
Oltin Globus–2026: qizil yo‘lakchadagi eng yaxshi obrazlar

2026-yilgi Oltin Globus taqdirlash marosimi yana bir bor qizil yo‘lakcha shunchaki fotozona emas — u Gollivud kayfiyati, san’at va modaning ko‘zgusi ekanligini isbotladi. Beverli-Hillz mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan 83-Oltin Globus marosimi rasmiy mukofotlardan ham avval yulduzlarning obrazlari bilan muhokama markaziga aylandi.

Oltin Globus qizil yo‘lakchasi har doim yangi tendensiyalar maydoni bo‘lib kelgan. Bu yil ham istisno boʻlmadi, yo‘lakchada klassik hashamat bilan zamonaviy minimalizm uyg‘unlashdi. Dizaynerlar keskin siluetlar, yorqin matolar va noan’anaviy ranglar orqali “qoidalarni buzish"dan cho‘chimadi. Natijada, har bir obraz individual jihatlari bilan namoyon bo‘ldi.

Agar so‘nggi yillarda minimalizm yetakchi bo‘lgan bo‘lsa, Oltin Globus-2026 glamurga qaytishni e’lon qildi. Uzun shleyfli ko‘ylaklar va metall detallarga boy liboslar kechaning asosiy belgilaridan bo‘ldi. Shu bilan birga, retro uslub zamonaviy detallar bilan uyg‘unlashib, qizil yo‘lakchaga yangi nafas olib kirdi.

Bu yilgi nominantlar orasida turli avlod vakillari borligi qizil yo‘lakchadagi uslub xilma-xilligini yanada kuchaytirdi. Di Kaprio, Ariana Grande, Julia Roberts kabi aktyorlar bilan bir qatorda “The White Lotus” va “Adolescence” seriallari aktyorlar jamoasi ham diqqat markazida bo‘ldi.

Oltin Globus har doim keyingi mukofot marosimlari uchun yo‘nalish belgilab beradi. 2026-yilgi qizil yo‘lakcha esa bu yil mukammallikdan ko‘ra individuallik, trenddan ko‘ra xarakter muhimroqligi koʻrsatib beradi. Oskar, BAFTA va boshqa marosimlarda ham aynan shu ruh ustun bo‘lishi kutilmoqda. Va mukofotlar hamda qizil yoʻlakchalar mavsumi endigina boshlanmoqda.

Ayollar obrazlari

Selena Gomez o‘zining klassik uslubiga sodiq qolgan holda, Chanelning nafis oqshom ko‘ylagi va ushbu brendga tegishli taqinchoqlarida marosimga tashrif buyurdi.

Elle Fanning 2025-yilda premyera qilingan “Predator: Badlands” filmidagi roli orqali tomoshabinlar uchun yangicha qiyofada namoyon bo‘ldi. Aktrisa marosimga Gucci libosida tashrif buyurdi.

Yilning eng sevimli premyeralaridan biri bo‘lgan “Frankenstein” filmidagi roli bilan tanilgan Mia Got marosimga Dior brendining nafis qora libosida tashrif buyurdi.

“Bugonia” filmi uchun nominatsiyalangan Emma Stoun marosimda Louis Vuitton tomonidan yaratilgan obrazda namoyon bo‘ldi.

Erkaklar obrazlari

“Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasi gʻolibi Timoti Shalame Chrome Hearts tomonidan yaratilgan obrazda.

“Adolescence” filmida rol ijro etgan aktyor Ouen Kuper Bottega Veneta libosida namoyon boʻldi.

Janubiy koreyalik aktyor Li Byung-hun, “No Other Choice” filmi aktyori va “Squaid Game” yulduzi boshdan-oyoq qora kostyum shimda marosimga tashrif buyurdi.

Maykl B. Jordan esa klassik jigarrang Prada brendiga mansub smoking va shu rangdagi Chelsea oyoq kiyimida ko‘rinish berdi.

“Frankenstein” filmidagi ijrosi uchun nominatsiya qilingan Jeykob Elordi marosimda Bottega Veneta kostyumida namoyon bo‘ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling