Oldin va hozir: “Tohir va Zuhra” filmi aktyorlari 27 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Taniqli telejurnalist va rejissyor Nigora Nazarovaning “Tohir va Zuhra yangi talqini” filmi 1999-yilda premera qilingan bo‘lib, uning ssenariysini Madina Mo‘minova yozgan. Filmda bosh rollarni Tohir Sodiqov, Obid Asomov va Parizoda Bo‘rixo‘jayeva ijro etgan.
“Tohir va Zuhra” bir nigoh bilan boshlangan sevgi va uni topish yo‘lida bosib o‘tilgan mashaqqatli safar haqida hikoya qiladi. Film myuzikl janrida suratga olingan bo‘lib, unda Tohir faqat bir marta ko‘rgan va qalbiga muhrlangan sevgilisi Zuhrani topish umidida otasi bilan yo‘lga chiqadi.
Afisha.uz oradan 27 yil o‘tib, ushbu filmga qayta nazar tashlaydi. Materialda loyiha qanday yaratilgani, unda ishtirok etgan xonanda va ijodkorlarning bugungi hayoti, shuningdek, “Tohir va Zuhra"ning o‘zbek kino va musiqiy madaniyatidagi o‘rni haqida qiziqarli ma’lumotlar taqdim etiladi.
Tohir Sodiqov
Film bosh qahramoni Tohir rolini o‘sha paytlardagi eng mashhur ijodkorlardan biri Tohir Sodiqov ijro etgan. U filmda konservatoriyaning 4-bosqichida o‘qiydigan talaba sifatida tasvirlanadi. Oliygohga endi hujjat topshirgan qizni ko‘rib sevib qolgan yigitcha otasi bilan birga qidiruvga otlanadi.
Sodiqov faqat xonanda sifatida emas, balki madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida ham tanila boshladi. U o‘z davrida ommalashgan musiqiy loyihalar va filmlar orqali tomoshabinlar xotirasida mustahkam o‘rin egalladi. Aynan shu jihat uni 2000-yillar o‘zbek pop-madaniyatining ramziy siymolaridan biriga aylantirdi.
“Bolalar” guruhi vakili qariyb 40 yildan beri bir necha avlodlarning sevimli xonandalaridan biri bo‘lib qolmoqda. U so‘nggi yillarda ham faol ijod bilan shug‘ullanmoqda. Sodiqovning konsertlariga o‘n minglab odamlar tushadi, uning qo‘shiqlari doimiy ravishda trendda.
Parizoda Bo‘rixo‘jayeva
Filmda Zuhra rolini ijro etgan aktrisa Parizoda Bo‘rixo‘jayeva kino sanoantida faol emas. U “Tohir va Zuhra"dan so‘ng boshqa filmlarda ko‘rinish bermadi, faqatgina bir nechta kliplarda suratga tushdi.
Aktrisa filmda rol ijro etgan vaqtda 14 yoshda bo‘lgan, loyihada esa 18 yoshli abituriyent obrazini gavdalantirgan. “O‘sha yillari filmda ishtirok etganim hayotimdagi eng kerakli va to‘g‘ri qaror bo‘lgan”, deya eslaydi u.
U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan, ikkinchi mutaxassislik sifatida psixologik kurslarda tahsil olgan. Biroq so‘nggi yillarda faol ravishda fotograflik bilan shug‘ullanmoqda. Parizoda oilali, 4 nafar farzandning onasi.
Obid Asomov
O‘zbek qiziqchilik san’atining eng mashhur vakillaridan biri, marhum Obid Asomov filmda Tohirning otasi rolini ijro etgan. San’atkor 2018-yilda 55 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi.
Ijodkor 1998-yilda “Obid-A teatri” hajviy guruhini tashkil etgan. 2006-yildan Rossiya televideniyesi “Rossiya-1” telekanalining “Egri oyna” hajviy ko‘rsatuvida qatnashib kelgan.
Asomov 2018-yil 24-may kuni O‘zbekfilm qoshidagi “Multiplikatsion filmlar studiyasi” DUK direktori etib tayinlangan. Vafotidan so‘ng, 2021-yilda Fidokorona xizmatlari uchun ordeni bilan taqdirlangan.
Fotima Rejametova
Filmda Tohirning onasi rolini o‘ynagan taniqli aktrisa Fotima Rejametova ayni vaqtda 55 yoshda. U teatr yoki filmlar va televideniyedagi suratga olish ishlarini chambarchas bog‘lab, bir-biriga uyg‘unlashtirgan.
Rejametova 1991-yildan shu kungacha O‘zbekiston Yoshlar teatrida ishlab kelmoqda. U 30 dan ortiq filmlarda rol o‘ynagan. 1995-yilda o‘tkazilgan teatr ichidagi tanlov natijalariga ko‘ra, Golda roli uchun u “Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasi mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Aktrisa 2001-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni, 2019-yilda “Do‘stlik” ordeni sohibi bo‘lgan.
Javohir Zokirov
Taniqli aktyor, Zokirovlar sulolasi vakili va “Bolalar” guruhining asoschilaridan yana biri Javohir Zokirov hozirda 53 yoshda. U “Tohir va Zuhra"da salbiy qahramon — Zuhraga uylanmoqchi bo‘lgan yigit rolini ijro etgan.
Aktyor 1996-yildan beri muntazam ravishda katta ekranlarda ko‘rinish berib kelmoqda. U faoliyati davomida 50 ga yaqin film va seriallarda turli darajadagi rollarni ijro etgan.
Turk ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Mendirman Jaloliddin”, “Hukmdor Usmon” va “Fara Tashkentskiy” seriallaridagi ishtiroki Zokirov faoliyatidagi so‘nggi mashhur loyihalardan bo‘lib qolmoqda.
Rajab Adashev
Asosiy qahramonlarga yaqindan yordam berishga kirishgan militsioner obrazini gavdalantirgan taniqli aktyor Rajab Adashev 2025-yil 15-iyul kuni 81 yoshni qarshi oldi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” va “O‘zbekiston xalq artisti” unvonlari sohibi hisoblanadi. O‘zining aktyorlik faoliyati davomida 60 dan ziyod filmlarda suratga tushgan.
Adashev iyul oyida YouTube’dagi “NmaGap” podkasti mehmoni bo‘ldi. Suhbat davomida aktyor “Kichkina tabib"dagi rolini ijro etish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rgani haqida gapirib berdi. Uning ta’kidlashicha, suratga olish ishlari boshlanishidan avval fransuz ijodkorlarining pantomima teatrini jonli kuzatgan.
Gavhar Zokirova
Filmda Zuhraning onasi rolini ijro etgan Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova hozirda 76 yoshda. U 1971-yildan hozirgacha O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi.
Teatr sahnasida ijro etgan birinchi roli “Parvoz” spektaklidagi Sanam obrazidir. Teatr sahnasida 100 dan ortiq spektalda rang barang obrazlar yaratgan.
Milliy ensiklopediyaga ko‘ra, Gavhar Zokirova dramatik teatr aktyorligi yo‘nalishi bo‘yicha Sora Eshonto‘rayeva va Yayra Abdullayevadan keyingi barcha davrlar o‘zbek teatrining eng yaxshi aktrisasi deb e’tirof etilgan.
Filmdagi musiqiy chiqishlar
“Bolalar” guruhi — “Faqat isming”
Tohir Sodiqov ijrosidagi “Faqat isming” qo‘shig‘i “Tohir va Zuhra"ning rasmiy saundtreki hisoblanadi. Unga klip o‘sha paytlardagi eng mashhur telekanallardan biri hisoblangan TVM xit-paradida yuqori o‘rinlarni egallagan.
Abdulaziz Karim va Sevara Nazarxon — “Yagonam o‘zing”
Filmda yuk mashinasi haydovchisi rolini ijro etgan Abdulaziz Karim Tohir va uning otasini Samarqandgacha eltib qo‘yadi. Yo‘lda o‘z hikoyasini aytib bergan haydovchi sevgilisi bilan ota-o‘g‘ilni tanishtiradi. Shundan so‘ng Sevara Nazarxon bilan birgalikdagi “Yagonam o‘zing” taronasi ijro etiladi.
“Jonim” guruhi — “O‘tib ketadi”
Shahzoda (Zilola Musayeva) va Aziza Nasriddinovadan iborat “Jonim” guruhi juda qisqa muddat faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, bir nechta xit qo‘shiqlarni yaratgan. Filmda ularning “O‘tib ketadi” taronasidan foydalanilgan.
“Anor” guruhi — “Ko‘zlaring”
Karen Gafurjanov boshchiligidagi “Anor” kvarteti ham 2000-yillar boshida faol ravishda ijod qilib, xit-paradlarning birinchi o‘rinlarini band qilib kelgan. Biroq ularning birgalikda faoliyati ham uzoqqa bormagan. “Tohir va Zuhra"da guruhning “Ko‘zlaring” qo‘shig‘i ijro etilgan.
Rayhon — “Azoblaysan”
Xonanda Rayhon filmda xorazmlik tikuvchi qiz rolini ijro etgan. U matoga rang berish jarayonida o‘zining o‘sha paytlardagi eng mashhur “Azoblaysan” qo‘shig‘ini ijro etgan.
Larisa Moskalyova — “Marvarid”
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Larisa Moskalyova filmda buxorolik Shirin rolini ijro etgan. U o‘z chiqishida an’anaviy o‘zbek qo‘shig‘i “Marvarid” taronasini kuylagan. Ushbu qo‘shiq aynan Moskalyova ijrosidan keyin yana bir bor katta mashhurlikka erishgan. Taronani taniqli ijodkor Artur Baydo bastalagan.
Ulug‘bek Otajonov — “Nozlaringdan”
Xorazm musiqachilik san’atida alohida o‘rin tutuvchi Otajonovlar sulolasi vakili Ulug‘bek Otajonov filmda “Nozlaringdan” qo‘shig‘ini ijro etgan. U loyihada Rayhon bilan juftlik bo‘lib ishlagan.
Javohir Zokirov — “Erkalab sev”
Bu paytga kelib, “Bolalar” guruhining sobiq vakiliga aylangan Javohir Zokirov filmda “Erkalab sev” deb nomlangan yakkaxon qo‘shig‘ini ijro qilgan. U myuziklda ushbu taronani aytish uchun afsonaviy “Beatles” guruhi vakili Jon Lennon obrazidan foydalangan, deb qaraladi. Bu qo‘shiq ham o‘sha vaqtlarda katta mashhurlikka erishgan.
Otabek Madrahimov — “Yor-yor”
Film ichidagi filmda mashhur xonanda Otabek Madrahimov sevgan qizining to‘yida “Yor-yor” ijro qilganini ko‘rish mumkin. Ushbu marosim hindcha uslubda o‘tkazilgan. Film tomoshasidan so‘ng Tohirning otasi yig‘lab yuboradi.
Yulduz Usmonova va Ruslan Sharipov — “Sevgilim”
“Tohir va Zuhra” filmi finalini ajoyib tarzda yakunlagan ushbu duet qo‘shig‘i haligacha millionlab tinglashlar soniga ega bo‘lib kelmoqda. Yulduz Usmonova konsertdan so‘ng Ruslan Sharipovga dakki bergani filmga o‘zgacha ruh bag‘ishlagan.
“Tohir va Zuhra” yangi talqini an’anaviy muhabbat afsonasini zamonaviy myuzikl shaklida qayta jonlantirgan asar sifatida e’tiborga loyiq. Filmda tarixiy shaharlar manzarasi, musiqiy sahnalar va yoshlar ruhiyati uyg‘unlashib, sevgi yo‘lida kechgan izlanishlar badiiy ifoda topadi. Ushbu talqin tomoshabinga nafaqat tanish rivoyatni, balki uni yangi kayfiyat va estetikada his qilish imkonini beradi.













