But why? Pingvin qayoqdan keldi va qayerga ketyapti?

E’lon qilingan sana· 6 963
But why? Pingvin qayoqdan keldi va qayerga ketyapti?

Antarktikadan gapiramiz, so‘nggi bir hafta ichida deyarli barcha ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan yolg‘iz pingvinning tog‘ tomon yurib ketayotgan videosi yilning eng yirik fenomenlaridan biriga aylandi.

Xoʻsh, bu qisqa video qayerdan kelgan? Video mashhur nemis rejissyori Verner Xersogning 2007-yilda Antarktida haqida suratga olingan hujjatli filmidan olingan. Deyarli yigirma yildan beri tarmoqlarda mavjud boʻlgan va aylanib yurgan boʻlsa-da, faqat yaqindagina toʻlaqonli mashhurlikka erishdi.

Asosan “Nihilist Pingvin” nomi bilan tanilgan ushbu pingvin, shuningdek, “yolg‘iz pingvin” yoki “darbadar pingvin” deb ham ataladi. Filmda pingvin kolonnadan ajralib chiqib, uzoqda ko‘rinib turgan Antarktida tog‘lari tomon yo‘l oladi. Xersogning o‘zi filmda bu yo‘lni “qaytib bo‘lmaydigan, muqarrar o‘limga olib boruvchi safar” sifatida tasvirlaydi.

Xo‘sh, qariyb 20 yillik hujjatli filmdagi tasodifiy epizod qanday qilib 2026-yilning eng tez tarqalgan videolaridan biriga aylandi? Bugun shu savolga javob va shu mavzudagi kinotavsiyalarimizni beramiz.


“Nihilist Pingvin” qayerdan kelib chiqqan?

Pingvin kolonnadan va okeandan uzoqlashib, Antarktida ichkarisidagi tog‘lar tomon ketayotgan ushbu tasvir Verner Xersog rejissyorlik qilgan 2007-yil 1-sentabrdagi “Encounters at the End of the World” hujjatli filmidan olingan.

Mazkur sahna filmning taxminan 1 soat 13-daqiqasida paydo bo‘ladi. Unda Xersog “pingvinlar telbaligi” deb atagan hodisa haqida mulohaza yuritadi.

Sahna davomida u yonidagi ekolog olimdan pingvinlar ruhiy beqarorlikka o‘xshash holatni boshdan kechirishi mumkinmi, deb so‘raydi. Shundan so‘ng kamera suvga sho‘ng‘ishdan bosh tortgan pingvinni ko‘rsatadi: u boshqa pingvinlar bilan okeanga kirish o‘rniga qirg‘oqdan yuz o‘girib, ichkariga — tog‘lar tomon yurib ketadi.

Xersog bu yo‘lni o‘limga eltuvchi safar sifatida tasvirlab, pingvin oldida taxminan 70 kilometr masofa borligini aytadi:

“Ammo u bormadi… u tog‘lar tomon ketmoqda. Lekin nega… (ha, oʻsha mashhur “but why?) U ulkan qit’aning ichkarisiga qarab yo‘l olmoqda — oldinda 70 kilometr bor va u muqarrar o‘lim tomon ketmoqda.”


Videoda ishlatiladigan organ musiqasi

Bu italiyalik DJ Gigi D’Agostinoning 1999-yilda chiqqan mashhur “L'Amour Toujours (I'll Fly With You)” trekidir.

Aslida klub musiqasi bo‘lgan ushbu qo‘shiq pingvin videosida sokinroq yangragan. Bu versiya esa nemis organchisi Andreas Gartner tomonidan 2023-yil yanvarida ijro etilgan organ koveridir.

Hamburgdagi katta cherkov organida ijro etilgan ushbu versiya Cornelia Schünemann YouTube kanali orqali joylangan va pingvin videosidan ancha oldin ham alohida keng tarqalgan.


Qayerdan, qachondan boshlangan va nimani anglatadi?

“Yolg‘iz Pingvin” memi ilk bor 2008−2010-yillar davomida internetda “Deranged Penguin” yoki “Nihilist Penguin” nomlari ostida mustaqil viral video sifatida tarqalgan. U ko‘pincha tabiatning sovuq va shavqatsiz tomonini aks ettiruvchi ekzistensial lahza sifatida Reddit kabi platformalarda muhokama qilingan. 2008-yilda YouTube foydalanuvchisi “krisandmaxi” ushbu videoni “Deranged Penguin” nomi bilan joylab, atamaning ommalashishiga sabab bo‘lgan. 2015-yilda esa video “Nihilist Penguin” nomi ostida yuklanib 2 million marta koʻrilgan va yana mashhurlikka erishgan.

2026-yil yanvar o‘rtalarida pingvinning ushbu videosi qayta “tirildi” va yangi hayot topdi: uning ohista yurishi “L'Amour Toujours” qo‘shig‘ining organ talqini bilan uyg‘unlashib, ekzistensial charchoq, ichki bo‘shliq va hamma narsani tashlab ketish istagini ifodalovchi ramzga aylandi. Trend qisqa fursatda TikTok’dan Instagram, Reddit va Facebook’ga tarqalib, millionlab layklar to‘pladi. Bugungi kunda “Nihilist Penguin” memi ijtimoiy tarmoqlarda ekzistensial kayfiyatni ifodalovchi GIF va rasm formatida faol qo‘llanilmoqda.


Balki bu shunchaki pingvindir. Lekin internet uni tirik qolish bilan cheklanib qolishdan koʻra, balki yashashni tanlagan qahramon sifatida ko‘rmoqda. Ish, majburiyatlar, doimiy charchoq va “yana bir oz chidash kerak” degan fikrlardan charchagan avlod uchun bu jim yurish tanish holatga aylandi. Pingvin hech kimga tushuntirmaydi, bahona qidirmaydi va yo‘lini o‘zgartirmaydi, u shunchaki ketmoqda. Aynan shu sabab u asosan Z avlod uchun yashashdan asl maqsad nima, hayot faqat omon qolishdan iboratmi, degan savolning vizual ramziga aylandi.

Quyida aynan shu mavzuda aloqador boʻlishi mumkin boʻlgan filmlar roʻyxatini taqdim etamiz.

Perfect Days

Filmni tomosha qilish.


Into the Wild

Filmni tomosha qilish.


The Secret Life of Walter Mitty

Filmni tomosha qilish.


Lost in Translation

Filmni tomosha qilish.


The Tree of Life

Filmni tomosha qilish.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling