Hafta yulduzi: Devid va Viktoriya Bekhemlar

1990-yillarning dunyo yulduzlarini eslaysizmi? U paytlarda faqatgina televideniye, kino yoki sport va shunga yaqin sohalar bilangina selebriti boʻlish mumkin edi. Internet rivojlanmagan boʻlsa-da, mashhur shaxslarni koʻpchilik muhokama qilar, OAV ular haqida yozardi. Ikki yirik yulduz turmush qurishi ham uchrab turgan. Masalan, sobiq futbolchi Devid Bekhem va oʻsha davrning mashhur “girl band"i boʻlgan “Spicy Girls” a’zosi Viktoriya Adams.

Ularning turmush qurishi katta rezonans bergan, shou biznes olamida katta yangiliklardan biri boʻlgan. Ular oila boʻlib yashashni boshlagandan keyin ham ular media e’tiboridan tushmadi, hozirgacha (va ayniqsa, oxirgi paytlarda) ular omma e’tiborida. Katta shaharlarda ham kichik koʻngilsizliklar uchrashib turadi. Oxirgi paytlarda Bekhemlar oilasi Gʻarb OAVda keng muhokamada. Bunga sabab uning toʻngʻich farzandining xotini ekani aytilmoqda. Gʻarbda ham oʻzbekcha klassik “qaynona-kelin mojarosi” uchrab turadi. Dastlab ozroq ushbu mojaro haqda va batafsil Bekhemlar oilasi qanday paydo boʻlgani haqida hikoya qilamiz.
Oʻzi nima boʻlyapti — qisqacha (qilishga harakat qilgandik, bizningcha, bu oʻxshamadi — lekin qiziq)
Devid va Viktoriyalarning uch oʻgʻli bor: Bruklin, Romeo va Kruz. Mojaro katta oʻgʻil — Bruklin bilan sodir boʻlyapti. U 2020-yilda amerikalik aktrisa Nikola Peltsga uylangan. Bekhemlarning qudasi amerikalik milliarderlardan. Ammo Pelts Viktoriya va/yoki Devidga yoqmagan, chogʻi, ularning turmushidan keyin ularning farzandi bilan munosabatlariga sovuqlik tushgan.

Kunlarning birida Bruklin ota-onasini Instagram’dan bloklagan (ayrim manbalarda bunga sabab Viktoriya, ya’ni onasi uning postiga layk bosganini koʻrgandan soʻng folloverlari oilasi bilan yarashishni taklif qilavergani aytilmoqda). Bu yana rezonansga sabab boʻldi. Oʻgʻil battar asabiylashganmi, u ota-onasiga yana bir shart qoʻydi — faqatgina advokat orqali muloqot qilish. U doim omma e’tiboridan boʻlishdan charchaganini aytadi.

Bruklin va nihoyat yorildi — u ota-onasi haqida naq oltita matnli storis qoʻydi: u bolaligini eslab, ota-onasi tug‘ilganidan boshlab matbuotdagi oila haqidagi barcha materiallarni nazorat ostiga olganini ta’kidladi. U “pafosli postlar va soxta munosabatlarga ega oilaviy bazmlarni hayotining doimiy hamrohi” deb atadi. U, shuningdek, munosabatlardagi sovuqlikka uning xotini sabab (negativ ma’noda emas) boʻlganini ochiqladi. Uning aytishicha, ular toʻyga tayyorlanib yurgan vaqtdagi Devid va Viktoriya ularning munosabatlarini buzishga uringan, ular turmushiga qarshi boʻlgan.
“Nikola buni juda xohlagan bo‘lsa-da, onam so‘nggi daqiqada Nikola uchun ko‘ylak tikishdan bosh tortdi. Zudlik bilan boshqa ko‘ylak izlashga to‘g‘ri keldi. Toʻy arafasida menga Nikola bizning qonimizga ham, oilamizga ham mos emasligini aytishdi. Ota-onamning buyrug‘i bilan shaxsan menga ham, jamoat joylarida ham tinimsiz hujumlar uyushtirildi. Hatto akalarim ham qarindoshlarimning ko‘rsatmasi bilan menga hujum qilishgan,” deb yozgan Bruklin.
Toʻy kuni ham Viktoriya “ish koʻrsatgan”: Bruklin Nikola bilan toʻy oqshomi raqsiga alohida tayyorlangan, lekin Viktoriya negadir uni buzishga qaror qilgan va sahnaga uning oʻzi chiqib kelgan. Bundan koʻngili xira boʻlgan ikki yosh 2025-yilda qaytadan toʻy qildi va unga Bekhemlar oilasi taklif qilinmadi.

Sobiq futbol yulduzi 2025-yilda 50 yoshni qarshiladi. Oʻtgan yili Bruklin va Nikola Bekhamni yubileyi bilan tabriklashga rosa harakat qilgani va Londonda u bilan uchrashishni 1 haftalab kutganini aytadi. Lekin oilasi xohlamaydi. “Ular xohlayotgan narsa — yuzlab mehmon va fotograflar keladigan tadbir uyushtirish edi”, deb yozadi u. Xullas, ota-bola ikki xil narsa xohlayotgandi. Bekhem oʻgʻli bilan uchrashuvga rozi boʻladi, lekin bitta shart qoʻyadi — Nikolasiz.
U bu nima bilan yakunlangani haqida aniq gapirmagan. Ammo u ota-onasi bilan butkul aloqalarini uzishga tayyor ekanini bildirib, shunday xulosa qilgan: “Biz fotosuratlar, OAVdagi maqolalar va manipulyatsiyalardan iborat hayotni xohlamaymiz. Bizga xotirjamlik, shaxsiy hayot va baxt kerak”.

Ular oʻrtasida qanday muammo oʻtgani, kelinning aynan nimasi Bekhemlarga yoqmasligini insayderlar ham bilmaydi. Qiz oydekkina, quda tarafning obroʻsi ham yomon emas — otasi milliarder, qiz uning merosxoʻri sanaladi. Faoliyatini unchalik muvaffaqiyatli deb boʻlmaydi-yu, lekin Pelts 10 yoshidan boshlab kinolarda rol oʻynashni boshlagan, ammo haligacha superyulduz emas. Uning filmografiyasi roʻyxatidan koʻra sobiq yigitlari roʻyxati mushhurroq: qoʻshiqchi Jastin Biber, aktyor Kameron Fuller va top modellar Jiji va Bellaning ukasi — Anvar Hadid.
Munosabatlarga qarshilik Devid Bekhemga begona emas
Devid Bekhem uchun bu vaziyat begona emas, u futbolchilik paytida xuddi shunday yaqinlari tomonidan tanlovi uchun qarshilikka uchragan. Ammo yagona farqi shundaki, Devidning ota-onasi emas, “ikkinchi otasi” — “Manchester Yunayted” klubi afsonasi — murabbiy Ser Aleks Fergyuson qarshi chiqqan. U Bekhemni kashf qilgan ustoz hisoblanadi.

Devid Viktoriya bilan munosabat boshlayotganida Fergyuson bunga qat’iy qarshi boʻlgan. Chunki oʻsha paytlarda shou biznesning eng yorqin vakilalaridan boʻlgan Viktoriya (bilan munosabat) Devidning oʻsishiga halal beradi deb oʻylagan. Ser bu borada qaysidir ma’noda haq ham boʻlib chiqqan: ular munosabat boshlaganidan keyin futbolchi modaga berilib ketgan, u tashrif buyuradigan tadbirlar birdan koʻpaygan — MYu murabbiyi esa aynan mana shuni xohlamagandi.

Devid hatto bir marta “Lids"ga qarshi uchrashuv oldidan Viktoriya va kasal oʻgʻlining yonidan boʻlishi kerakligini aytibn murabbiydan ruxsat soʻraydi. Fergyuson javob beradi, lekin keyinchalik u xuddi shu kuni Londondagi Moda haftaligida koʻrinish berganini bilib qoladi. Ser futbolchini noprofessionallikda ayblaydi va klubdan ketishni taklif qiladi.

Fergyuson va Bekhemning bu boradaigan munosabatlari qay darajagacha borganini futbol muxlislari yaxshi bilsa kerak. 2003-yili MYu Angliya kubogi doirasida “Arsenal"ga oʻyinni boy beradi. 1-taym yakunlangandan soʻng kiyinish xonasida futbolchilar Fergyusonni gʻazabda koʻradi, u shogirdlarining harakatlaridan qoniqmaydi, har bir sportchini urishib beradi. Devid esa gap qaytaradi. Bekhemning qiliqlaridan toʻygan murabbiy unga Sulsherning (Bekhemning jamoadoshi va keyinchalik jamoa murabbiyi sifatida ishlagan) butsalarini olib, Bekhemga qarab uloqtiradi. Bu voqea Devidning “Real Madrid"ga transferini tezlashtirib yuboradi.
“Devid Chempionlar ligasidan koʻra moda namoyishlarini afzal ko‘rdi. U buyuk o‘yinchi bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Buning o‘rniga u o‘zini yangi selebriti futbolchi rolida sinab ko‘rdi. Unga faqatgina shon-shuhrat qozonishning oʻzi yetarli boʻldi”, — deydi sobiq murabbiy Ser Aleks Fergyuson.
Shundan xulosa qilish mumkinki, Bruklin ham xuddi otasining izidan bormoqda (futbol borasida emas). Ammo vaziyatli sal farq qiladi: biri xotini sabab shon-suhratga berilgan boʻlsa, biri xotini sabab oʻsha shon-shuhatdan voz kechyapti (muhim faktor: bu yerda ikki ayolga nisbatan ham negativ fikr shakllanmasligi kerak).
Devid Viktoriyani televizorda koʻrib yaxshi koʻrib qolgan
1996-yilning kuzida Angliya terma jamoasi Gruziyada 1998-yilgi Jahon chempionatiga saralash o‘yinini o‘tkazdi, xuddi oʻsha paytlarda “Spice Girls” pop guruhi “Say You’ll Be There” klipini premyera qiladi. O‘yin arafasida Bekhem bir xonada yashagan terma jamoadoshi Garri Nevillga qizlardan biri — “qora kombinezon kiygan"ini yoqtirishini aytadi.
Oʻsha yili Rojdestvo arafasida guruh “90 minutes” jurnalining muqovasida paydo bo‘ladi: qizlar turli futbol klublarinig futbolkalarini kiyishgan. Viktoriya futbolga qiziqmagan, lekin tasodifan Bekhem ismi tushirilgan “Manchester Yunayted” futbolkasini kiyib oladi. O‘sha lahzada Devid uni ham yoqtirib qolgan deb o‘ylaydi.

Ikki yoshni “Spicy Girls” prodyusseri tanishtirib qoʻyadi (buning ortidan uning oʻz maqsadlari yotardi: u koʻproq mashhurlikka erishishi uchun Viktoriyaga mashhur, ehtimol sportchi ma’shuqa kerak deb oʻylaydi). Ularning birinchi uchrashuvi koʻp davom etmagan. Viktoriya hatto Devid qaysi klubda oʻynashini ham bilmasdi, lekin “yaxshi oʻynading” deb qoʻyaqolgan.

Oradan vaqt oʻtib ular yana uchrashadi. Futbolchi Viktoriyani tushlikka taklif qiladi, ammo qoʻshiqchi AQShga gastrolga ketishi kerakligini aytib, rad etadi. Ammo Viktoriya Adams futbolchidan telefon raqamini berishini soʻrab, qaytib kelganda albatta qoʻngʻiroq qilishini aytadi. Bekhem javob tariqasida “yoʻq, sen beraqol, men qoʻngʻiroq qilaman”, deydi. Yonida qogʻoz boʻlmagani uchun Viktoriya telefon raqamini poyezd biletiga yozib beradi. 2020-yil mart oyida “Jimmy Fellon show"da Bekhem bu chiptani hali ham saqlab kelayotganini aytgan.
Shunday qilib, ular bir-birining vaqtini topib, va nihoyat tushlik qilishga boradi. Ular oʻsha paytda yetarlicha mashhurlikka erishishgandi, shu sababli omma e’tiboridan chetroqda boʻlish uchun shahar chetidagi Xitoy restoranini tanlaydi. Ammo restorandan ularni haydab chiqarishadi. Shundan soʻng ular birinchi uchrashuvini “Spice Girls"ning boshqa bir a’zosining uyida oʻtkazishadi.

Juftlik tez-tez uchrashishni boshlaydi. Tabiiyki, paparazzilar ham koʻpayadi. Keyinchalik munosabatlarni yashirish qiyinlashadi. Tabloid jurnallar tinimsiz ularning munosabatlari haqida yozardi. Bu esa (xuddi Fergyuson kabi) guruh prodyusserini ham jahlini chiqaradi. U Bekhemni “Spicy Girls"ni ajratib yuborishda ayblaydi. Chunki Viktoriyaning homiladorligi butun loyihani tugashiga sababchi boʻlishi mumkin edi.

Shunday boʻldi ham. 1999-yilning martida bugungi maqola qahramoni Bruklin tugʻilgan. Bundan ikki oy oʻtib esa Devid va Viktoriya rasman turmush qurdi.

Ularning munosabati boshlanganidan keyin Bekhemning mashhurligi yuqori tezlikda oʻsadi (lekin ungacha ham futbol olamida yetarlicha mashhur boʻlgan). U pop madaniyatda ham muhim figuraga aylanadi. U muntazam ravishda reklama roliklarida paydo bo‘lgan va uning har bir yangi soch turmagi va tatuirovkasi butun dunyo bo‘ylab muhokama qilingan.

Ko‘pchilikning fikricha, Viktoriya bilan munosabatlar va jamoatchilik e’tibori uni futboldan chalg‘itgan va o‘yinga ta’sir qilgan, ammo Bekhem o‘zining eng yaxshi mavsumini aynan ular uchrashgandan so‘ng o‘tkazdi: 1999-yilda Chempionlar ligasi, APL va Angliya kubogini qo‘lga kiritdi, ammo “Oltin to‘p"ga biroz omad yetishmadi.
Toʻydan keyin Viktoriya bekor oʻtirishni xohlamagan, ammo qoʻshiqchilikka qaytishni ham rejalashtirmayotgandi. U toʻyi paytidayoq ishbilarmonligini koʻrsatib qoʻygan: oʻsha pop yulduz oʻzining yopiq toʻy marosimini eksklyuziv yoritish huquqini mashhur nashrga 15 million dollarga sotadi. Keyin u o‘zining kiyim-kechak, aksessuarlar va parfyumeriya moda liniyasini ishga tushirdi.

Bekhemlarning yorqin juftligi omma oldida paydo bo‘lishi bilan yulduzli oilaning dushmanlari soni ortib bordi. 2000-yil yanvar oyida britaniyalik detektivlar Devidni noma’lum shaxslar Viktoriya va Bruklinni o‘g‘irlamoqchi ekani haqida ogohlantiradi. Shundan keyin Bekhemlarning hayoti dahshatli tushga aylanadi. Oila doimiy ravishda yashash joyini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Oradan ikki oy o‘tib, xavf-xatar ortda qolganday bo‘ladi.
Ikkinchi toʻy
2003-yilda Bekhem Madrining “Real"iga koʻchib oʻtadi. U oilasini Britaniyada qoldirib, bir oʻzi assistenti bilan Ispaniyaga ketadi. Assistenti esa yosh qiz — Rebekka edi. Keyinchalik u shunchaki assistent boʻlmagani ma’lum boʻladi. Ispaniyadan Devid va Rebekka oʻpishib turgani aks etgan paparazzi suratlar tarqaladi.
Shundan soʻng koʻpchilik Viktoriya Devid bilan ajrashadi deb oʻylagan. Ammo u boshqacharoq yoʻl tutadi: ikki farzandini olib, Madridga — futbolchiga yaqinroqqa koʻchib boradi. Ikki yil oʻtib esa oilada uchinchi farzand tugʻiladi. Ular bu voqealarni hech qayerda izohlamagan. Devid iloji boricha nikohni saqlab qolishga va xotinidan kechirim so‘rashga harakat qilgan.

“Viktoriya bilan turmushimizda birinchi marta bunday bosimga duch kelyapmiz. Har safar uyg‘onganimizda, nafaqat bir-birimizni yo‘qotayotganimizni, balki cho‘kib ketayotganimizni his qilardik. To‘g‘risini aytsam, buni qanday boshdan kechirganimizni bilmayman. Viktoriya — bu men uchun hamma narsa, unga qanday azob berishayotganini ko‘rish juda og‘ir edi. Lekin biz jangchilarmiz. Va biz bir-birimiz uchun, oilamiz uchun, o‘zimizda bor narsalar uchun kurashishimiz kerak edi”, — degan futbolchi oʻzi haqidagi hujjatli filmda.
Kruz (uchinchi farzand) tugʻilganidan keyin hammasi iziga tushdi. Ular yarashib oldi va Devid yana bir bor Viktoriyaning qoʻlini soʻradi (u rozi boʻldi!).

2011-yilda er-xotinning to‘rtinchi farzandi — uzoq kutilgan qizi dunyoga keldi. Unga Harper Seven deb ism qo‘yishdi. Shu vaqtdan boshlab oilaning biznes imperiyasi ham kengaya boshladi.
Ular bungacha ancha muvaffaqiyatli biznes yuritishgandi. Viktoriya dastlab “Victoria Beckham for Rock&Republic” jinsi shimlar liniyasini chiqardi. Keyinchalik sobiq futbolchi va qoʻshiqchilari dVb (David & Victoria Beckham) markasiga asos soldi. Ular kiyim, aksessuarlar va atirlar ishlab chiqara boshladi. 2009-yilda Viktoriya o‘zining birinchi “Victoria Beckham Collection” to‘plamini taqdim etdi. U 10 ta kokteyl ko‘ylaklarni o‘z ichiga olgan va katta muvaffaqiyatga erishgan. Brend mashhurlikka erisha boshladi va Viktoriya Bekhemning nomi moda doiralarida ham muhim oʻringa ega bo‘ldi.

Ular shuncha bosim, qarshiliklar va muammolarga qaramasdan hozirgacha baxtli hayot kechirishmoqda. Buning sababi nimada? Viktoriya intervyularning birida shunday javob bergandi:
“Oilaviy hayotda muhimi — chidashni bilish. Tilingizni tiying. Qoʻllab-quvvatlang. Har doim bir-biringiz uchun vaqt toping. Oʻzingiz sevib qolgan odamni unutmang”.