“Yangi O‘zbekiston yulduzlari” mukofotini kimlar qo‘lga kiritdi? Fotoreportaj

28-yanvar kuni poytaxtdagi “Renessans Hall” binosida “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muxbirlari Madaniyat vazirligi tomonidan to‘rtinchi bor o‘tkazilgan tadbirdan reportaj tayyorladi.

Madaniyat vazirligi axborot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarovning ta’kidlashicha, nominatsiyalar keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilib, eng ko‘p ovoz to‘plagan 20 ta nominatsiya mukofotga tavsiya qilingan. Bu yil birinchi marotaba xorijiy davlatlarda o‘zbek madaniyati va san’atini faol targ‘ib qilayotgan hamdo‘stlik mamlakatlari vakillari uchun “Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi” nominatsiyasi joriy etildi. Ilk nomzodlar sifatida yaponiyalik Mashu Komazaki, qozog‘istonlik Arman Nurmaxamatuli va ozarbayjonlik Sahib Pashshazadelar kiritildi.

Tantanali marosimda nafaqat o‘zbek estradasi yulduzlari, balki xorijlik san’atkorlar, jumladan, 2025-yilda dunyo miqyosida xitga aylangan “Homay” qo‘shig‘i ijrochilari — Boshqirdistonning “Ay Yola” guruhi, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti Nigina Amonqulova, Ozarbayjon xalq artisti Mensum Ibrahimov hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanaq Memedovalar chiqish qildi. Ularning har biriga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni berildi.

Tadbirni boshlovchilar Samandar Hamroqulov hamda Nilufar Sotiboldiyeva olib bordi.
2022-yildan buyon 20 ta nominatsiya bo‘yicha 60 nafar ijodkor ushbu mukofotga munosib ko‘rilgan. Joriy yilgi marosimida Milliytanlov.uz platformasi orqali ochiq ovoz berish jarayoni bo‘yicha 20 nafar g‘oliblar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlandi.

“Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti gʻoliblari roʻyxati:
- “Yilning eng yaxshi erkak maqom xonandasi” — Ozodjon Tillanazarov;
- “Yilning eng yaxshi ayol maqom xonandasi” — Nargizaxon Raxmonova;
- “Yilning eng yaxshi opera ijrochisi” — Damir Raxmonov;
- “Yilning eng yaxshi estrada erkak xonandasi” — G‘aybulla Tursunov;
- “Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi” — Dilnoz Hakimova;
- “Yilning eng yaxshi spektakli” — “Ikki qalb nolasi”;
- “Yilning eng yaxshi teatr aktyori” — Ulug‘bek Axmedov;
- “Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi” — Rayxona Ubaydullayeva;
- “Yilning eng yaxshi teatr rejissori” — Qudrat Otajonov;
- “Yilning eng yaxshi dramaturgi” — Qoʻchqor Norqobil;
- “Yilning eng yaxshi filmi” — “Amaliyotchi qiz”;
- “Yilning eng yaxshi sirk artisti — Abdujalil Jalilov;
- “Yilning eng yaxshi askiyachisi” — Mansur Oxunov;
- “Yilning eng yaxshi qiziqchisi” — Elmurod Haqnazarov;
- “Yilning eng yaxshi baxshisi” — Muhammadali Soatov;
- “Yilning eng yaxshi raqqosasi” — Komila Ibroximova;
- “Yilning eng yaxshi rangtasvir rassomi” — Alisher Hamdamov;
- “Yilning eng yaxshi madaniyat markazi” — Jizzax viloyati, Forish tumani madaniyat markazi;
- “Yilning eng yaxshi folklor jamoasi” — “Durdona” folklor-etnografik xalq jamoasi;
- “Yilning eng yaxshi xorijdagi oʻzbek madaniyati targʻibotchisi” — Arman Nurmaxamatuli
- (Qozog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, TURKSOY tashkiloti bo‘lim boshlig‘i).

Ma’lumot uchun, mukofot egalari maxsus statuetka, sertifikat hamda bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan moddiy rag‘batlantirildi.
Taqdirlash marosimidan fotosuratlarni quyida tomosha qilishingiz mumkin.