Khorezmiy yangi trek premyera qildi

E’lon qilingan sana· 47
Khorezmiy yangi trek premyera qildi

Xorazmlik yosh ijodkor Khorezmiy yangi qoʻshiq va unga ishlangan klipini premyera qildi.

Trek indi uslubida kuylangan boʻlib, bu ijodkor uchun yangi tajriba boʻlgan. Uning ta’kidlashicha, indi musiqa va xorazmcha sheva bir-biriga hech qachon yaqin boʻlmagan. Bu musiqa yaralashiga uning sobiq sevgilisi sabab boʻlgan.

“Yil boshida 1 yillik munosabatlarim yakunlandi va yil oxiriga kelibgina hamma hissiyotlarimni bir joyga yig‘a oldim. Bu trek tasodifan yozilgan. Safarga chiqishimdan 2 soat oldin tasodifan ko‘chada sobiq sevgan qizimni ko‘rib qoldim va xuddi vaqt to‘xtab qolgandek edi — buni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Keyin Xorazmga poyezdda ketyotganimda shu trek musiqasi oldimdan chiqib qoldi. Men freestyle qilishni boshladim va naqoratiga kelganda shu so‘zlar hayolimga keldi: „Gechir, bilmam nachun lek mani gechir“. Bu paradoks ekanligi menga judayam yoqdi, chunki u aybdor-ku aslida, lekin nega men o‘zimni aybdor his qilyapman, degan xayollar keldi. Men shartta o‘zimni to‘xtatib, matnni yozishni boshladim”, — deydi u.

Musiqa ustida Alinur va Yehor Barxatov ishlagan. U trek matni va birlamchi demoni eshitganda “biroz yigʻlab olgani"ni aytgan. “Shunda bildimki, men yig‘ilgan hissiyotlarimni to‘g‘ri yetkaza oldim”, — deydi Khorezmiy.

Klip esa Rick Mamatkulov tomonidan suratga olingan. U klip yaralashi haqida soʻzlab berdi.

“Reja oddiy edi: birinchi kun ko‘chaga chiqib, tabiat qo‘ynida suratga olish, ikkinchi kun ichkarida suratga olish ishlari, montaj va tayyor holga keltirish. Odatiy hol.

Ammo o‘sha paytdagi hayotim fonida munosabatlarimda shaxsiy inqiroz bilan aralash-quralashlik bor edi. Bundan tashqari, referentlar orasida bosh rolni Jim Kerri o‘ynagan “Eternal Sunshine of the Spotless Mind” filmidagi kadr ham bor edi. Bu vizual yo‘nalishga katta ta’sir ko‘rsatdi. Filmning o‘zini ancha oldin, hali yoshligimda, o‘qib yurgan paytlarimda ko‘rganman, elas-elas eslayman. Lekin o‘shanda miyamga kelgan bir fikr yaxshi esimda: agar chindan ham ba’zi odamlarni xotiradan o‘chirish mumkin bo‘lsa, yomon bo‘lmasdi", — deydi u.

Ular ushbu kinodan quyidagi kadrlarni referns sifatida tanlab olishgan.

Bu sahna muz ustida emas, shunchaki yashil fonda olingan boʻlib, keyin montaj yordamida boyitildi.

Shuningdek, filmdan yana bir lavha qirgʻoq boʻyida olingan, ular bundan ham ilhomlanishgan va “Tashmore"da quyidagi kartinani yaratgan.

Klipni YouTube’da tomosha qilish, qoʻshiqning oʻzini esa musiqiy platformalarda tinglash mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling