Hafta yulduzi: Hilol Nasimov

E’lon qilingan sana· 2 804
Hafta yulduzi: Hilol Nasimov

Har bir kino ixlosmandi boʻlgan insonning bolaligi ham filmlar bilan oʻtadi. Ammo avval kinokartinalarni koʻrish uchun tanlov imkoniyati keng boʻlmagan va televizorda qaysi kino namoyish etilsa, ana oʻsha koʻrilgan. Bolaligi yoki oʻsmirligi oʻtgan davr 2010-yillarga toʻgʻri keladigan avlod oʻzbek filmlari orasida “Aldangan ayol” va “Tubanlik” kabi “qoʻrqinchli” kinolarni koʻrgan. Bularni rejissyor Hilol Nasimov suratga olgan boʻlib, u 4-fevral kuni 63 yoshga toʻldi.

Ushbu rejissyor haqida kinochilarning oʻzida ham, tomoshabinlarda ham turli fikrlar yuradi. Bundan tashqari, Hilol Nasimovning oʻzi ham mediaga ochiq boʻlib, ba’zi masalalarga oydinlik kiritadi. Ushbu maqolada rejissyorning faoliyati va hayot yoʻli haqida soʻz boradi.

Aktyorlik faoliyati

Koʻpchilik Hilol Nasimov oʻzi suratga olgan ba’zi filmlarda suratga tushganini biladi. Ammo uning aktyorlik faoliyati ancha oldin 1990-yillarning oxirida boshlangan. Tohir Malik asari asosida suratga olingan “Shaytanat” seriali oʻzida oʻsha davrdagi oʻzbek kinosning deyarli barcha mashhur aktyor va aktrisalarini toʻplagan. Unda Hilol Nasimov ham epizodik rolda koʻrinish bergan.

Keyinchalik 2000-yillarning avvalida Nasimov “Voiz” va “Alpomish” kabi tarixiy filmlarda ham kichik rollarni ijro etgan. “Voiz” filmida buyuk rejissyor Yusuf Roziqov bilan birga ishlagan Nasimov 2002-yilda uning yana bir loyihasida — “Oʻrtoq Boykenjayev” kinosida bosh qahramonning qarindoshi rolini oʻynagan.

Shuningdek, “Sardor” kinokartinasida kapitanlardan birining rolini oʻynagan. Bu film Hilol Nasimovning faoliyatiga ta’sir qilgan. Chunki oradan 12 yil oʻtib, 2012-yilda endi rejissyor sifatida “Sardor 3” kinosini suratga olgan.

Shundan soʻng Hilol Nasimovga bosh rollarni ham oʻynashni boshlaydi. Biroq nyuans shundan iboratki, ushbu filmlarning asosiy qismi oʻzi rejissyorlik qilgan kinokartinalardir. Jumladan, “Odnoklassniki.ru”, “Gumrohlar”, “Aldangan ayol” va boshqalar.

2020-yilda esa Nasimov serialda ham asosiy rollardan birini ijro etgan. Yoʻq, bu serialni uning oʻzi suratga olmagan va terrorchilar haqida emas. Turkiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda rejissyor Ozod Shams tomonidan ishlangan serial “Ishq oʻyinlari” hisoblanadi.

Rejissyorlik faoliyati

Hilol Nasimovning rejissyorlik faoliyatiga turli qarashlar mavjud. Kinokartinalarning koʻpi oʻxshash mavzular atrofida aylanadi. Ba’zi tomoshabinlar uning filmlarini zavq bilan tomosha qiladi. 2011-yilda ishlangan “Aldangan ayol”, 2012-yildagi “Tubanlik” va 2014-yilda suratga olingan “Gumrohlar” filmlari haligacha uning faoliyatidagi eng muhim kinokartinalar boʻlib qolmoqda.

“Aldangan ayol” filmida bosh rolni ijro etgan Rayhon Ulasenova avvaliga uni rolga olish taqiqlangani, biroq rejissyor tufayli rolni qoʻlga kiritgani haqida gapirgan.

“Har bir ijodkor meni koʻrsa, ana Hilolning aktrisasi kelyapti, deydi. „Aldangan ayol“ filmiga proba topshirdik, juda koʻp aktrisalar topshirgan edi. Hilol aka telefon qildi, oʻynayman, bu safar ruxsat berasiz, dedim. Ammo xursandchiligim uzoqqa choʻzilmadi. Oʻzi botina olmadi shekilli yordamchisi telefon qildi. „Ulasenova, siz haligi loyihaga oʻtdingiz, lekin oʻtmadingizda. Oʻynamas ekansiz, ruxsat tegmabdi“, deydi. Yigʻlab yubordim oʻsha vaqt. Keyin Hilol aka „Yoki Rayhon oʻynaydi, yoki men olmayman bu loyihani“, deb aytgan. Keyin birgalikda ishladik”, — deya eslaydi aktrisa.

Hilol Nasimov “Tubanlik” filmidagi asosiy rollardan biriga Erkin Komilovni ham taklif qilgan. Aktyor Mirza Azizovning oʻrnida boʻlishi mumkin edi, biroq ssenariyni oʻqigandan soʻng hayratga tushgan va bu rolni oʻynamaslikka qaror qilgan.

“Oʻqib dahshatga tushdim. 70 (yosh)ga yaqinlashgan odam 13 yashar qizga uylanadi. Bu mumkin emas dedim, boʻlgan voqea, deb aytdi. Mahbuba (Erkin Komilovning xotini — tahr.) oʻqib chiqdi. Dadasi, bilmadim, oʻzingiz bilasiz, deb aytdi. Probaga chaqirdi, bordim. Oldimda kichik qiz yuripti, yuragim shuv etdi. Hilol nima desang qilaman, lekin shu filmingda rol oʻynamay, deb aytdim. Mana shu filmni kim koʻrsa, aniq Hilol Nasimovning filmi deb aytadi. Chunki uning oʻz imzosi bor”, — degan “Eslab-eslab” koʻrsatuvida aktyor.

Rejissyor yangi davrda ham samarali faoliyat yuritmoqda. Hilol Nasimov 2021-yilda “Meros”, 2022-yilda esa “Vatan ostonasi”, 2024-yilda esa “Sevdo” filmlarini suratga oldi.

“Sevdo” filmini ham rejissyor faoliyatidagi muhim voqealardan biri deyish mumkin. Unda mashhur xonanda qizning qotillik qurboni bo‘lishi bilan bog‘liq jinoiy ish tafsilotlari haqida hikoya qilinadi. Bu haqiqiy hayotda boʻlib oʻtgan ba’zi voqealarni ham eslatib yuboradi.

Hilol Nasimovga nisbatan tanqidlar ham mavjud. Xususan, aktyor Habibullo Nizomov 2020-yildagi intervyusida rejissyorni tanqid qiladi. Oradan vaqt oʻtib, 2024-yilda Hilol Nasimov aktyor fikrlariga javob qaytaradi. U filmlaridagi voqealarni real voqealardan olishini ta’kidlaydi.

“Odamlar to‘g‘ri tushunishlarini istayman, men real voqealar asosida film suratga olaman. Film qahramonlarimning prototipi bilan hayotda uchrashganman, ularning hikoyasi asosida ssenariy yozganman”, — deydi Hilol Nasimov.

Hilol Nasimov shaxsiyati va faoliyati shuni ko‘rsatadiki, bugungi davr ijodkori faqat iste’dod bilangina emas, balki pozitsiya, intizom va mas’uliyat bilan ham o‘lchanadi.

U o‘z ishida zamon bilan hamnafas bo‘lishga, jamiyatdagi muammolarni oʻz qarashi orqali koʻrsatishga, ularni fikr va so‘z orqali muhokamaga olib chiqishga urinadi. Uning filmlari zamon nafasini, oʻzbekistonliklar ma’lum davrlarda qay holatda yashaganini tushunishga yordam beradi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Hafta yulduzi: Hilol Nasimov — Toshkent Afishasi