Oldin va hozir: “Tutash taqdirlar” seriali aktyorlari 17 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

E’lon qilingan sana· 10 795
Oldin va hozir: “Tutash taqdirlar” seriali aktyorlari 17 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Taniqli rejissyor Zamira Begimqulova tomonidan suratga olingan “Tutash taqdirlar” seriali 2009-yilda premyera qilingan bo‘lib, o‘z davrida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Asarda bir-biriga bog‘langan insonlar taqdiri, qarorlar oqibati va oila ichidagi ziddiyatlar real dramatizm bilan ochib beriladi.

Syujet markazida turli oilalar, turli xarakterlar va turli orzular turadi. Qahramonlarning yo‘llari bir joyda tutashadi: kimdir muhabbat uchun kurashadi, kimdir sha’ni va qadri uchun, kimdir esa oilasi va taqdiri yo‘lida og‘ir qarorlar qabul qiladi. Serial ssenariysini Nazar Eshonqul yozgan.

Afisha.uz 17 yildan so‘ng “Tutash taqdirlar” aktyorlarining bugungi hayotiga nazar tashlaydi — ular qanday o‘zgargani, ijodiy faoliyatidagi yangi bosqichlar va loyihadan keyingi yo‘li haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.

Ja’far Mo‘minov

  • false
  • false

Serialda bosh qahramon Azizbek rolini ijro etgan aktyor Ja’far Mo‘minov hozirda oilasi bilan AQSHning Minnesota shtatida yashaydi. U Grin-karta lotoreyasini yutib olgach, 2011-yilda okean ortiga ko‘chib ketgan.

Mo‘minov rejissyor Zamira Begimqulovaning “Gulxan atrofidagilar”, “Tutash taqdirlar” va “Opa-singillar” kabi mashhur seriallarida rol ijro etgan. U “Opa-singillar"ni suratga olish jarayoni yakuniga yetmasdan, ijodiy jamoani ogohlantirmasdan AQSHga ketgan.

Aktyor 9 yil davomida Nyu-York shtatida yashab, o‘zbekcha teatr va radiolarda faoliyat yuritgan. Shu vaqt mobaynida o‘z nomida kompaniya tashkil qilib, o‘zbekistonlik san’atkorlarning Amerikadagi konsertlarini o‘tkazgan. U hozir Minnesotada oilaviy restoran ochgan.

Nilufar Hamidova

  • false
  • false

Serialda Nargiza rolini ijro etgan aktrisa Nilufar Hamidova so‘nggi yillarda o‘zining shov-shuvli chiqishlari bilan muxlislar e’tiborida bo‘lib turibdi. “O‘zbekkonsert” ijodkorni uzun kesmali ko‘ylagi uchun ogohlantirgan.

Hamidova ayni vaqtda to‘ylarda boshlovchi sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, aksariyati o‘quvchilaridan iborat bo‘lgan musiqiy guruhga boshchilik qiladi, guruh sharqiy va yevropacha uslubda ijod qiladi, turli tillarda qo‘shiq ijro qiladi.

Aktrisa faoliyati davomida Bollivuddan bir necha marta takliflar bo‘lganini, biroq oilaviy sharoit tufayli ulardan voz kechganini aytgan. U audiokitoblarga ovoz berish bilan ham shug‘ullanadi. Hozirgacha 50 ga yaqin ertaklarni ovozlashtirgan.

Yulduz Hamidova

  • false
  • false

Mashhur aktrisa Yulduz Hamidova o‘zbek teletomoshabinlariga mehribon va oqko‘ngil ona obrazlari bilan yaxshi tanish. U filmda Nargizaning onasi Munisa rolini ijro etgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Hamidova 2025-yilning 10-noyabr kuni 61 yoshni qarshi oldi.

Yulduz Hamidova tomoshabinlar uchun juda “yopiq” ijodkor hisoblanadi. Sababi aktrisa OAVga deyarli intervyu bermaydi, ijtimoiy tarmoqlarda faol emas, ustiga-ustak u ham salkam 10 yildan beri Amerikada istiqomat qiladi.

Aktrisa ellik yoshdan oshganda Los-Anjeles shahar kollejiga o‘qishga kirgan. U yerda moliyaviy yordam berilishi va til to‘liq o‘rgatilishi ijodkorni hayratga qoldirgan. U 70 dan oshgan kursdoshlari borligini ham qayd etgan.

Nafisa Mamadiyorova

  • false
  • false

Serialdagi raqqosa qiz Ra’no roli bilan katta mashhurlikka erishgan aktrisa Nafisa Mamadiyorova loyihadan so‘ng deyarli boshqa rol ijro etmadi. U suratga olish ishlari tugagach, turmushga chiqqan va oilaviy sharoit sababli yangi takliflarni rad etgan.

Farg‘ona davlat san’at bilim yurtini tamomlab, O‘zbekiston Qurolli kuchlar ansamblida raqqosa bo‘lib ishlagan. Ayni shu ansamblda rejissyor Zamira Begimqulova kasting o‘tkazib, Nafisani rolga mos deb topgan. Biroq u dastlab taklifga rozi bo‘lmagan.

Ijodkor hozir ham raqs ansamblida faoliyat yuritadi va asosiy vaqti turli gastrollar bilan o‘tishini aytadi. Mamadiyorova farzandlari katta bo‘lib qolganini, shu sababli endi filmlarga takliflar bo‘lsa, uni o‘ylab ko‘rishi mumkinligini qayd etgan.

Gulbahor Yo‘ldosheva

  • false
  • false

Serialda Jamila rolini ijro etgan mahoratli aktrisa Gulbahor Yo‘ldosheva 2019-yilda 61 yoshda vafot etgan. U o‘sha vaqtda Dilmurod Masaidovning “Qo‘qon shamoli” badiiy filmida suratga tushayotgan bo‘lgan.

Uzoq yillar davomida O‘zbekiston davlat drama teatrida faoliyat ko‘rsatgan Gulbahor Yo‘ldosheva 2012-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olgandi. U rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning rafiqasi, aktyor Bobur Yo‘ldoshevning o‘gay onasi hisoblanardi.

U o‘zbek kinotomoshabiniga “Kechikkan hayot”, “Haqiqat kuni”, “Afg‘on”, “O‘gay ona”, “Kutilmagan qo‘ng‘iroq”, “Turist” va “Ko‘rgim keladi” filmlari orqali tanilgan, “Tutash taqdirlar” seriali esa unga katta mashhurlik olib kelgandi.

Feruz Burxonov

  • false
  • false

“Tutash taqdirlar"da Behzod rolini ijro etgan aktyor Feruz Burxonov qariyb 20 yildan beri O‘zbek Milliy Akademik drama teatrida faoliyat yuritadi. U 2016-yilda “E'tirof-2015” taqdirlash marosimida “Yilning eng yaxshi teatr aktyori” nomiga sazovor bo‘lgan.

U hozirda televideniye va rasmiy tadbirlarda boshlovchilik ham qiladi. Milliy teatrda ayni kunda tomoshabinlar e’tiborga havola etilayotgan 5 ta teatr tomoshasida turli darajada rollarni ijro etib kelmoqda.

“Burxonov o‘z ishiga ma’suliyat bilan yondashib, zimmasiga yuklatilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida sifatli bajarishi, jamoat ishlarida faol ishtirok etishi shuningdek, yaxshi xulqi bilan jamoa orasida hurmat qozongan”, deyiladi teatr izohida.

Mehriddin Rahmatov

  • false
  • false

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatr va kino aktyori Mehriddin Rahmatov serialda Rustam rolini ijro etgan. U uzoq yillardan beri Milliy teatrda faoliyat yuritadi, aktyor hozir 49 yoshda.

Aktyor so‘nggi yillarda teatr bilan bir qatorda katta-kichik filmlarda ham rollar ijro etib kelmoqda. Jumladan, u “Hayot”, “Sevdo” va “Ayol qasosi” kabi kinolarda rol o‘ynadi. Shuningdek, Rahmatov rejissyor sifatida teatrda bir qancha tomoshalarni sahnalashtirgan.

Ijodkor intervyularidan birida filmda Jaloliddin Manguberdi obrazini gavdalantirish orzusi borligini aytgan. Uning qayd etishicha, Xorazm sultoni jang-u jadal kechib yurgani bois juda jiddiy yuz tuzilishiga ega bo‘lgan. Shu sabab ham aktyor bu rolni ijro etishni xohlashini aytadi.

Shodiya Abduqodirova

  • false
  • false

Ko‘plab teletomoshabinlarga Shodiya To‘xtayeva ism-familiyasi bilan mashhur bo‘lgan aktrisaning familiyasi Abduqodirovaga o‘zgargan. U serialda Dildora rolini ijro etgan. U ham O‘zbek Milliy akademik drama teatrining aktrisasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga ega.

Aktrisa 2010-yillardagi katta mashhurlik davridayoq ekranlardan yo‘qolib qolgandi. U farzandlari tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lganini aytadi. “Mendan yaxshi aktrisalar ko‘p, biroq farzandlarim uchun mening o‘rnimni bosadigan inson yo‘q”, deydi Abduqodirova.

Ijodkor 2023-yilda rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olingan “Sudya” filmida bosh rolni ijro etib, yana e’tibor markaziga tushdi. “Obrazimning ayol, rafiqa, ona sifatidagi kechinmalarini ifodalashda rejissyor erkinlik berdi. O‘ylaymanki, bu to‘g‘ri qaror”, degandi o‘shanda aktrisa.

Mahmud Ismoilov

  • false
  • false

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mahmud Ismoilov serialda Mirsaid rolini ijro etgan. U hozirda 72 yoshda. Aktyor so‘nggi yillarda bir nechta og‘ir kasalliklarni boshdan kechirdi.

U so‘nggi intervyularidan birida o‘zbek televideniyesida saviyasiz film va seriallar ko‘payganini tanqid qilib, noprofessional aktyor-aktrisalar bilan bir kadrda turishni xohlamasligini aytgandi. Shu orqali ijodkor filmlarda ko‘rinmayotgani sababini ochiqlagan.

Hoshim Arslonov

  • false
  • false

Serialda Ra’noning otasi Baxtiyor rolini o‘ynagan mashhur aktyor Hoshim Arslonov 2020-yilda 70 yoshida vafot etgan. U dublyaj sohasida uzoq va samarali faoliyat olib borib, minglab kino-film va seriallarni ovozlashtirishda qatnashgan.

Ijodkorning kinodagi so‘nggi ishi 2019-yilda suratga olingan “101-reys” filmi bo‘lib qoldi. Bu filmda Arslonov layner bosh uchuvchisi samolyot kapitani obrazini gavdalantirdi.

Italiyaning Iskya shahrida xalqaro kinofestivalda “Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” filmidagi roli uchun g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va sovrindor bo‘lgan.

Alisher Uzoqov

  • false
  • false

2010-yillar o‘zbek kinosining eng yorqin yulduzlaridan biri, deyarli har bir kinosi katta qiziqish uyg‘otgan va foyda keltirgan aktyor Alisher Uzoqov serialda Jahongir rolini ijro etgan. 41 yoshli aktyor hozir asosan prodyuserlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Uzoqov bir necha yillik tanaffusdan so‘ng televideniyedagi faoliyatiga qaytib, Zo‘rTV kanalida The Cover Up loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu ko‘rsatuv 5-mavsumdan iborat bo‘ldi va ularning to‘rttasida aktyorning o‘zi boshlovchilik qildi.

U, shuningdek, so‘nggi yillarda “Kuzda gullagan daraxt”, “Hayotda” va “Muzlagan” kabi filmlarda turli obrazlarda ko‘rinish berdi. Serqirra ijodkor 2025-yil sentyabr oyida o‘zining navbatdagi “Oshiqman” qo‘shig‘i va unga ishlangan klipni ham taqdim etdi.

Soundtrek

Serial rasmiy musiqasi Abzal Husanov tomonidan bastalanib, Shuhrat Daryo tomonidan kuylangan. “Ushalmagan tilak” nomi bilan mashhur bo‘lgan qo‘shiq hozirgacha xonandani yangi muxlislar auditoriyasiga tanitib kelmoqda.

Humoyun Mahkamov
Muallif
Humoyun Mahkamov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling