"Sardor", "Chashma", "Kasallik tarixi": Nigora Karimboyeva ishtirokidagi mashhur filmlar

E’lon qilingan sana· 1 919
"Sardor", "Chashma", "Kasallik tarixi": Nigora Karimboyeva ishtirokidagi mashhur filmlar

Aktrisalarni maqtash uchun turli sifatlar ishlatiladi. Ushbu jamlanma qahramoni Nigora Karimboyevani esa koʻp qirrali ijodkor deyish mumkin. U faoliyati davomida “Sport” telekanalida ishlagan, “Oydin hayot” tok-shousida boshlovchilik qilgan va hokazo. Ammo aktrisani aktrisa qiladigan narsa uning rollaridir. 11-fevral kuni mahoratli aktrisa 47 yoshga toʻldi.

Afisha.uz ushbu maqolada Nigora Karimboyevaning e’tiborga molik rollari haqida ma’lumot beradi.


“Sardor” (“Sardor 2”)

“Sardor” filmi oʻzbek kinosi uchun juda koʻp nomlarni bergan. Bobur Yoʻldoshev va Nigora Karimboyeva shular jumlasidan. Aktrisa “Sardor"da epizodik rolda koʻrinish bergan boʻlsa, “Sardor 2"da asosiy qahramonlardan biriga aylangan.

Filmning bosh qahramonlari O‘zbekistondagi harbiy bilim yurtining yosh kursantlari bo‘lib, ular o‘z Vatanini himoya qilish va qo‘riqlash uchun o‘z hayotining bu yo‘lini Vatani manfaati uchun tanlagan.

“Sardor 2"da esa bosh qahramonlar, kursantlar harbiy bilim yurtini bitirib, ofitser bo‘lgach, Vatan chegaralarini turli tahdidlardan, asosan, terrorchilardan himoya qiladi.

Filmni tomosha qilish.


“Chashma”

Oʻsha mashhur nima qilsa ham natijasi tandir boʻladigan qahramonni aynan “Chashma” filmida koʻrishimiz mumkin. Yolqin Toʻychiyev rejissyorligidagi kinokartinada bosh rolni Nigora Karimboyeva ijro etgan.

Filmning bosh qahramoni Orzi turmushga chiqishdan oldin buloqda yuz-qo‘lini yuvishi kerak… Oila qurish ostonasida turgan qishloq qizining bir kuni haqida.

Filmni tomosha qilish.


“Mehribonim” (mini-serial)

“Mehribonim” 5 qismdan iborat oʻzbek mini-seriali hisoblanadi. Unda Nigora Karimboyeva asosiy rollardan birini oʻynagan. Shuningdek, komedik serialda Bobur Yoʻldoshev va Dilnoza Kubayevani ham bosh qahramonlar rollarini ijro etgan.

Ushbu filmning “Tabassum qiling, tabassum”, deya boshlanuvchi saundtreki koʻpchilik uchun tanish hisoblanadi.

Filmni tomosha qilish.


“Dada”

Bobur Yoʻldoshev bilan duetda ishlangan bir qator omadli filmlardan keyin 2010-yilda Ulugʻbek Qodirov bilan birga “Dada” kinokartinasida suratga tushadi.

Professional bokschi Zafarning hayoti tubdan o‘zgardi: u o‘zining soddaligi bilan… chaqaloqning “ota"siga aylandi. Film insoniy qadriyatlar, ota-onaning farzand oldidagi burchi haqida hikoya qiladi.

Filmni tomosha qilish.


“Qoʻrgʻoshin”

Nigora Karimboyeva buyuk oʻzbek rejissyori Zulfiqor Musoqovning ham koʻplab filmlarida qatnashgan. Ulardan biri “Qorgʻoshin” hisoblanadi va unda aktrisa yana Bobur Yoʻldoshev bilan tandemda koʻrinish beradi. Kinokartina 2011-yilda premyera qilingan.

Filmning asosiy voqealari elliginchi yillarda sodir bo‘ladi, lekin bu bilan chegaralanib qolmaydi. 30-yillar voqealari, shuningdek, bizning kunlarimiz ko‘rsatilgan. 1950-yillarda davlat xavfsizligi organlarida xizmat qilgan ikki frontchi do‘st filmning asosiy qahramonlaridir. “Qo‘rg‘oshin” ulardan birining chaqirig‘idir. Filmda bu yukni har kim o‘zicha ko‘tarishi, burchni ado etishda iztirob chekib, or-nomus va vijdonni yo‘qotmaslik haqida hikoya qilinadi.

Filmni tomosha qilish.


“Togʻa”

Buxoro, 1989-yil. Sovet Ittifoqi parchalanish arafasida. O‘ttiz besh yoshli Jumash shaharning barcha aholisi kabi zamon va makondan tashqarida, o‘z hayoti bilan yashaydi. Har kunning bir xilligi va kulrangligini yo‘qotish uchun bozorda turli xil o‘yinlar uyushtiriladi. Qo‘chqor va xo‘roz urishtirish, karta, oshiq oʻyini. Bu o‘yinlar shahar aholisining deyarli yagona ermagi hisoblanadi.

Sanjar to‘qqiz yoshda, u poytaxtda onasi bilan yashaydi. Ketma-ket uchinchi yozni u amakisi va rafiqasi bilan o‘tkazadi. Sanjarning ota-onasi ajrashgan, onasi esa unga erkaklar muloqoti yetishmayapti, deb hisoblaydi. Onasining fikricha, Jumash bilan yoz bu yetishmovchilikni qoplashi kerak.

Filmda bolakay bilan birga kichik shaharcha hayotiga shoʻngʻish mumkin. Rang-barang qahramonlar orasida bolaning yangasi rolini Nigora Karimboyeva ijro etgan. O‘yinlar, ishqibozlik, ehtiroslar — bularning bari Sanjarda o‘chmas taassurot qoldiradi. Bir qarashda bunga loyiq bo‘lmagan Jumashga bo‘lgan muhabbati yanada ortadi.

Filmni tomosha qilish.


“Berlin — Oqqoʻrgʻon”

“Qoʻrgʻoshin” filmidan 7 yil oʻtib, 2018-yilda Nigora Karimboyeva yana bir bor rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan birga ishlaydi. Aktrisa “Berlin — Oqqoʻrgʻon” kinokartinasida rol ijro etadi.

Film voqealari urushdan oldingi va hozirgi davrda Berlin, Moskva va kichik o‘zbek qishlog‘i Oqqo‘rg‘onda boʻlib oʻtadi. Unda bir nechta syujet liniyalari mavjuda. Shuningdek, kinokartinada tarixiy shaxslar Vsevolod Meyerxold, Zinaida Rayx, Stalin, Litvinov, Molotov, Poskrebishev, Gitler, Gess, Gimmler, Gebbelslarni ham koʻrish mumkin.

Filmni tomosha qilish.


“Ilhaq”

2020-yilda premyera qilingan va bir qator mukofotlarga sazovor boʻlgan, umuman olganda esa “yil kinosi”, deya atash mumkin boʻlgan Jahongir Ahmedovning “Ilhaq” kinokartinasida bir qator oʻzbek kinosi yulduzlari rol ijro etgan. Ular orasida Nigora Karimboyeva ham asosiy rollardan birini ijro etgan.

Ushbu film real voqealarga asoslangan boʻlib, Zulfiya Zokirovaning Ikkinchi jahon urushi yillaridagi hayotidan olingan voqea asos bo‘lgan. Zulfiya barcha o‘g‘illarini urushga jo‘natadi, ammo ularning barchasi halok bo‘ladi. Ulardan to‘rttasining xotini keyinchalik turmushga chiqmagan. Zulfiya qora xat olsa-da, bir umr bolalari qaytib kelishidan umidvor bo‘ladi.

Filmni tomosha qilish.


“Kasallik tarixi”

Zulfiqor Musoqov 2022-yilda eksperimentga qoʻl uradi. U oʻzining “sevimli” aktyor va aktrisalari bilan birgan barcha voqealar bir xonada sodir boʻladigan film ishlaydi. Nigora Karimboyeva unda sogʻliqni saqlash vaziri rolini oʻynaydi.

Ushbu filmi bir shifokorning kechinmalarini o‘zida aks ettirgan. Undagi voqealar do‘stlik, xiyonat, yolg‘on, amal kursisiga qo‘yilgan ruju va sof insoniy tuyg‘ular haqida hikoya qiladi.

Filmni tomosha qilish.


“Hokim buva” (mini-serial)

Rejissyor Sarvar Karimovning suratga olish ishlari va premyerasi uchun juda katta vaqt ketgan loyihalaridan biri “Hokim buva” seriali hisoblanadi. Unda Nigora Karimboyeva muhim rollardan birini ijro etgan. Aktrisa bosh qahramonning turmush oʻrtogʻi obrazini gavdalantiradi.

Shukur aka — eski shaharlik chapani kirakash. Gaplariga quloq solgan odam uni siyosatchi deb oʻylashi mumkin. Mashinasiga chiqqan mijozlarga oyliklarni oshirish, yo‘llarni tekislash, korrupsiya va monopoliyani qanday yengish haqida gapiradi. Birgina kamchiligi — tepada “tanish-bilishi” yo‘q, shu sabab taksichilik qilishga majbur. Ammo ajoyib kechalarning birida mo‘jiza yuz berib, Shukur aka Toshkent shahar hokimiga aylanadi.

Filmni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling