Maymun yetaklagan maymuncha: tarmoqlarda mashhur boʻlayotgan mitti makaka

E’lon qilingan sana· 340
Maymun yetaklagan maymuncha: tarmoqlarda mashhur boʻlayotgan mitti makaka

Yaponiyaning “Ichikawa City Zoo” hayvonot bog‘ida Panch ismli olti oylik makaka ijtimoiy tarmoqlarda kutilmagan mashhurlikka erishdi. Mitti maymunning yumshoq o‘yinchoq orangutanni bag‘riga bosib yurgani aks etgan videolar millionlab foydalanuvchilarni befarq qoldirmadi.

  • false
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

Panch 2025-yil iyul oyida tug‘ilgan, biroq tug‘ilganidan ko‘p o‘tmay onasi uni tashlab ketgan. Shundan so‘ng hayvonot bog‘i xodimlari uni qo‘lda parvarish qilishga majbur bo‘lishdi. Mutaxassislar uning sog‘lig‘i va psixologik holatini diqqat bilan kuzatib, asta-sekin boshqa makakalar bilan tanishtirish jarayonini boshlagan.

Odatda yangi tug‘ilgan maymunlar onasiga mahkam yopishib yuradi. Panch ham instinktiv ravishda yaqinlik va himoyaga ehtiyoj sezgan. Shu sababli parvarishlovchilar unga ko‘rpa va bir nechta yumshoq o‘yinchoqlar taklif qilishgan. U esa orangutan ko‘rinishidagi yumshoq o‘yinchoqni tanlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Panch o‘yinchoqni quchoqlab uxlayotgani, hayajonlanganida yoki boshqa yosh maymunlar uni urishayotgandek tuyulgan vaziyatlarda uni go‘yoki qalqon sifatida ishlatayotgani ko‘rinadi.

Yanvar o‘rtalarida Panch boshqa makakalar yashaydigan hududga muvaffaqiyatli ko‘chirilgan. Shunga qaramay, u hali ham o‘zining yumshoq “hamrohi"dan uzoqlashgani yo‘q. Kuzatuvlarga ko‘ra, u ko‘proq yolg‘iz o‘ynaydi va o‘yinchoqni ko‘ksiga mahkam bosib yuradi.

Panch haqidagi video tarqalganidan so‘ng, ko‘plab tashrif buyuruvchilar aynan uni ko‘rish uchun hayvonot bog‘iga kelishni boshlagan va katta navbat yuzaga kelishni boshlagan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday oʻrnini bosuvchi buyumlar (transitional object) yosh hayvonlarda stressni kamaytirishga va ijtimoiylashuv jarayonini yengillashtirishga yordam beradi.

Panchning hikoyasi esa nafaqat hayvonot bog‘i mehmonlari, balki butun dunyo internet foydalanuvchilarining qalbini zabt etmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling