Ozodbek Nazarbekov marhuma Shirin Abdullayevaga bagʻishlangan qoʻshiq taqdim etdi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bundan bir yil avval 15-fevral kuni xastalik sababli vafot etgan Shirin Abdullayevaning xotirasiga bag‘ishlab “Shirin qizim” nomli qo‘shiq kuyladi.
Shirin Abdullayeva 2005-yil 14-dekabrda Namangan viloyati, Namangan shahrida tavallud topgan. U Zulfiya mukofoti sovrindori, iste’dodli xonanda hamda Pekindagi Sinxua universitetida Ijtimoiy fanlar yo‘nalishi talabasi boʻlgan. 2024-yilda o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan. Universitet tomonidan u “O‘zbekistonning Xitoydagi madaniyat elchisi” sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, Shirin Shaolin jang san’atini ham o‘rgangan. Uning “Maktabdagi sevgi”, “Metro”, “Bezori”, “Tashakkur” va boshqa qo‘shiqlari mavjud.
Shirin xotirasiga bag‘ishlangan qo‘shiq matni uning otasi tadbirkor Bahodir Abdullayev tomonidan yozilgan. Bu haqda Ozodbek Nazarbekov videoklip avvalidagi kirish so‘zida aytib o‘tadi. Ozodbek Nazarbekovning ta’kidlashicha, mazkur qo‘shiq ustida ishlash u uchun nihoyatda og‘ir kechgan. Sababi, u Shirinni yoshlik chog‘laridan tanigan, qizidek ko‘rgan va uning iste’dodini yuksak baholagan. Nazarbekov Shirin ko‘plab insonlarning qalbidan chuqur joy olganini alohida qayd etadi.
Qo‘shiq musiqasi Iqbol Zokirovga tegishli. Videoklip “Toshkent film” studiyasi tomonidan real voqealarga asoslangan holda, to‘liq sun’iy intellekt yordamida yaratilgan.