“Konsertda Jasurning ovozi ham yangraydi”. “Ummon” guruhi konsertga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

10 yillik tanaffusdan so‘ng “Ummon” guruhi 19-may kuni “Humo Arena"da yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda. Jamoa vakillari: Zohid va Shohrux “Sog‘inganim mani” nomli dasturidan oldin 17-fevral kuni jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi. Savollarga asosan, Shohrux javob berdi. Unda Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.
— Uzoq tanaffusdan keyin “Ummon” guruhi a’zolarini yana birlashib sahnaga chiqishiga nima undadi?

— Bizga doim ishongan va sevgan muxlislarimiz konsert berishimizga majbur qildi. Chunki 10 yil kichik muddat emas. Oxirgi konsert dasturimiz 2016-yilda bo‘lgan edi. Muxlislarimizning talab va istaklarini inobatga olib, yana sahnaga chiqishga qaror qildik. Bu kunlarni 10 yil kutdik.
Konsertga tayyorgarlik jarayoni avjida. Zohid va ijodiy jamoa bilan deyarli har kuni birgamiz. Muxlislar uchun yangiliklar juda ko‘p, konsertga kelishsa, albatta, guvohi bo‘lishadi. Syurprizlarni hozir aytib qo‘ysak, qizig‘i qolmaydi (kuladi).

— Bu konsert orqali muxlislarga nima demoqchisizlar?
— Muxlislar bilan birga yoshlikni eslamoqchimiz. Har bir tarona tinglovchiga qandaydir xotiralarni eslatishi tabiiy. Qo‘shiqlar yaratayotganmizda hayotimizda qanaqadir voqealar sodir bo‘lgan. O‘sha taronalarni eshitsak, o‘sha voqeaga qaytamiz. Menimcha, hammada shunday bo‘lsa kerak. Ko‘pchilik unutilgan yo unutilmagan tuyg‘ularini, erishgan yoki erisha olmagan sevgisini yodga oladi. Shu sababli konsert kuni zaldagi muxlislar bilan yoshlikni, xotiralarni eslashni niyat qilganmiz.
— Bilamizki, guruh ijodida xit taronalar juda ko‘p. Ularning barchasini bitta konsertga sig‘dirib bo‘lmaydi. Qo‘shiqlarni saralash jarayoni qanday bo‘ldi?

— Konsert uch blokdan iborat bo‘lib, dastlab ijodimizning ilk yillarida kuylagan qo‘shiqlarimizni aytamiz. Ikkinchi blokdan 2012−2013-yillardagi taronalarimiz joy oladi. Uchinchi blokda esa oxirgi yillarda yaratgan ijod mahsullarimiz bo‘ladi. Repertuarimizda 500 dan ortiq tarona bor. Konsert uchun tanlash juda qiyin kechdi. Hozir 70 ta taronani ajratib oldik, hali undan yana 30 tasini saralab olishimiz kerak. Bu masalada muxlislarning ijtimoiy tarmoqlardagi talablari ham inotabga olingan.
Qo‘shiqlarimiz biz bilan birga o‘sdi. Zohid bu taronalarni yozayotganida 2040−2050-yillarni tasavvur qilgan. Ilk qo‘shiqlarimizni 20−21 yoshimizda ijro etganmiz, hozir esa 35 yoshdamiz. O‘sha vaqtda yaratilgan taronalarimizni hozir eshitsak, so‘zlar ma’nosi o‘zgarmagan, hali ham muxlislar sevib tinglaydi. Bundan xursandmiz, albatta.
— “Ummon” guruhining treklari uch kishiga mo‘ljallangan edi. Konsertda ijro etiladigan qo‘shiqlarda so‘zlar taqsimoti qanday bo‘ladi?
Zohid:
— Ba'zi taronalarda so‘zlar qisqaryapti, ayrim qo‘shiqlarda Shohrux o‘sha joylarini qaytadan kuylayapti. Yana qaysidir taronalarda avval qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundoqligicha qolyapti.
Shohrux:
— Jasurni Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin. U “Ummon"ning bir bo‘lagi edi. Uning ovozi konsertdagi qo‘shiqlarda olib tashlanmaydi, Jasurning ovozi ham yangrashini xohladik. Shu sababli uning ovozida hit bo‘lgan qismlari eski holicha qoladi. U so‘zlarni muxlislar bilan birga aytamiz. Boshqa ayrim rep joylarini o‘zim kuylayapman.
— Guruh bir paytlar Munisa Rizayeva, Shahzoda kabi xonandalar bilan hamkorlikda hit qo‘shiqlar kuylagan. Konsertda duetlar bo‘ladimi?
— Duet masalasi hozircha so‘roq ostida turibdi. Sababi aytganimdek, qo‘shiqlarimiz shundoq ham ko‘p. Agar duet uchun joy qolsa, albatta, bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bir muddat alohida ijod qilgan vaqtimizdagi qo‘shiqlarimiz bor. Konsertda Zohidning ham, mening ham bittadan yakkaxon chiqishimiz bo‘ladi.

— “Ummon"ning muxlislari nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni davlatlarda ham yetarlicha. Ammo nima sababdan konsert faqat bir kunga rejalashtirilgan?
— O‘zim ham bu savolni tashkilotchimizga berdim. Balki, ikkinchi kunni ham ocharmiz deganimda “Bu yil bir kun qilib turaylik”, dedi. To‘g‘ri, ikkinchi kunni ham ochsak bo‘ladi, lekin konsert yaxshi o‘tib olsin. Kelasi yilda kunini ko‘paytirarmiz.
— Hozir o‘zbek shou-biznes vakillari orasida sun’iy intellekt yordamida klip ishlash ommalashyapti. “Ummon” guruhi ham shunday klip taqdim etadimi?
Zohid:
— Sun'iy intellekt yordamida klip yaratishga qiziqib ko‘rdik. Ammo jonli klip chiqmasligi uchun muxlislarga ham emotsiya bermas ekan. Shu sababli bunday fikr yo‘q bizda.
— Turmush o‘rtog‘ingiz Kamola Risqiyeva “Meni emas” va boshqa xit qo‘shiqlar ijro etgan. U ham konsertda chiqish qiladimi?
Zohid:
— Menimcha, yo‘q. Chunki uning o‘zi “Qo‘shiq aytmayman”, deyapti.
— Bu yil viloyatlar bo‘ylab tur-konsertlar ham taqdim etasizlarmi?
— Toshkentdagi konsertdan keyin 12 ta viloyat hamda Qozog‘iston, Tojikistonda ham konsert berishni rejalashtirganmiz. Lekin hali sanalari aniq emas.