Jim Kerri faxriy "Sezar" mukofotini qabul qilib oldi

Amerikalik aktyor Jim Kerri Fransiyaning milliy kino mukofoti — “Sezar” faxriy mukofotiga sazovor bo‘ldi. Mukofotni aktyorga “Eternal Sunshine of the Spotless Mind” filmida birga ishlagan rejissyor Mishel Gondri topshirdi.
Qayd etilishicha, Kerri fransuz tilidagi talaffuz bilan minnatdorchilik bildirgan. Uning aytishicha, bobosining katta bobosi Mark-Fransua Kerri Fransiyaning Sen-Malo port shahridan Kanadaga ko‘chib ketgan, o‘zi esa undan ham uzoqroqqa — Los-Anjelesga yo‘l olgan.
“Men bilgan eng kulgili odam — otam Persi Jozef Kerriga rahmat. U menga sevgi, saxiylik va kulgini qadrlashni o‘rgatdi. Omad sizga kulib boqishini istasangiz, birinchi bo‘lib unga kulib boqing. Bu juda qiyin, lekin biz harakat qilishimiz kerak. Bu xotirani abadiy saqlayman. Men unga doim kulib boqaman. Mening hayotim — jannat”, — dedi Jim Kerri.
Bungacha faxriy “Sezar” mukofotiga Juliya Roberts (2025), Kristofer Nolan (2024), Devid Fincher (2023), Keyt Blanshett (2022), Robert Redford (2019), Penelopa Kruz (2018), Jorj Kluni (2017) va boshqa kinoijodkorlar sazovor bo‘lgan.