Jim Kerri ishtirokidagi 10 ta mashhur dramatik film

Aktyor Jim Kerri Fransiya kino ijodkorlari tomonidan taqdim etiladigan faxriy “Sezar” mukofotini qoʻlga kiritdi. Uning faoliyati haqida gap ketganda koʻp bora “komediya qiroli” soʻzlari koʻp bor tilga olinadi. Albatta Jim Kerrining eng koʻzga koʻringan va muxlislar haligacha e’tirof etadigan filmlari komediyalardir.
Xususan 1990-yillarda suratga olingan “The Mask”, “Liar, Liar”, “Dumb and Dumber”, “Ace Ventura: Pet Detective” filmlari Jim Kerriga katta mashhurlik keltirgan. Ammo shu bilan bir qatorda aktyor koʻplab dramatik filmlarda ham rol oʻynagan. U shunchaki komeo yoki epizodik rollarda chiqmagan, balki asosiy rollarni ijro etgan.
Afisha.uz ushbu maqolada 64 yoshli aktyorning dramatik rollarini bir yerga jamladi.
“Doing Time in Maple Drive”

Kinodagi faoliyatini 1980-yillarda boshlagan aktyor avvaliga katta va asosiy rollarga loyiq koʻrilmaydi. Uning esda qolarli kinokartinalari seriyasi 1990-yillarda boshlanadi. 1992-yilda toʻliq Los-Anjelesda Jeyms Daff va rejissyor Ken Olin tomonidan suratga olingan dramatik film shular jumlasidan. Jim Kerrining faqat komedik rollarini koʻrgan muxlislar “siqilishli” kinolar seriyasini aynan shu film bilan boshlashi mumkin.
Fil va Liza Karterlarning oilaviy hayoti Yangi Angliyadagi minglab shunday oilalarnikidan farq qilmaydi. Kichkina, ammo shinam uy, ayvon, oʻrilgan maysazor va har kuni kechqurungi choyxo‘rlik. Ushbu turmush tarzi uyga Karterlarning kenja o‘g‘li Mettning qaytishi bilan oʻzgaradi.
“Simon Birch”

1998-yilgi ushbu dramada aktyor ekranda koʻp koʻrinmagan boʻlsada, uning personaji juda muhim hisoblanadi. Film orqali doʻstlik, odamiylik, ishonch va boshqa bir qator kattalarga yetishmaydigan tuygʻular yosh bolalarda shakllanganini koʻrish mumkin.
Saymon Birch katta ambitsiyalarga ega. U nogiron tugʻilgan va shifokorlar bir kun ham yashamasligini aytgandi. Lekin Saymon o‘sha kunni, keyin bir oyni, keyin yillarni yashadi. O‘z shahrining eng kichik fuqarosi, u buyuk ishlar uchun tug‘ilganiga ishonadi. Saymon tez orada qahramonlik ko‘rsatishiga ishonchi komil, biroq qandayligini hali oʻzi ham bilmaydi.
“Man on the Moon”

Jim Kerri 1999-yilda bayopik janrida ishlanadigan filmda qatnashishga qaror qiladi. U kinoda bosh rolni ijro etadi va faoliyatidagi ikkinchi “Oltin Globus” mukofotiga ega chiqadi.
Film eng g‘alati va avangard amerikalik komik Endi Kaufmanning hayoti va ijodi haqida hikoya qiladi.
“How the Grinch Stole Christmas”

Ba’zi bilmagan kino ixlosmandalar “iye bu filmda Jim Kerri rol ijro etganmi?”, — deya savol berishi ham mumkin. Kinokartina uchun aktyor kuchli grimm qilinadi, ammo uning oʻziga xos mimikasi shunda ham sezilib turadi.
Grinch yashil rangli va paxmoq, uni hech kim sevmaydi. Grinch odamlardan xafa boʻlib, yolgʻiz, togʻda yashashga ketadi. U butun dunyodan gʻazabda va eng yomon koʻrgan narsasi Rojdestvo bayramini buzishni xohlaydi. Shaharning butun aholisi chin dildan zavqlanayotgan bir paytda, Grinchning har doimgidek yomon kayfiyat barometri yuqori choʻqqida boʻladi.
“The Cable Guy”

Koʻpchilik aktyor sifatida taniydigan Ben Stiller rejisyorligida ishlangan filmda Jim Kerri bosh rolni ijro etgan. Film oʻzida qora yumor va satira elementlarini jamlaydi. Bu film katta mashhurlikka erishmagan boʻlsa-da, Jim Kerri oʻz rolini yuqori mahorat bilan ijro etgan.
Chip Duglas — kabelchi, g‘alati yigit. U Stiven Kovach bilan tanishib, uning eng yaqin do‘sti bo‘lishni istaydi. Chipni yaqindan taniganidan so‘ng, Stiven bu do‘stlik yomon oqibatlarga olib kelishini tushunadi. Masalan, hazil o‘rta vaznli bokschilar jangiga aylanadi. U bunday “do‘st"dan qutulishga qaror qilgandan so‘ng, to‘satdan bu oson bo‘lmasligini tushunadi.
“The Majestic”

2001-yilda premyera qilingan ushbu kinokartina melodrama janrida boʻlib, uni koʻrgan har bir tomoshabin turli xil taassurotga ega boʻladi. Umuman olganda, Jim Kerrining faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, aktyor komedik filmlar bilan bir qatorda juda koʻp falsafiy kinolarda ham asosiy rollarni oʻynagan. “The Majestic” ham shular jumlasidan.
Bu o‘zini izlayotgan inson haqida hikoyadir. Gollivud ssenariynavisi Piter tasodifan Kaliforniyadagi Louson shaharchasiga borib qoladi. Avtohalokatdan so‘ng u xotirasini butunlay yo‘qotadi. Uni Ikkinchi jahon urushining bedarak yo‘qolgan qahramoni deb o‘ylashadi. Bunga o‘zi ishongan Piter tashlandiq shahar kinoteatrini tiklashga kirishadi. Bu go‘zal hayot go‘zal yolgʻonga asoslangan. Lekin haqiqat ertami-kechmi oshkor bo‘ladi…
“Eternal Sunshine of the Spotless Mind”

Jim Kerrining ushbu filmdagi rolini bemalol aktyor dramatik ijrolarining choʻqqisi deyish mumkin. 2004-yilda premyera qilingan kino allaqachon klassikaga aylanib ulgurgan va muxlislar tomonidan takror-takror tomosha qilinadi.
Nihoyat, har qanday xotiralardan xalos bo‘lishga imkon beradigan mashina ixtiro qilindi. Joel va Klementina bir-birlarini unutishga qaror qilishadi. Biroq Joelning xotirasida ularning eng zavqli damlari hali ham mavjud. Qancha kam narsa yodida qolsa, shuncha ko‘p sevadi.
“The Number 23”

Ushbu kinokartinadagi roli sabab Jim Kerri Oltin Malina antimukofotiga loyiq koʻrilishiga bir baxya qolgan. 2007-yil rejissyor Joel Shumaxer tomonidan suratga olingan ushbu psixologik trillerni koʻrgan tomoshabin ham oʻzini hayotida qaysidir raqam ta’qib qilib yurgandek his qilishi mumkin.
Uysiz hayvonlarni tutish xizmati xodimi Uolter Sperrou rafiqasi Agata tomonidan tug‘ilgan kuniga sovg‘a qilingan “23-raqam” sirli romanini o‘qishga kirishadi. Oqibatda Uolterning sokin va osuda hayoti chidab bo‘lmas azob-uqubatlarga aylanib, o‘zi va yaqinlarini eng ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Hammasiga esa 23 raqami aybdor. Gap shundaki, dahshatli qotillik haqida hikoya qiluvchi roman Uolter hayotining ko‘zgudagi aksi boʻlib chiqadi.
“Dark Crimes”

2016-yilda suratga olingan, ammo premyerasi 2 yil oʻtib, 2018-yilda yuz bergan ushbu jinoiy-dramada Jim Kerri detektiv rolini oʻynaydi. Film real voqealarga asoslanganligi bilan ham boshqa kinokartinalardan ajralib turadi.
Daryo qirgʻogʻidan reklama menejerining jasadi topiladi. Yaqinda nashr etilgan, shunga o‘xshash jinoyat tasvirlangan roman muallifi esa asosiy gumonlanuvchiga aylanadi.
Bonus: “Kidding” seriali

2018-yilda premyera qilingan va 2 mavsum davom etgan serialda Jim Kerri oʻz hayotini tasvirlagan deyish ham mumkin. Hayotida oilaviy sabablarga koʻra ogʻir depressiyani boshdan kechirgan aktyor serialda ham shunga oʻxshash qahramon obrazini gavdalantiradi.
Jeff — bolalar ko‘rsatuvining haqiqiy yulduzi, u quvnoq va xushchaqchaq, eng muhimi — u har qanday odamni xursand qila oladi. Ammo bunday “ertak” abadiy davom etmaydi. Uning turmushi chok-chokidan so‘kilib, oilaviy hayoti izdan chiqib ketmoqda. Bunday vaziyatda esa qanday kulish mumkin?