“Bu menga bog‘liq emas, ammo hijolatdaman”. Mashhur Muhammad konserti nega qoldirildi?

E’lon qilingan sana· 161
“Bu menga bog‘liq emas, ammo hijolatdaman”. Mashhur Muhammad konserti nega qoldirildi?

Xonanda Mashhur Muhammadning 2025-yil 25-dekabr kuni “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Siqilma” nomli konserti 2026-yil 25-fevralga ko‘chirilgan edi. Ammo ushbu dastur e’lon qilingan sanada o‘tkazilmadi va buning sababi ham ommaga ochiqlanmadi. Afisha.uz muxbiri “Aziz va muqaddassan ayol” gala-konserti doirasida Mashhur Muhammadning o‘zidan konserti nega qoldirilgani yuzasidan izoh so‘radi.

“Bizni to‘yga qanday taklif qilishsa, konsertga ham xuddi shu tarzda taklif etishadi, ya’ni bu ishlar bilan tashkilotchilar shug‘ullanadi. Biz kimgadir konsert qo‘yishimiz kerak demaymiz, tashkilotchilarning o‘zi konsert o‘tkazish taklifi bilan chiqadi. Shartnoma shartlari belgilanadi va hamma o‘zining vazifasini bajaradi. Masalan, bizning shartnomadagi mening vazifam repertuarni tayyorlash va konsertni jonli tarzda chiroyli o‘tkazish edi. Qolgan masalalar: joy ijarasi, sahna dekoratsiyasi, raqqosalar, chiroq va ovoz sozlash moslamalari, hammasi tashkilotchining zimmasidagi vazifalar edi”, — deydi Mashhur Muhammad.

Qo‘shiqchi konsertning qoldirilishi unga bog‘liq emasligi, buning sababi o‘ziga ham qorong‘u ekanini ta’kidladi.

“Buning sababi balki mas’uliyatsizlikdir yoki konsert ishlarini oxirigacha yetkazmasdan boshqa ishlar bilan shug‘ullanilganidir. „Xalqlar do‘stligi“ san’at saroyi va tashkilotchi o‘zaro kelishgan holda shunday qarorga kelishdi. Bu haqda o‘zimga ham 4−5 kun qolganida xabar berishdi. Lekin hammasi yaxshilikka, hech bir bandaning boshiga nimaki ish tushmasin, u yomonlikka bo‘lmaydi. Alloh bandalarini yana ham yaxshirog‘iga yaqinlashtirish uchun nimadandir uzoqlashtiradi. Shunday ekan, men hech bir sinovga bo‘yin egmaydigan va „Siqilma“ qo‘shig‘imdan keyin siqilmaydigan bo‘lganman (kuladi)”, — deydi u.

“Konsert afishalari va roliklarda mening nomim zikr qilingani hamda unga ishonib, men uchun chipta xarid qilingani va dastur qoldirilganidan albatta, hijolatdaman. Chipta sotib olgan minglab muxlislar adminstratorimga murojaat qilyapti. Biz esa tashkilotchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lab qo‘yyapmiz.”, — deya qo‘shimcha qildi xonanda.

U haqiqiy sodiq muxlislari ko‘pligi va ularga ishonishi, tez orada konsert kunlarini e’lon qilishini bildirdi.

“Dasturning qoldirilishi bu — jim bo‘lib, tinchib ketdi, degani emas. Jamoamiz bilan birga muxlislarimizni xushnud etish uchun bel bog‘laganmiz. Yaqin orada konsert kunini omma uchun ma’lum qilamiz”, — deydi Mashhur Muhammad.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling