Gul, pul, iPhone, mashina: ayol uchun eng yaxshi sovg‘a nima? Taniqli san’atkorlar tanlovi

Har 8-mart bayrami arafasida “Ayol uchun eng yaxshi sovg‘a nima?”, degan savol turli bahslarga sabab bo‘ladi, ayniqsa, erkaklar qanday sovg‘a tanlash ustida bosh qotiradi. Kimdir bir dona gulni tuhfa etishga qaror qilsa, ayrimlar qimmatbaho buyumlar, ba’zilar esa pulning o‘zini berib qo‘ya qoladi. Xo‘sh, taniqli san’atkorlar nazarida ayol uchun eng yaxshi sovg‘a nima? Afisha.uz muxbiri soha vakillarining bu boradagi fikrlariga qiziqdi.
“Ayollarning ko‘nglini olish qiyinlashyapti” — O‘tkir Muhammadxo‘jayev, aktyor va teleboshlovchi.

“Oldin ayollar uchun eng yaxshi hadya gul edi. Hozir “Pulini berib qo‘ya qoling”, degan gaplar ommalashdi (kuladi). Bugungi ayollarning dunyoqarashi o‘zgarib ketdimi, qimmatbaho sovg‘aga ko‘proq yon bosishyapti. Masalan, ilgari bitta atirga xursand bo‘lishardi, hozir mashina yoki iPhone-17 sovg‘a qilsangiz, 60−70 foizga quvonishadi. Ayollarning ko‘nglini olish juda qiyin bo‘lib ketyapti.
Har bir muvaffaqiyatli erkak ortida buyuk ayol turadi, degan gapga hamisha qo‘shilaman. Har kuni turmush o‘rtog‘im soch-soqolimga qarab, yuvib-tarab, kiyimlarimni dazmollab, chiroyli kiyintirib, yaxshi kayfiyatda kuzatib qo‘yadi. Har bitta san’atkorning ayoli shunday, deb o‘ylayman. Men kichkina bir misolni aytdim. Agar biz erkaklar kattaroq ishga qo‘l ursak, o‘sha ishda ham albatta, rafiqamizning hissasi bo‘ladi, maslahati bilan qo‘llab-quvvatlaydi.
Ayollarga maslahatim: kim bo‘lishidan va qancha mablag‘ topishidan qat’iy nazar yoningizda tog‘dek turgan umr yo‘ldoshingizni hurmat qilinglar, oilangizni asranglar. Shuning o‘zi yetarli!"
“Pul topiladi, ammo gul hadya qiladigan odam topilmasligi mumkin” — Malika Ravshanova, xonanda.

“Ayol uchun farzandining o‘z o‘rnini topishi va uning orqasidan rahmat eshitishi, eng qimmat sovg‘a, nazarimda. Bu baxtning qiymati bebaho, buni pulga sotib olib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, kundalik hayotda yoki bayramlarda gul bilan xursand qilishsa, juda quvonaman. Ayrimlar guldan ko‘ra pul yaxshi-ku deyishadi. Men esa bunday fikrni ma’qullamayman. Chunki pulni hamma payt olish yo topish mumkin, ehtiyojlaringiz kutib turaveradi. Lekin har doim sizga gul beradigan odam topilmay qolishi mumkin. Shu sababli gul orqali e’tibor qaratilsa ham xursand bo‘lish kerak.
Ayollarga eng katta maslahatim shuki, hamisha shukrda yashaylik. O‘zingizdan oldinda yurgan odamlarga qarab yashasangiz, hech qachon rivojlanmaysiz. Orqangizga qarasangiz, siz qay darajada balandda ekaningizni his qilasiz. Shukr bilan hamma narsaga erishish mumkin, kichkina narsa ham sizni baxtli qila olishiga amin bo‘lasiz. Agar beshukr bo‘lsangiz, sizga butun dunyoni bersa ham undan quvonch va baxt topolmaysiz. Shukrda gap ko‘p.
Ilohim barcha opa-singillarimiz baxtli hayot kechirsin. Oilada qachonki ayol baxtli bo‘lsa, butun oila va jamiyat ham baxtli yashaydi. Kulib turadigan, xursandchilik kunlarimiz ko‘p bo‘lsin!".
“Sovg‘adan ko‘ra, e’tibor muhimroq” — Farruh Fazel, xonanda.

“Sovg‘adan ham ko‘ra e’tibor muhimroq, deb o‘ylayman. Agar e’tibor bo‘lsa, sovg‘a tanlashga ham kayfiyat bo‘ladi. O‘zim syurpriz qilishni uncha yoqtirmayman.
Oilamizdagi ayollarning o‘zidan nima zarurligini so‘rayman va shunga qarab sovg‘a tanlayman. Lekin har safar albatta, sovg‘aga gul ham qo‘shib beraman".
“O‘zimizga ham vaqt ajrataylik, aziz ayollar” — Gulasal Abdullayeva, xonanda.

“O‘ylaymanki, har bir ayol gul olganida baribir boshqacha bo‘lib ketadi, kayfiyati ko‘tariladi. Masalan, menga ming qimmatbaho hadyalar berilmasin, oddiy bir dona gul kelsa, boshqacha ta’sirlanaman. Shu sababli ko‘proq guldastalar sovg‘a qilish muhim, deb o‘ylayman.
Biz o‘zbek ayollari hamisha o‘zimizni eng oxirgi o‘ringa qo‘yib yashaymiz. Qiz bolalik paytimizda ko‘proq ota-onamizni o‘ylab, doim to‘g‘ri yurishga, aqlli ish tutishga harakat qilamiz. Oila qurgandan keyin turmush o‘rtog‘imiz, qaynona-qaynotamiz, onalik maqomiga erishgach, farzandlarimizni o‘ylab ish qilamiz. Ammo o‘zimizni qachon o‘ylaymiz, qadrdon ayollar? Ozgina bo‘lsa-da, o‘zimizni ham o‘ylab turishimiz kerak. Bo‘lmasa, bu sog‘lig‘imiz yoki kayfiyatimizga ta’sir qilishi, turli stresslar olishimizga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa oila a’zolarimizga ham ta’sirini ko‘rsatadi. Shuning uchun o‘zimizga ham alohida vaqt ajrataylik: vaqtida dam olishni, hordiq chiqarishni, dunyo kezishni odatga aylantiraylik. Hamma narsaga ulgursa bo‘ladi, shunchaki vaqt ajratsak kifoya".
“Faqat bayramda emas, yil davomida e’tibor berish kerak” — Sa’dulla Abdullayev, rejissyor.
Sadulla Abdullayev suratda oʻrtada
Foto: Instagram / sadullaabdullaev
“Ayol kishiga faqatgina bayramlarda emas, balki yil davomida e’tibor qaratish kerak. Ular bizning onamiz, umr yo‘ldoshimiz, opa-singillarimiz va qizlarimiz. Ularga xohlagan paytida aytgan narsasini olib berishimiz lozim. Ayollarni asrashimiz, doimo e’zozlashimiz zarur. Barcha ayollarni bayram bilan qutlayman. Hamisha ochilib, go‘zal bo‘lib yurishsin. Uzoq umr ko‘rib, bola-chaqali bo‘lishlarini tilayman!”
“Eng katta sovg‘a bu — hurmat va e’tibor” — Sayyora Qoziyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist.

“To‘g‘ri, sovg‘aning turi juda ko‘p. Ammo men uchun eng katta sovg‘a bu — hurmat va e’tibor. Umr yo‘ldoshimdan nafaqat bayramlarda, balki har doim e’tibor topayotganimni eng katta baxtim, deb hisoblayman. Oila qurgan paytlarimda turmush o‘rtog‘im avtomobil, brilliant kabi qimmatbaho narsalarni tuhfa qilgan. Hech esimdan chiqmaydi, bir yili sovg‘a sifatida Mercedes bergan. O‘sha sabab haydovchilikka o‘qib, guvohnoma olganman. Bu unutilmas sovg‘a bo‘lgan.
Oilali va turmush qurayotgan qizlarimizga hamisha aql va sabr bilan ish tutishlarini maslahat beraman. Chunki aql bo‘lmasa, u yerda hech qachon baraka, tinchlik-xotirjamlik ham bo‘lmaydi, oilani mustahkam ushlab qololmaysiz. Jahl chiqqanda, shaytonga hay beringlar, vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilinglar. Hech qachon “Men bo‘ldim, tugadim”, deb yengilmanglar. Har doim o‘zlaringizga e’tibor beringlar. Birinchi o‘rinda biz ayollar go‘zal bo‘lib, o‘zimizni yaxshi ko‘rsak, keyin boshqalar ham bizni yaxshi ko‘radi!"
Siz-chi, siz nima deb o‘ylaysiz: ayollarga eng yaxshi sovg‘a nima?