Hafta yulduzi: MrBeast

E’lon qilingan sana· 393
Hafta yulduzi: MrBeast

Tasavvur qiling, siz oddiy shartlarni bajarish orqali bir necha ming dollar yutib olishingiz mumkin. Ba’zida esa shartlar aql bovar qilmas darajaga chiqishi mumkin, shunga mutanosib ravishda pul mukofoti ham ortadi. Bunday o‘yinlar hozir YouTube’da odatiy holga aylanib qoldi, ammo bu trendni boshlab bergan, uni butunlay boshqa darajaga olib chiqqan va butun boshli video-kontent sanoatini o‘zgartirib yuborgan bir inson bor. Uning ismi — Jimmi Donaldson. Internet olami uni MrBeast nomi bilan taniydi.

“Hafta yulduzi” ruknining navbatdagisini amerikalik oddiy o‘smir yigitga bag‘ishlaymiz. U qanday qilib butun dunyo bo‘ylab yuz millionlab obunachiga ega bo‘lgan media imperiya qurgani, uning g‘aroyib muvaffaqiyat formulasi va YouTube sanoatini qanday qilib qaytarib bo‘lmas darajada o‘zgartirgani haqida batafsil so‘z yuritamiz.


MrBeast o‘zi kim va uning fenomeni nimada?

MrBeast — shunchaki mashhur bloger emas. U raqamli davrning eng yirik ko‘ngilochar magnatlaridan biri, xarizmatik filantrop (xayriyachi). Uni “algoritm xakeri” deb ham atashadi. Uning videolari yuz millionlab ko‘riladi, uning brendlari an’anaviy oziq-ovqat gigantlari bilan raqobatlashadi, uning ijtimoiy loyihalari esa butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar hayotiga ta’sir ko‘rsatadi.

Nega u YouTube tarixidagi eng muhim blogerlardan biri hisoblanadi? Chunki Jimmi Donaldson YouTube’da oddiy vlog yuritmagan, unga aniq qoidalar, psixologik triggerlar va matematik hisob-kitoblarga asoslangan ulkan televideniye sifatida yondashdi. Uning fenomeni — murosasiz mehnat, tomoshabin diqqatini ushlab turishdagi daholik va o‘zi olib kelgan barcha pulni yana kontentga tikish kabi omillarning noyob kombinatsiyasidadir.


YouTube imperiya

Jimmi Donaldson 1998-yil 7-mayda AQShning Kanzas shtatida tug‘ilgan, ammo Shimoliy Karolinada o‘sib ulg‘aygan. Uning bolaligi o‘rtacha amerikalik bilan bir xil o‘tgan, ota-onasi favqulodda boy yoki boshqalardan farqli imkoniyatlarga ega emasdi.

U YouTube’dagi ilk kanalini 2012-yilda, bor-yo‘g‘i 13 yoshida “MrBeast6000” nomi bilan ochgan. Uning dastlabki videolari ko‘pchilik o‘smirlarniki kabi oddiy edi: sifatsiz mikrofon, “Minecraft” va “Call of Duty” o‘yinlarining sharhlari, shuningdek, boshqa mashhur YouTube blogerlari qancha pul topishini taxmin qiluvchi videolar. Yillar davomida uning kanali juda sekin o‘sdi.

Ammo Jimmini boshqalardan ajratib turadigan bir hislat bor edi — u YouTube algoritmini tushunishga juda mukkasidan ketgandi. U kuniga 12−14 soatlab kompyuter qarshisida o‘tirib, qaysi videolar ommalashayotgani, qanday muqova (thumbnail) va sarlavhalar odamlarni jalb qilishini o‘rganardi.

Jimmining hayotini o‘zgartirgan burilish nuqtasi 2017-yilda yuz berdi. U tushunib yetdiki, odamlar e’tiborini tortish uchun hech kim qilishga jur’at etmaydigan yoki sabr qilolmaydigan, mantiqsizdek ko‘ringan ekstremal ishlarni qilish kerak.

Shunday qilib, u kamerasini yoqdi va… 1 dan 100 000 gacha sanashni boshladi. Uzluksiz. Bu jarayon taxminan 40 soat vaqtni oldi (video YouTube qoidalariga moslashish uchun biroz tezlashtirilib, 24 soatdan kamroq qilib yuklangan). Ushbu absurd, ammo aql bovar qilmas matonat talab qiladigan video qisqa vaqt ichida millionlab marta ko‘rildi.

Jimmy o‘zining “yo‘nalishini” topgan edi: Tomoshabinlar sening videong orqasidagi mashaqqat va fidoyilikni ko‘rsa, senga ishonishni boshlaydi. Shundan so‘ng u bir xil so‘zni 100 000 marta yozish, spinnerni 24 soat davomida aylantirish kabi videolarni qildi va har biri millionlab ko‘rildi.


MrBeast kontenti formulasi

Bugungi kunda MrBeast o‘zining absurd qadar qimmat, ommaviy chellenjlari (musobaqa) va gigant sovrinli videolari bilan tanilgan. Ammo nima uchun bu videolar bunchalik mashhur?

MrBeast o‘z videolari uchun millionlab dollar sarflaydi. Uning eng asosiy qoidasi video olib kelgan pulni keyingi videoga tikish. U obunachilariga orol sovg‘a qiladi, oxirgi bo‘lib doiradan chiqib ketgan odamga yuz ming dollar beradi yoki 1 million dollarni yashirib, uni qidirishga chorlaydi. Bu shartlar tomoshabinda katta qiziqish uyg‘otadi.

Uning eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri bu mashhur “Kalmar o‘yini” serialini real hayotda yaratgani bo‘ldi (albatta, jiddiy xavf-xatarlarsiz). Ushbu bitta video uchun 3.5 million dollar sarflangan (dekoratsiyalar, sovrin va ishtirokchilar xarajatlari). G‘olibga 456 ming dollar berilgan. Ushbu video qisqa vaqt ichida 500 milliondan ortiq marta ko‘rilib, platformada tarixiy rekordlardan birini o‘rnatgan.

MrBeast jamoasi videoni o‘tkazib yubormasdan oxirigacha ko‘rishga majbur qiladigan texnikalarni mukammal o‘zlashtirgan. Montaj yuqori darajada dinamik qilinadi. Kadrdagi rakurs har 3−5 soniyada o‘zgaradi. Koʻz zerikishga ulgurmaydi. Videoning nima haqidaligi, qanday sovrin o‘ynalayotgani birinchi 5 soniyadayoq baqiriq, vizual effektlar va katta raqamlar bilan tushuntiriladi. Hech qanday uzoq salomlashish yoki zerikarli kirish so‘zlari yo‘q. Bundan tashqari, har bir video o‘ziga xos mini-film. Unda qahramonlar (ishtirokchilar), ziddiyat, qiyinchilik va finaldagi katarsis (katta sovg‘a topshirilishi) mavjud.

Global qamrov

Hozir MrBeast’ni dunyoning istalgan nuqtasida tanishadi. U YouTube’da eng ko‘p obunachiga ega muallif hisoblanadi. Videolari dunyo bo‘ylab tarqalishni boshlaganidan keyin u har bir videosini turli tillarda dublyaj qilishni boshladi. U 1 oy oldin hatto o‘zbek tili bo‘yicha koordinator lavozimiga e’lon ham berdi.

MrBeast uzoq vaqtdan beri shunchaki “YouTuber” emas, balki ulkan korporatsiya rahbaridir. Uning guruhida yuzlab odamlar — ssenariynavislar, muhandislar, vizual effekt ustalar, moliya tahlilchilari va yuristlar ishlaydi.

Odamlarni doim bir savol qiziqtiradi: u buncha pulni qayerdan oladi? Unda bir nechta manba bor:

  1. YouTube daromadi: Garchi uning videolari milliardlab marta ko‘rilsa-da, YouTube reklamasidan tushadigan pul uning videolari xarajatini deyarli qoplamaydi. Chunki bitta videoga 3−4 million dollar ketishi mumkin.

  2. Homiylik va Integratsiyalar: Asosiy daromad manbalaridan biri bu yirik brendlardir. MrBeast o‘zining har bir videosidagi 1−2 daqiqalik reklama integratsiyasi uchun millionlab dollar haq oladi, chunki bu reklama kafolatlangan yuz millionlab odamlarga yetib boradi.

  3. Feastables (Shokolad brendi): Bu uning eng aqlli tijorat yurishlaridan biri. Jimmi o‘zining shaxsiy shokolad va sneklar brendini yaratdi. Boshqa kompaniyalar mahsulotini reklama qilish o‘rniga, u o‘z videolari orqali bevosita o‘z shokoladlarini sotadi. Feastables hozirda AQSh va dunyodagi yirik supermarketlar tarmog‘ida “Hershey's” kabi gigantlar bilan raqobatlashmoqda.

  4. MrBeast Burger: Pandemiya davrida u “qora oshxonalar” (ghost kitchens) konsepsiyasi asosida virtual fast-fud tarmog‘iga asos soldi. Sifat bilan bog‘liq ba’zi yuridik muammolar va sudlashuvlarga qaramay, bu loyiha ham o‘z vaqtida millionlab dollar foyda keltirdi.

Boyligi: Forbes va boshqa moliyaviy nashrlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, MrBeast imperiyasining qiymati allaqachon 1 milliard dollardan oshgan. Ammo Jimmy o‘zining shaxsiy hayoti uchun u qadar ko‘p pul ishlatmaydi, uning bank hisobidagi mablag‘lar doimiy ravishda biznesni kengaytirish va yangi videolarga yo‘naltiriladi.


Xayriya

Jimmi shunchaki shoularda pul sochib yurmaydi. Uning xayriya loyihalari ko‘p. Masalan, u Afrikaning toza ichimlik suvi yetib bormagan hududlarida 100 ta chuqur artizan quduqlari qurdirdi va shu orqali yarim milliondan ortiq odamni toza suv bilan ta’minladi.

“Men 1000 nafar ko‘r odamning ko‘zini ochdim” nomli videosida u butun dunyo bo‘ylab katarakta kasalligiga chalingan odamlarning jarrohlik operatsiyalarini moliyalashtirdi.

2 hafta oldin chiqargan videosida esa dunyo boʻylab 10 ta maktab qurdirganini koʻrish mumkin.

Bularning barchasi uning alohida “Beast Philanthropy” nomli kanali orqali amalga oshiriladi. Bu kanal 100% xayriya maqsadida ishlaydi: undan tushgan daromadning bir sentini ham Jimmy o‘ziga olmaydi, barchasi yangi ijtimoiy loyihalarga sarflanadi.


Jimmi haqida qisqacha aytadigan boʻlsak, u internet madaniyatida geymerdan global filantropgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan o‘ziga xos evolyutsiya timsolidir. U shunchaki video yaratmayapti; u yangi davr televideniyesi standartini belgilab bermoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling