“Ko‘rmisham”: Sardor Mamadaliyev ustidan sud ishi ochildi

E’lon qilingan sana· 282
“Ko‘rmisham”: Sardor Mamadaliyev ustidan sud ishi ochildi

Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Sardor Mamadaliyev jarimaga tortilayotgani haqida xabar tarqaldi.

Holat xonandaning “Chotki TV” YouTube kanaliga bergan intervyusidan keyin boshlangan. Intervyu davomida undan Sherali Jo‘rayevning “Ko‘rmisham” qo‘shig‘ini kuylab berish so‘ralgan. Aynan shu ijro sababli intervyuning aynan oʻsha qismi YouTube platformasidan olib tashlangan hamda Sardor Mamadaliyevga nisbatan sud ishi ochilgan.

Xonandaning o‘z Instagram sahifasida joylagan videosiga ko‘ra, bu masala bo‘yicha faqat u emas, balki yana 20ga yaqin kishi ham aynan shu asosda jarimaga tortilmoqda. Jarima miqdori hozircha ochiqlanmagan.

Shuningdek, Mamadaliyev videoda Adliya vazirligiga ketayotgan paytida avtomobilni xavfsizlik kamarini taqmasdan boshqarayotgan boʻlgan. Shu sababli IIBB xodimlari tomonidan u bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, tegishli tartibda chora ko‘rilgan. Haydovchi yoʻl harakati qoidalarining 9 bandiga rioya qilmaganligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng Sardor Mamadaliyev Instagram sahifasida Ogahiyning “Ko‘rmisham” g‘azaliga yangi kuy bastalagani va uni yaqin kunlarda premyera qilishini e’lon qildi. Xonanda, shuningdek, agar arizalar qaytarib olinmasa, Sherali Jo‘rayevning barcha qo‘shiqlarini o‘z talqinida kuylashini ham aytgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling