Aktyor Chak Norris 86 yoshida vafot etdi

Aktyor va jang san’ati ustasi Chak Norris 20-mart kuni vafot etdi. U 86 yoshda edi. Ma’lumotni san’atkorning oilasi ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqladi.
Qayd etilishicha, aktyor Gavayi orollarida kasalxonaga tushib qolgan. Norrisning qarindoshlari u kasalxonaga tushgan kuni ertalab hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qilgan.
“Biz vaziyatni sir saqlashni istardik, lekin u oilasi qurshovida bo‘lganini va xotirjamlikka erishganini, bilishingiz kerak. Butun dunyo uchun u jang san’ati ustasi, aktyor va kuch timsoli edi. Biz uchun u sadoqatli turmush o‘rtoq, mehribon ota va bobo, ajoyib aka hamda oilamizning yuragi edi”, — degan aktyorning oila a’zolari.
10-mart kuni san’atkor 86 yoshini nishonlagandi. Shu munosabat bilan u ijtimoiy tarmoqlarda murabbiy bilan kurash tushayotgani aks etgan videoni e’lon qilgandi.
“Men qarimayman, men yangi darajaga chiqaman”, — degan Norris rolikda.
Aktyor 1940-yilda AQShning Oklaxoma shtatida tug‘ilgan. 1958−1962 yillarda AQSh harbiy-havo kuchlarida xizmat qilgan. Aktyor 1980 va 1990-yillardagi jangari filmlar, jumladan, “The Way of the Dragon”, “The Delta Force”, “Missing in Action”, “Walker, Texas Ranger” filmlari va seriallardagi rollari katta mashhurlikka erishgan.
Norris dzyudo, braziliyacha jiu-jitsu, karate, taekvondo, tansudo va chunkukdo bo‘yicha qora belbog‘ sohibi bo‘lgan.