"The Delta Force", "The Way of the Dragon", "Code of Silence": Chak Norris rol oʻynagan 10 ta film

E’lon qilingan sana· 290
"The Delta Force", "The Way of the Dragon", "Code of Silence": Chak Norris rol oʻynagan 10 ta film

Kino olamida shunday shaxslar borki, ularning ismi allaqachon janr chegaralaridan chiqib, xalq og‘zaki ijodining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Chak Norris ana shunday afsonalardan biri hisoblanadi. Uning ishtirokidagi jangari filmlar o‘n yillar davomida ekranlarni egallab kelgan. Aktyor 20-mart kuni 86 yoshida vafot etdi.

Norris milleniallar avlodi uchun haqiqiy qahramon va o‘zgarmas ramz hisoblanadi. 90-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida video kassetalar hamda ilk kabel televideniyesi orqali uning filmlarini tomosha qilib ulg‘aygan yoshlar uchun u shunchaki aktyor emas, balki adolatning oliy ko‘rinishi ham boʻlgan. Hatto internet paydo bo‘lgach, uning kuchi haqidagi hazilomuz “faktlar” butun dunyo bo‘ylab mem darajasiga ko‘tarilib, uning mashhurligini yangi bosqichga olib chiqqan.

Uning ijodiy yo‘liga nazar tashlasak, deyarli barcha filmlarida bir xil, ammo barqaror obrazni ko‘ramiz: kamgap, sovuqqon, mag‘lubiyat nimaligini bilmaydigan va har qanday muammoni “aylanma zarba” bilan hal qiladigan qahramon. U Texas reynjeri bo‘ladimi yoki maxsus xizmat agenti, tomoshabin har doim Norrisdan aynan shu sadoqat va jasoratni kutgan.

Afisha.uz ushbu maqolada “yengilmas Chak"ning eng yorqin filmlari haqida ma’lumot beradi.

“Walker Texas Ranger 3: Deadly Reunion”

Chak Norris 1993-yilda “Walker, Texas Ranger” serialida bosh qahramon sifatida suratga tushishni boshlaydi. Serial 9 mavsum davom etgan. 1994-yilda esa serial asosida film ham suratga olingan va unda qahramonning kelib chiqishi namoyish etilgan.

Texaslik reynjer Kordell Uoker oddiy va ko‘zga tashlanmaydigan politsiyachiga o‘xshaydi. Ammo Uoker har doim aybdor jinoyatchilarni topadi va ularni hech ikkilanmay jazolaydi. U o‘z ishining ustasi, yakka o‘zi harakat qiladi, adolat uchun tinimsiz kurashadigan va uni oxiriga yetkazadigan haqiqiy yolg‘iz qahramon.

Filmni tomosha qilish.


“Sidekicks”

Bu filmda Chak Norris oʻzini ijro etadi. Film o‘ziga xos, aktyor muxlislari uchun biroz nostalgiya kayfiyatini uygʻotadigan komedik film hisoblanadi. Shuningdek, uni koʻrish orqali motivatsiya olish ham mumkin. Chak Norrisning obrazi bilan yaxshi tanish boʻlgan muxlislar zavq oladi.

Berri sinfdoshlari orasida katta obro‘ga ega emas edi. Birinchidan, u dahshatli astma xurujlari tufayli jismonan kuchli emas. Ikkinchidan, ruhan ham zaifroq, doim ham yomon odamlarga javob berishga botinolmasdi. Uchinchidan, u xayolparast bo‘lib, o‘z orzularida adolat uchun kurashuvchi Chak Norrisning birinchi yordamchisiga aylanadi.

Filmni tomosha qilish.


“Missing in Action”

Vyetnam urushidan beri ko‘p vaqt o‘tdi, ammo Amerika jamiyatining eng og‘riqli muammolaridan biri boʻlgan mavzu hali ham saqlanib qolmoqda. Unga koʻra, ikki yarim ming amerikalik askar bedarak yo‘qolgan, oila a’zolari va yaqinlari bu askarlar hamda zobitlarning taqdiri haqida hech narsa bilmaydi. Ba’zi harbiy asirlar hanuzgacha Vyetnam hududidagi lagerlarda saqlanayotgani va u yerda g‘ayriinsoniy sharoitlarda saqlanayotgani, shafqatsizlarcha ekspluatatsiya qilinayotgani va qiynoqqa solinayotgani haqida mish-mishlar tarqalmoqda.

Hukumat Vyetnamga borib, tekshiruv o‘tkazishi kerak bo‘lgan maxsus komissiya to‘plash haqida qaror qabul qilmoqda. Komissiyaga Vyetnam urushi faxriysi, polkovnik Jeyms Breddok taklif qilinadi. Jeyms Breddokning o‘zi Vyetnam asirligida qayg‘u chekkan, u yerda boshqa bir guruh amerikalik askarlar bilan 10 yil davomida saqlangan edi.

Filmni tomosha qilish.


“Code of Silence”

Ushbu film Chak Norris filmografiyasidagi eng jiddiy va hurmatga sazovor ishlaridan biri hisoblanadi. Kinokartina odatiy klishe mavzu — “Chak Norris hammani magʻlub etadi” tipidagi kino emas. Unda ancha real va og‘ir mavzular koʻtarilgan.

Chikago politsiyasining navbatdagi operatsiyasi puxta rejalashtirilgan edi. Nihoyat, mashhur Komacho giyohvandlik to‘dasini jinoyat ustida qo‘lga olish imkoniyati tug‘ildi. Ammo “tovar"ni topshirish paytida bitim joyida raqobatchi guruh vakillari — Toni Lunaning odamlari paydo bo‘ladi. Otishma boshlanadi, natijada ikki ofitser halok bo‘ladi, Kamachoning o‘zi yaralanadi va giyohvand moddalar partiyasi izsiz yo‘qoladi. Yo‘qolgan odamni topish detektiv Eddi Kyusakka topshiriladi, u juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga qaror qiladi va birinchi navbatda Toni Lunaning qizi Dayana ustidan kuzatuv o‘rnatadi.

Filmni tomosha qilish.


“Lone Wolf McQuade”

Butun faoliyati davomida asosan yovuzlarga qarshi chiqadigan qahramonlar rolini oʻynagan Chak Norris kinematografiya uchun klassikaga aylangan “ikki politsiyachi” janridagi filmda ham bosh rolni oʻynaydi. Film 1983-yilda premyera qilingan, unga Stiv Karver rejissyorlik qilgan.

Qaroqchilar reynjer Makkuaydni shafqatsizligi uchun, politsiya boshlig‘i esa yolg‘iz bo‘ri kabi ishlash uslubi sabab yomon ko‘radi. Oxir-oqibat, unga meksikalik yosh sherik majburan biriktiriladi. Ularga karate bo‘yicha chempion Rouli ismli shaxs boshchiligidagi kontrabandachilar to‘dasi qurol bilan qarshi chiqadi.

Filmni tomosha qilish.


“The Expendables 2”

XX asrdan XXI asrning 2012-yiliga oʻtamiz. Ushbu kinokartinada jangari filmlardagi rollari bilan mashhurlikka erishgan deyarli barcha aktyorlar ishtirok etgan. Silvester Stallone bosh rolni ijro etgan kinokartinada Jeyson Steythem, Jan-Klod Van Damm, Arnold Shvarsnegger qatorida Chak Norris ham qatnashgan.

Chegarasizlar jamoasi qaytadi. Ushbu filmda Barni Ross oʻz jamoasi bilan yangi topshiriq oladi: Albaniya taraflarda qulagan samolyotdagi chemodanni olib kelish lozim. Lekin ulardan hech bir bunday oson ish terrorchilarga qarshi qonli jangga aylanib ketishini tasavvur qilmagandi.

Filmni tomosha qilish.


“The Way of the Dragon”

Jangari filmlar ishqibozlari orasida kultga aylangan kinokartina koʻpchilikning yodida Bryus Li nomi bilan qolgan. Ammo Chak Norris kinokartinada sharqlik qahramondan qolishmaydigan antogonist rolini ijro etadi.

Tan Gonkongdan Rimga doʻstlarining oldiga yordamga keladi. Mahalliy mafiyalar doʻstining oilasiga tegishli restoranni tortib olishni rejalashtirmoqda. Har doim istagan narsasini olishga odatlangan va hech narsadan tap tortmaydigan qaroqchilar, ko‘rinishidan kamtar yigitning qadriga yetmay, katta xatoga yo‘l qo‘yadi. O‘z kuchi bilan unga bas kelolmagan mafiozlar Yevropa va Yaponiyaning eng yaxshi jang san’ati ustalarini yollashadi, ammo Tan hammani osongina mag‘lub etadi. Ana shunda qadimiy Kolizey maydoniga unga qarshi amerikalik jangchi Kolt chiqadi.

Filmni tomosha qilish.


“The Delta Force”

1986-yilda premyera qilingan kinokartina mashhur trilogiyaning birinchi qismi hisoblanadi. Chak Norris unda bosh qahramon rolini ijro etgan.

Xavfli terrorchilar amerikalik sayyohlarni asir olib, Beyrutga olib ketayotganda, prezident ularni ozod qilish uchun “Delta” otryadini — polkovnik Nik Aleksander va mayor Skott Makkoy boshchiligidagi birinchi darajali jangchilar brigadasini yuboradi. Yaqin Sharqqa tashlanganidan ko‘p o‘tmay, elita qutqaruv otryadi ayollar hamda bolalar qo‘yib yuborilgani, ammo erkaklar fanatik jinoyatchilar to‘dasi tomonidan dengiz qirg‘og‘ida joylashgan maktab binosida ushlab turilgani haqida ma’lumot oladi.

Filmni tomosha qilish.


“Agent Recon”

Ushbu film avvalgilariga qaraganda ancha yangi boʻlib, 2023-yilda suratga olingan. Fim reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallamasa-da, sevimli qahramonini sogʻingan milleniallar uchun ajoyib nostalgiya vazifasini oʻtagan.

Bir guruh harbiylar o‘zga sayyoralik texnologiyalar bilan tajriba o‘tkazishda gumon qilinayotgan Nyu-Meksikodagi maxfiy bazada sirli energiya qo‘zg‘alishini kuzatmoqda. U yerga yetib borgach, jamoa g‘ayrioddiy kuch va tezlikka ega bo‘lgan, shuningdek, fikrsiz jangchilar armiyasini boshqarish qobiliyatiga ega bo‘lgan noma’lum mavjudotga duch keladi.

Filmni tomosha qilish.


“Invasion U.S.A”

Film 1985-yil premyera qilingan. U vaqtda butun dunyo sovuq urush kayfiyatida yashayotgan, bu urushning ikki eng katta giganti AQSh va Sovet Ittifoqi hisoblanardi. Chak Norris shu mavzuga qoʻl urilgan filmda ham bosh rolni ijro etgan.

Markaziy razvedka boshqarmasining iste’fodagi agenti butun mamlakatni bosib olish xavfi ostida Floridaga sovet terrorchilari tushirilgandan so‘ng safga qaytishga majbur bo‘ladi. Buning ustiga, nihoyat eski dushman — agent Mixail Rostovni yo‘q qilish imkoniyati tug‘iladi. Lekin sovet josusi ham o‘zining eski tanishi bilan hisob-kitob qilmoqchi.

Filmni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling