O‘zbek repida yangi fristayl loyiha – “So‘z”

Haqiqiy reperning asosiy “quroli” — fristayl. O‘zbek repi, xususan, fristayl haqida ko‘pchilikda noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘lib qolgan, internetda mashhur bo‘lgan “san o‘zbekmassan, san xitoylisan…”, “Aziz yaramas, to‘pig‘imdan pas…” kabi sifatsiz matnlar ortida mana shunday fikr shakllangandir, ehtimol. Ammo bu umuman rep emas.
Haqiqiy reperlarning ijodini ko‘rsatish uchun platformalar kerak bo‘ladi. O‘zbek hip-hopida sifatli loyiha paydo bo‘ldi — “So‘z”. Uning birinchi soni YouTube’da e’lon qilindi, unda Doxxim, Java, Jaydario va Javoh ishtirok etgan. Kimdir uni xalqaro formatlarning shunchaki nusxasi desa, boshqalar mahalliy rep uchun yangi bosqich sifatida ko‘rmoqda. Afisha.uz loyiha ijodkorlari bilan bog‘lanib, barcha savollarga javob oldi.
G‘oya va “Cult” bilan solishtirishlar haqida
Loyihaning paydo bo‘lishi tasodif emas. Damir va Sanjar (reper Qarz) ancha vaqtdan beri ham yangi nomlar, ham tajribali reperlar uchun umumiy maydon yaratishni rejalashtirib yurishgan. Dastlabki reja battl formatida bo‘lgan, biroq ijodkorlarning ta’kidlashicha, mamlakatda hozircha barmoq bilan sanarli darajada sifatli battl artistlar bor, xolos.

Shu sababli format Rossiyaning mashhur “Cult” loyihasini eslatuvchi boʻlgan. Ijodkorlar bu boradagi tanqidlarga ochiq javob berdi:
“Ha, biz 'Cult' loyihasidan ilhomlandik va uni o‘z bozorimizga moslashtirdik. Buni inkor qilmaymiz. Maqsadimiz — mamlakatda hip-hop janrini dominant darajaga olib chiqish va hamjamiyatni birlashtirish.”
Birinchi son uchun ishtirokchilar asosan hamkasblar tavsiyasi va do‘stona aloqalar asosida tanlangan. Muhim jihati shundaki, “So‘z” loyihasidagi barcha bitlar va musiqalar mualliflik huquqiga ega. Artistlar o‘g‘irlangan musiqalar ustiga emas, balki mahalliy bitmeykerlar tomonidan taqdim etilgan maxsus kompozitsiyalarga o‘z kupletlarini ijro etishadi.

Kelajak rejalari: loyiha faqat rep bilan cheklanib qolmaydi
Hozircha loyihaning ikkita soni aniq rejalashtirilgan. Ishtirokchilar nomi sir tutilayotgan bo‘lsa-da, tashkilotchilar ko‘plab syurprizlar va’da qilmoqda. Qiziq tomoni, loyiha faqat rep janri bilan cheklanib qolmaydi.

“Hamma 'yulduzlar' ham jonli kuylay olmaydi yoki xohlamaydi. Bizda qat’iy qoida bor — kim jonli ijro etolmasa, loyihada qatnashmaydi,” — deydi loyiha mualliflaridan biri Aziz Tulkun. Bu degani, “So‘z” kelajakda nafaqat reperlar, balki haqiqiy iste’dodli vokalchilar uchun ham sifatli platformaga aylanishi mumkin.
Afisha.uz “So‘z” loyihasi axborot hamkori sanaladi. Uning birinchi sonini YouTube’da tomosha qilishingiz mumkin.