11 yoshli Yasmina Husniddinova Britain's Got Talent loyihasida

E’lon qilingan sana· 615
11 yoshli Yasmina Husniddinova Britain's Got Talent loyihasida

11 yoshli xonanda Yasmina Husniddinova O‘zbekiston nomidan dunyoga mashhur Britain’s Got Talent loyihasida ilk bor ishtirok etib, tarixiy natijaga erishdi. Angliyaning Blackpool shahrida bo‘lib o‘tgan saralash bosqichida u hakamlar hay’atidan 4 ta “HA” javobini qo‘lga kiritib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Yasmina Toshkent shahar 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining estrada xonandaligi yo‘nalishi 5-sinf o‘quvchisi bo‘lib, u ushbu nufuzli sahnada O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildi. Bu natija nafaqat yosh ijodkorning shaxsiy muvaffaqiyati, balki mamlakat madaniyati va san’atining xalqaro maydondagi muhim yutug‘i sifatida baholanmoqda.

Yasmina sahnada “Never Enough” qo‘shig‘ini ijro etdi. Uning kuchli vokali tomoshabinlar hamda hakamlarni hayratda qoldirdi. Xususan, hakamlardan Amanda Holden uning ovoz ustidan nazoratini yuqori baholagan bo‘lsa, Alesha Dixon ijrodagi hissiy dinamika va ovoz diapazonining kengligini alohida ta’kidladi.

Ushbu muvaffaqiyat Yasminaning xalqaro maydondagi ilk yutug‘i emas. U avval Slavyanskiy bazar Vitebsk festivalida hamda Sanremo Junior tanlovida Gran-pri sovrinlarini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u 2024-yilda o‘tkazilgan “Yoshlar ovozi — Bo‘zatov FEST” respublika tanlovining g‘olibi sifatida ham keng jamoatchilikka tanilgan.

Shuningdek, u 2024-yilda o‘tkazilgan Ovoz Bolalar loyihasining birinchi mavsumida ham yorqin ishtirok etib, murabbiy DJ Pilgrim jamoasi tarkibida finalgacha yetib borgan va uchinchi o‘rinni egallagan.

Yosh xonanda o‘zining ushbu yutug‘i munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda ham hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi. U Instagram sahifasida joylagan postida ““Men Britain’s Got Talent loyihasidaman! Men juda baxtiyorman va hayajondaman. Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun hammaga rahmat! Menga obuna bo‘ling va @bgt ko‘rsatuvlarini kuzatib boring!” deya o‘z quvonchini izhor etdi.

Yasmina Husniddinovaning Britain’s Got Talent sahnasidagi muvaffaqiyati butun O‘zbekiston uchun faxrli voqea bo‘ldi. Endilikda u millionlab tomoshabinlar kuzatayotgan loyihada bosh sovrin uchun kurashni davom ettiradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling