Netflix Ronaldinyo haqida hujjatli serial suratga oladi

E’lon qilingan sana· 381
Netflix Ronaldinyo haqida hujjatli serial suratga oladi

Netflix platformasi barcha davrlarning eng yaxshi futbolchilaridan biri deya e’tirof etiladigan braziliyalik Ronaldinyo haqida “The One and Only” nomli yangi hujjatli serial tayyorlamoqda. Bu haqda striming xizmati o‘z ijtimoiy tarmoqlarida ma’lum qildi.

Loyiha “Ronaldino: Yagona va betakror” deb nomlanadi va 16-aprel kuni chiqadi. Unga avval e’lon qilinmagan materiallar, shuningdek, Messi, Neymar, Roberto Karlos va boshqa sport afsonalarining sharhlari kiritiladi.

Qayd etilishicha, Ronaldinyo haqidagi serial Netflix tomonidan jahon chempionati oldidan taqdim etiladigan uchta braziliyalik haqidagi loyihadan biri bo‘ladi. Turnir yozda AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.

Striming servisida 1994-yilgi g‘olib Braziliya terma jamoasi haqidagi film va Janubiy Amerikaning ko‘plab futbol yulduzlari uchun boshlang‘ich maydonga aylangan Super Copa Pioneer havaskorlar turniri haqidagi kinokartina ham paydo bo‘ladi. Premyeralar mos ravishda 7-may va 8-iyunga belgilangan.

Ronaldinyo — braziliyalik futbolchi, 2002-yilgi jahon chempioni. Faoliyati davomida “Barselona”, “PSJ”, “Milan” va “Flamengo” klublari sharafini himoya qilgan. “Braziliyalik sehrgar” laqabi bilan ham tanilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling