Vengriyada Van Gog chizgani taxmin qilinayotgan rasm topildi

Vengriya poytaxti Budapeshtda rassom Vinsent Van Gog chizgani taxmin qilinayotgan rasm topildi. Bu haqda Vengriyaning Blikk nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, polotnoni chet ellik kolleksioner ekspertizaga topshirgan. U rassomchilik tadqiqotlari laboratoriyasidan asarning qachon chizilgani va uning muallifi kim ekanini aniqlashni so‘ragan. Laboratoriya rahbari Jofiya Vegvari kartina muallifi mashhur niderlandiyalik postimpressionist rassom bo‘lishi mumkinligini aniqlagan.
San’atshunos polotno 1885−1890 yillarda chizilgan degan xulosaga kelgan va bo‘yoqlar tarkibi hamda kimyoviy aralashmalar bo‘yicha yaratilishi mumkin bo‘lgan joylar doirasini toraytirishga muvaffaq bo‘lgan.
Kartinaning tashqi ko‘rinishi Van Gogning 1888-yilda chizilgan va Parijdagi Orse muzeyida namoyish etilgan “Arledagi raqs zali” asariga o‘xshaydi. Taxminlarga ko‘ra, polotno mashhur asarni chizishdan oldin dastlabki etyud sifatida yaratilgan.
“Rassomlar ko‘pincha bir xil mavzuda bir nechta asarlar yaratadi va Vinsentning o‘zi ukasi Teoga yozgan maktublarida bu haqda bir necha eslab oʻtgan. Ehtimol, bu yerda ham xuddi shunday juftlik ish haqida gap ketayotgandir, tadqiqot va javob izlash davom etmoqda”, — dedi Vegvari.
Ekspertizaga topshirilgan surat kimga tegishli ekani va uning egasiga qanday yetib borganiga laboratoriya rahbari aniqlik kiritmagan.