Farrux Zokirov 80 yoshda: Ko‘ksaroyda tantanali yubiley boʻlib oʻtdi

E’lon qilingan sana· 202
Farrux Zokirov 80 yoshda: Ko‘ksaroyda tantanali yubiley boʻlib oʻtdi

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning 80 yillik yubileyi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Marosimda davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at vakillari, ijodkor ziyolilar hamda Yalla ansambli a’zolari qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev tomonidan Farrux Zokirovga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni topshirildi.

Ta’kidlanishicha, Zokirovlar sulolasi o‘zbek milliy estradasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Xususan, Karim Zokirov asos solgan maktab va Botir Zokirovning boy ijodiy merosi yuksak qadrlanadi. Farrux Zokirov esa ushbu an’analarni davom ettirib, milliy estradani yangi bosqichga olib chiqqan san’atkor sifatida e’tirof etildi.

Qayd etilishicha, san’atkor nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyo va boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham mashhur. U bir qator davlatlarning xalq artisti unvonlariga sazovor bo‘lgan.

Bugungi kunda Farrux Zokirov nomi Yalla ansambli bilan chambarchas bog‘liq. 55 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan jamoa 400 dan ziyod qo‘shiqlar yaratib, milliy madaniyatning “oltin fondi"dan joy olgan.

Tadbirda san’atkorning yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashdagi hissasi ham alohida e’tirof etildi. U “Ovoz” kabi loyihalar orqali yangi iste’dodlarni kashf etib kelayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Prezident tomonidan Farrux Zokirov faoliyatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan farmon va qarorlar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga san’atkor nomi beriladi hamda ushbu maskanda zamonaviy studiyalar va ijodiy laboratoriyalar tashkil etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling