"Bobur", "Sevginator 2", "101-reys": Muqaddas Xoliqova rol ijro etgan 10 ta film

E’lon qilingan sana· 2 556
"Bobur", "Sevginator 2", "101-reys": Muqaddas Xoliqova rol ijro etgan 10 ta film

O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova o‘zining iste’dodi va ijodi bilan o‘zbek kino san’atida o‘chmas iz qoldirgan ijodkorlardan biridir. Uning ekranlarda yaratgan har bir obrazi, xoh u kichik epizod bo‘lsin, xoh bosh rol, tomoshabin uchun qadrli boʻlib qolgan.

Aktrisa 16-aprel kuni 66 yoshga toʻldi. U 1981-yildan Oʻzbek milliy akademik drama teatrida oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Afisha.uz quyida uning e’tiborga molik roʻllari haqida ma’lumot beradi.

“Bobur”

1990-yilda yozuvchi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari asosida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayotini soʻzlaydigan birinchi oʻzbek seriali suratga olingan. Unda Muqaddas Xoliqova Fotima sulton rolini ijro etgan.

Ushbu serial oʻzbek kinematografiyasining oltin fondidan joy olgan. Bobur rolida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalari xalq artisti Muhammad Ali Abduqunduzov ijro qilgan.

Serialda Boburning qaygʻuli, bir vaqtning oʻzida shuhratli va ibratli hayoti hamda ijod yoʻli haqida soʻz boradi. Shuningdek, uning hayotidagi muhim janglar oldidan qilingan siyosiy harakatlari namoyish etiladi.

Serialni tomosha qilish.


“Baribir hayot goʻzal”

Kinokartinaga “Muhabbat, nafrat va hayotdagi omadsizliklar haqidagi film”, deya ta’rif beriladi. Tomoshabinlar orasida katta mashhurlikka erishmagan boʻlsa-da, film oʻzida katta nomlarni toʻplagan. Muqaddas Xoliqovadan tashqari, rollarda Matyoqub Matchanov, Ravshan Solixov, Farogʻat Rahmatova va boshqalarni koʻrish mumkin.

“Erkak kishi qila olmaydigan narsasini va’da qilmasligi kerak — aks holda uni hurmat qilishmaydi”, — deydi filmda buvisi nabirasiga turmush muammolari tufayli o‘zini qo‘yarga joy topolmayotgan otasi haqida gapirar ekan.

Film bosh qahramoni oilasini boqish uchun har qanday ishga, hatto noilojlikdab qotil bo‘lishga ham rozi.

Filmni tomosha qilish.


“Xoʻja Nasriddin va Azroil”

Oʻzbek kinosi ham oʻzining koʻplab filmlarda koʻrinish bergan qahramonlariga ega. Xoʻja Nasriddin afandi shular jumlasidan. Muqaddas Xoliqova filmda Bektoshning katta xotini rolini oʻynagan.

Nasriddin Afandi xalq og‘zaki ijodining sevimli qahramoni, hamisha odil, so‘zga chechan, xalq himoyachisi hisoblanadi. Bu safar Afandi uyga o‘lim keltiruvchi farishta Azroil bilan uchrashadi.

Filmni tomosha qilish.


“Ulfatlar”

Muqaddas Xoliqovani xalq suygan aktrisaga aylanishida uning epizodik rollarni ham maromiga yetkazib ijro etishi ham alohida oʻrin tutadi. Katta loyiha hisoblanadigan “Ulfatlar” filmlarida ham aktrisa kichik, ammo oʻziga xos obrazni yaratgan.

Ulfatlar yaqin do‘stining o‘lgani haqida xabar eshitadi. Ular shifoxonaga yugurib boradi va u yerda do‘stlarining tirikligini hayrat va quvonch bilan bilib oladi. O‘lim haqidagi xabar esa “buzilgan telefon” natijasida paydo bo‘lgan. Lekin bu yagona hodisa emas. Ulfatlar hali ko‘p qiyinchiliklarga duch kelishadi.

Filmni tomosha qilish.


“Jannat qaydadir?”

Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi Erkin A’zam asari asosida suratga olingan kinokartinada asosiy rollarni Shohida Uzoqova va Afzal Rafiqov ijro etgan. Klassika aylanishga ulgurgan filmda Muqaddas Xoliqova kichik, ammo muhim obraz — Boʻstonni gavdalantiradi.

Filmning bosh qahramonlari — Xonim va uning akademik eri butun oilasi bilan Amerikaga ketib, o‘z baxtini topishga harakat qiladi.

Filmni tomosha qilish.


“Ta'ziyadagi toʻy”

Muqaddas Xoliqova bosh rolni ijro etgan filmga ham yetib keldik. Rejissyorlar Melis Abzalov va Xotam Fayziyev tomonidan suratga olingan “Ta'ziyadagi toʻy” kinokartinasida aktrisadan tashqari buyuk oʻzbek aktyori Obid Yunusov ham rol oʻynagan. Bu uning soʻnggi rollaridan biri hisoblanadi.

Ikki qadrdon do‘stning qiziqarli sarguzashtlari, ularning boshdan kechirganlari, uydirmalari, hazil-mutoyibalari va sho‘xliklari qishloq ahlini hayratga soladi. Chunki bu ikki qahramon oltmish yoshdan ancha oshgan, ammo tinib-tinchimas qariyalar hali ham oʻzaro kurashmoqda.

Filmni tomosha qilish.


“Sevginator 2”

“Sevginator 2” kinokartinasi Muqaddas Xoliqovaning eng koʻp memlarga aylangan roli hisoblanadi. U filmda asosiy rolni oʻynagan va tomoshabinlarning mehrini qozongan.

Komedik melodrama gʻayri tabiiy fantastik syujetga ega, chunki qahramon insonga oʻxshash robotni osonlik bilan yaratadi, ammo bunga qaramasdan bu sevgi va inson munosabatlari haqidagi hikoyadir.

Malomatxon mashhur kinokartinaning ikkinchi qismida qishloqqa kelin boʻlib boradi. Robot u yerda yangi qaynonasi bilan muammolarni hal qilishga kirishadi.

Filmni tomosha qilish.


“Taqdirlar”

Kinokartinaga oʻz davrida “zamonaviy yoshlar haqidagi film”, deya ta’rif berilgan. Kinoni koʻpchilik Adiz Rajabov va Nargiza Salmonova gavdalantirgan obrazlar orqali bilsa-da, Muqaddas Xoliqova unda oʻz oʻrniga ega boʻlgan.

Film haqiqiy va sof muhabbat hamda yoshlarning oʻzaro munosabatlari haqida. O‘zbek jamiyatining qadriyatlari — ota-ona va kattalarga hurmat, oiladagi munosabatlar boʻyicha hikoya qilinadi.

Filmni tomosha qilish.


“Oʻjar kelin”

Oʻzbek kinosini oʻrganar ekanmiz, qaynona-kelin mavzusi unda ancha avvalroq boshlanganini sezamiz. “Oʻjar kelin” filmi ham shular jumlasidan. Muqaddas Xoliqova filmda bosh qahramon qizning onasi obrazida namoyon boʻladi.

Kelin to‘rt yildan beri tug‘olmaydi va erini rashk qiladi, doimo uning xiyonatini kutadi. Janjalga erining kiyimidagi lab bo‘yog‘ining izi sabab boʻlgan. Yosh xonadondagi janjal va kelinning ota-onasi uyiga qaytishi haqiqiy fojiani keltirib chiqaradi.

Filmni tomosha qilish.


“101-reys”

2001-yil 11-sentyabr kuni erta tongda Oʻzbekistondan “Boeing 757” samolyoti havoga ko‘tarildi. Bu tajribali uchuvchi Zarif Saidazimov uchun nafaqaga chiqishdan oldingi so‘nggi parvoz edi. “101-reys” Birmingem xalqaro aeroportidan Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi xalqaro aeroportiga uchadi.

Zarif Saidazimov Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportga yaqinlashar ekan, kutilmaganda dispetcherdan Bostonda joylashgan boshqa aeroportga qo‘nish kerakligi haqida buyruq oladi. Kapitan bu haqda yo‘lovchilarga e’lon qiladi va Boston tomon yo‘l oladi. Bostonga yaqin qolganda, dispetcher samolyot Kanada hududidagi Gander xalqaro aeroportiga qo‘nishi kerakligini ma’lum qiladi. Kapitan Saidazimovning ko‘rsatmalarga amal qilishdan boshqa iloji yo‘q. U ekipajni o‘zgarishlar haqida ogohlantirib, yo‘lovchilardan xotirjamlikni saqlashni so‘raydi.

Ushbu xabar yo‘lovchilarga yetib borgach, samolyot salonini sarosima va vahima bosadi. Muqaddas Xoliqova filmda samalyot yoʻlovchilaridan biri boʻlgan Muqaddas rolini oʻynagan.

Filmni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling