"Bunda xalq aybdor emas, san'atkorlar aybdor": Jahongir Otajovov nima uchun chet el qoʻshiqlari koʻproq tinglanishi haqida

Xonanda Jahongir Otajonov yaqinda bo‘lib o‘tgan konsert oldidan jurnalistlar bilan suhbatda bugungi musiqa va tinglovchilar didi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
San’atkordan hozirgi qo‘shiqlarning saviyasizlashayotganini tinglovchilar saviyasi bilan bog‘layotgan ijodkorlar haqidagi qarashi so‘raldi. Xonanda esa bu fikrga qo‘shilmasligini aytdi.
“Men hech qachon bu fikrga qo‘shilmaganman. Mening saviyam qanday darajada bo‘lsa, mening musiqamni tinglayotgan va qabul qilayotgan odamlarning saviyasi ham shunga mos bo‘ladi. Bu bilan o‘zimning saviyam yuqori demoqchi emasman”, — dedi u.
Shuningdek, xonanda o‘zbekcha qo‘shiqlarga qiziqish pasayishini tinglovchilar emas, balki ijodkorlar bilan bog‘lash kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, muxlislar sifatli va zamonaviy musiqani izlaydi.
“Ko‘pchilik ‘o‘zbekcha qo‘shiqlar eshitilmayapti' deyishadi. Lekin buning sababi tinglovchilarda emas. Biz ularni qoniqtira olmayapmiz. Shu sababli muxlislar chet el qo‘shiqlarini eshitmoqda. Musiqaning tili bo‘lmaydi”, — deya fikr bildirdi san’atkor.
Uning aytishicha, tinglovchilar zamonaviyroq va qiziqarliroq musiqaga ehtiyoj sezadi. Agar oʻzbek ijodkorlari bu talabni qondira olmasa, chet el musiqalarini eshitishlari tabiiy hol.