Shakira yana mundial sahnasida: FIFA–2026 uchun yangi qo‘shiq kuylaydi

Kolumbiyalik mashhur xonanda Shakira yana futbol olamining markazida. U FIFA Jahon chempionati — 2026 uchun rasmiy qo‘shiqni kuylayotganini e’lon qildi.
“Dai Dai” nomli trekning ilk tizeri Rio de Janeyrodagi mashhur “Maracana Stadium” stadionida suratga olingan bo‘lib, videoda Shakira raqqoslar bilan birga stadion maydonida chiqish qiladi.
Bir daqiqalik videoda Shakira ingliz tilida: “Bu yerda sening o‘rning bor. Seni bir vaqtlar sindirgan narsa endi seni kuchli qildi”, deya kuylaydi. Xonandaning ma’lum qilishicha, qo‘shiqning to‘liq versiyasi 14-may kuni taqdim etiladi.
2026-yilgi FIFA Jahon chempionati 11-iyun kuni Mexika va Janubiy Afrika terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bilan boshlanadi. Ochilish bahsi “Azteca Stadium” stadionida bo‘lib o‘tadi. Final esa 19-iyul kuni “MetLife Stadium” stadionida tashkil etiladi.
Shakira FIFA bilan ilk bor hamkorlik qilayotgani yo‘q. U bugungacha Jahon chempionati bilan bog‘liq bir necha mashhur qo‘shiqlarni ijro etib, futbol tarixidagi eng taniqli musiqiy ramzlardan biriga aylangan.
Shakira va FIFA Jahon chempionati
2010-yilda South Africada o‘tgan FIFA Jahon chempionati uchun yaratilgan “Waka Waka (This Time for Africa)” qo‘shig‘i Shakiraga global miqyosdagi rekord mashhurlik olib kelgan edi. Qo‘shiq Janubiy Afrikaning “Golden Sounds” guruhi musiqasidan ilhomlangan bo‘lib, futbol tarixidagi eng muvaffaqiyatli mundial madhiyalaridan biri sifatida tan olinadi. Hozirga qadar klip milliardlab marotaba tomosha qilingan.
Oradan to‘rt yil o‘tib, 2014-yilda Braziliyada o‘tgan mundialda ham Shakira yana sahnaga qaytdi. U braziliyalik san’atkor Karlinhos Bravn bilan birgalikda “La La La (Brazil 2014)” qo‘shig‘ini kuyladi. Mazkur trek FIFA’ning asosiy madhiyasi bo‘lmagan bo‘lsa-da, turnirning eng mashhur qo‘shiqlaridan biriga aylandi va muxlislar orasida katta ommalashdi.
Shuningdek, Shakira 2006-yil Germaniyada o‘tgan Jahon chempionati yopilish marosimida ham chiqish qilgan edi. Shu tariqa, “Dai Dai” bilan birga u FIFA Jahon chempionati bilan bog‘liq loyihalarda to‘rtinchi bor ishtirok etmoqda.
Qizig‘i, 2026-yilgi mundial uchun yana bir alohida loyiha ham mavjud. Coca-Cola tomonidan taqdim etilgan rasmiy madhiya J Balvin, Trevis Barker, Ember Mark va Stiv Vai ishtirokida yaratilgan bo‘lib, u Van Halenning mashhur “Jump” qo‘shig‘i asosida qayta ishlangan.
Ammo futbol va mundial madhiyalari deyilganda ko‘pchilik hanuz avvalo Shakiraning “Waka Waka"sini eslaydi. Endi esa xonanda yangi “Dai Dai” bilan yana bir bor futbol muxlislarini raqsga tushirishga tayyorlanmoqda.