Dua Lipa o‘z suratidan reklamada foydalangani uchun Samsung‘ni sudga berdi

Qo‘shiqchi Dua Lipa Samsung kompaniyasiga qarshi kamida 15 million dollar miqdorida da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Dua Lipaning ta’kidlashicha, elektronika ishlab chiqaruvchi kompaniya uning suratidan ruxsatsiz va gonorar to‘lamasdan televizorlarni reklama qilish uchun foydalangan. Samsung 2025-yilda AQShda sotilgan televizorlarining qutilariga Dua Lipa tasvirini tushirgan.
Da’vo arizasida aytilishicha, surat 2024-yilda Austin City Limits festivali sahna ortida olingan va suratga bo‘lgan huquqlar xonandaning o‘ziga tegishli. Dua Lipaning ta’kidlashicha, u hech qachon Samsung reklama kampaniyasida ishtirok etishga rozi bo‘lmagan.
Xonanda kompaniyani mualliflik huquqini buzganlikda, uning tasviridan noqonuniy foydalanganlikda va brend bilan hamkorlik qilish haqida noto‘g‘ri taassurot qoldirganlikda ayblamoqda. Hujjatda, shuningdek, Samsung san’atkorning mashhurligi va muxlislarga ta’siri tufayli tijoriy foyda olishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Dua Lipaning advokatlari xonandaning reklama shartnomalariga juda tanlab yondashishini va faqat yirik brendlar, jumladan Apple, Porsche, Versace, Bvlgari va Nespresso bilan hamkorlik qilishini ta’kidlagan.