Shakira, Madonna va BTS Jahon Chempionati finalidagi ilk halftaym shouda chiqish qiladi

FIFA ilk bor futbol bo‘yicha Jahon chempionati finalida halftaym shou tashkil etilishini ma’lum qildi. Unda dunyo yulduzlari Shakira, Madonna hamda K-pop guruhi BTS sahnaga chiqadi.
JCh-2026 final uchrashuvi 19-iyul kuni MetLife Stadium stadionida bo‘lib o‘tadi. Turnir esa 11-iyun kuni Mexico shahrida start olib, AQSH, Kanada va Meksikaning bir nechta shaharlarida o‘tkaziladi.
Finaldagi halftime shou Coldplay solisti Kris Martin boshchiligida tayyorlanadi. Tadbirni Global Citizen tashkillashtiradi va undan tushadigan mablag‘ FIFA Global Citizen Education Fund jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
FIFA ma’lumotiga ko‘ra, ushbu fond bolalarning sifatli ta’lim va futbolga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirish uchun 100 million dollar yig‘ishni maqsad qilgan. Shuningdek, JCh-2026 o‘yinlariga sotilgan har bir chipta narxidan 1 dollar ushbu fondga o‘tkaziladi.