“Bu yuzaga kelgan vaziyatda yagona yechim edi”: Shahlo O‘ktamova “Q.zlar” guruhidan chetlashtirildi

E’lon qilingan sana· 659
“Bu yuzaga kelgan vaziyatda yagona yechim edi”: Shahlo O‘ktamova “Q.zlar” guruhidan chetlashtirildi

18-may kuni “Q.zlar” guruhining Instagram sahifasida Shahlo O‘ktamovaning guruhdagi faoliyati tugagani haqida post e’lon qilindi. Afisha.uz YuzLabel prodyusseri Abdulbosit Hamidboyevda (MORF) vaziyat yuzasidan izoh oldi.

Video ostidagi izohda “Shahlo, guruhimizdagi ishtirokingiz uchun tashakkur. Keyingi hayotingizda sizga omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz”, deb yozilgan. Shuningdek, ular guruhning taqdiri boʻyicha hozircha aniq reja yoʻq ekani, ammo tez orada qaytish umidida ekannini qoʻshimcha qilishgan.

Bundan biroz vaqt oʻtib, Shahlo Oʻktamovaning oʻzi Instagram sahifasida ushbu vaziyat yuzasidan fikr bildirib, video joyladi. Shahlo guruhdan ketish uning fikri boʻlmaganini aytadi.

“To‘g‘risi, bo‘lgan voqealarning hammasini gapirib o‘tirish niyatim yo‘q. Guruhdan ketish mening fikrim, qarorim emasdi. Bu mening tashabbusim ham emas edi. O‘zim bu haqda kecha bildim, ya’ni sobiq prodyuserim tomonidan bu narsa e’lon qilindi. Va men bu xabarni hech qanday konfliktlarsiz, negativsiz qabul qildim. O‘zlariga ham yaxshi muomala qilib, xayrlashdim”, — deydi u videoda.

Shuningdek, u guruhdan ketishiga turmushga chiqish, yulduzlik kasalagi chalinish kabi “navbatchi sabablar” emasligini alohida qo‘shimcha qilgan. “Bunaqa sabablar bilan ketmasligimga sabablar bor. Chunki bu guruhning asoschisi o‘zimman”, — deydi u.

Shahlo O‘ktamova o‘z videosi davomida o‘ziga nisbatan nohaqliklar bo‘lgani, “ortidan pichoq urilgani"ga ishora qilib, “hammaning asl yuzini ko‘rsatmoqchi” bo‘lgani, ammo yakunda bu fikrdan qaytganini aytgan.

Ushbu vaziyat yuzasidan izoh olish maqsadida Afisha.uz YuzLabel prodyuseri Abdulbosit Hamidboyev (MORF) bilan bog‘landi. U bu qarorga guruhga javobgar sifatida shaxsan oʻzi kelgani va boshqa ikki ishtirokchi — Dinora va Amirada umuman ayb yoʻq ekanini ta’kidladi.

“Qarorni shaxsan o‘zim qabul qildim, lekin vaziyatdan chiqishni boshqa imkoniyati bo‘lganida albatta foydalangan bo‘lardim. Chunki biz ham leybl sifatida ishimizga mehnat, pul va vaqt sarflaganmiz va boshqa chora bo‘lib turib ham men tomonimdan bunaqa qaror qabul qilish ahmoqlik bo‘lardi. Bilaman, odamlarga aybdor qilib qolgan ishtirokchilarni ko‘rsatish oson, lekin ishonchinglar komil bo‘lsinki, Amira va Dinoraning bu vaziyatda aybi yo‘q, sodda muxlislar aytadi sig‘dirmadinglar deb, lekin qizlarning o‘zlarida bir-birini guruhdan chetlatish vakolati yo‘q, bu shunchaki do‘stlik yoki shaxsiy munosabatlar emas, ish ham”, — deydi MORF.

Shuningdek, prodyuser uning oʻzida hech qanday shaxsiy qiziqishlari yoʻqligi, kimnidir ustun qoʻyish haqqi yoʻq ekanini alohida ta’kidladi.

“Men prodyuserman, shaxs emas. Mening qizlarga bo‘lgan shaxsiy qiziqishlarim yo‘q! Kimnidir ko‘proq yaxshi ko‘rish yoki yomon ko‘rishga meni haqqim yo‘q, chunki shaxsiy munosabatlar professional yondashuvga xalaqit beradi. Qarorlarni har doim sovuqqonlik bilan qabul qilaman va mavjud bo‘lgan variantlarning ichidagi eng yaxshisini tanlashga harakat qilaman.

Ashulalarning so‘zlarini ham, u qay ohangda aytilishini ham men o‘ylab topganman va o‘zim yozganman. Guruhda yetakchi rolini Shahloga berish ham mening qarorim bo‘lgan. Qizlarning hozirgacha bo‘lgan ijodiy ko‘rinishi sizlarga yoqqan bo‘lsa, bilingki, bu meni qilgan tanlovlarimni biroz bo‘lsa-da to‘g‘ri ekanligida.

Har doim imkoniyat darajasida to‘g‘ri va foydali yo‘lni tanlashga harakat qilaman. Men bu yerda oila boshiman, qizlarning kelajagi va karyerasi meni zimmamda va menda javobgarlik ma’suliyati bor, qarorlarni o‘yin kulgu sifatida qabul qilmayman. O‘zimni kelajagimga qanday qayg‘ursam, ularnikiga ham shunchalik qayg‘uraman. Ertaga ularning karyerasi o‘xshamasa, bunda asosiy va yagona aybdor men bo‘laman", — deya ta’kidladi prodyuser.

U guruhda yuzaga kelgan vaziyatda yagona yechim shu boʻlib qolganini aytib, yana bir bor Amira va Dinoraning bu yerda aybsizligini ta’kidladi.

“Agar Amira bilan Dinora aybdor bo‘lib, Shahloni sig‘dirishmagan bo‘lganda, men ikkalasini chetlatgan bo‘lardim. Aybdorlarni rag‘batlantirib, aybsizlarni chetlatadigan darajada ahmoq emasman. Lekin hamma muammo jamoamizning ko‘z oldida sodir bo‘ldi va men qilgan qarorda holatni ichidan kuzatgan, xabardor bo‘lgan barcha xodimlar, ijodiy jamoa va san’atkorlar meni qo‘llaydi va yuzaga kelgan vaziyatda yagona yechim ekanini hamma biladi.

Asosiy sabab ular urishib qolgani emas, balki ish vaqtida sodir bo‘lgan bir nechta qoidabuzarliklar to‘plamida. Ular kelajakda leybl reputatsiyasiga qattiq ta’sir qilishi mumkin edi.

Yana qaytaraman bu guruh uchun biz juda ham ko‘p mehnat qilganmiz, pul sarflaganmiz, men ahmoq yoki milliarder emasman shuncha qilgan mehnatimga achinmasdan, Shahloni muxlislar qanchalik yaxshi ko‘rishini bilgan holda bu kabi qarorlar qabul qiladigan. Nima bo‘lganligi haqida ochiqchasiga gapirmasligimga sabab esa kimningdir nomini yomonga chiqarish evaziga o‘zimizni oqlash niyatimiz yo‘qligida.

Men ayol kishini reputatsiyasiga putur yetkizish kabi qabih ishlar qilishdan yiroqman. Amira bilan Dinorani esa bu vaziyatda ayblamaslikni so‘ragan bo‘lardim. Ularning aybi bu holat haqida ommaga gapirmaslikni men iltimos qilganimda", — dedi YuzLabel prodyuseri.

Abdulbosit Hamidboyev bu vaziyatda ikki tomon ham oʻzini munosib tutishini xohlashini aytib, Shahloga ijodiy yutuqlar tiladi.

Guruhning taqdiri hozircha noma’lum. YuzLabel tashkillashtirayotgan “YuzFest” festivali ishtirokchilari orasida hali “Q.zlar” guruhi yoki uning tarkibidagilar ismi e’lon qilinmadi.

“Bolalikda hatto oʻylash taqiqlangan orzularimizni amalga oshirmoqchimiz”: "Q.zlar" shoubiznesga kirib kelishi haqida

Oʻzbek shou biznesida qizlardan iborat guruhlar boʻlgan, ammo rep yoʻnalishida esa hali bundayi deyarli uchramagan. 12-dekabr kuni aynan ilk shunday guruh oʻzining birinchi trekini premyera qildi. Guruh nomi ham oddiy va tushunarli — “Q.zlar”. Ularning dastlabki klipi bir haftada YouTube’da 70 mingdan ortiq koʻrildi. Afisha.uz qizlarning oʻzi va leybl prodyusseri bilan suhbatlashdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
“Bu yuzaga kelgan vaziyatda yagona yechim edi”: Shahlo O‘ktamova “Q.zlar” guruhidan chetlashtirildi — Toshkent Afishasi