"Twilight", "Tenet", "The Drama": Robert Pattinson rol ijro etgan 10 ta film

E’lon qilingan sana· 200
"Twilight", "Tenet", "The Drama": Robert Pattinson rol ijro etgan 10 ta film

Gollivudda shunchaki yoqimtoy yigitcha obrazidan chiqib, o‘z avlodidagi eng kuchli va serqirra dramatik aktyorlardan biriga aylana olgan ijodkorlar barmoq bilan sanarli. Faoliyatini “Garri Potter” va “Twilight” kabi yirik franshizalarda boshlagan Robert Pattinson uzoq vaqt deyarli bir xil rollarni ijro etgan. Biroq u oson yo‘ldan ketmadi, o‘zining tashrif qog‘oziga aylangan romantik qahramon qoliplarini parchalab, mualliflik kinolari va eksperimental loyihalarning chinakam yulduziga aylandi.

Bugun Pattinson nomi afsonaviy Kristofer Nolan, g‘ayritabiiy filmlar ustasi Robert Eggers va taniqli rejissyor Pon Jun Xo kabi ijodkorlar yonida tilga olinadi. Aktyor har bir yangi loyihada tomoshabinni hayratda qoldirish bilan birga, ekrandagi atmosferani butunlay o‘zgartira olish qobiliyatini ham namoyish etadi.

“Afisha.uz” ushbu maqolada yaqinda 40 yoshni qarshilagan Robert Pattinson rol ijro etgan diqqatga sazovor filmlar haqida ma’lumot beradi.

Harry Potter and the Goblet Of Fire (Garri Potter va Olov kubogi)

Joan Rouling asarlari asosida ishlangan mashhur saga haqida gap ketganda koʻpchilik asosiy obrazlarni eslaydi. Ammo toʻrtinchi qismda asosiy personajlardan biri boʻlgan Sedrik Diggori obrazi ham syujetda muhim ahamiyatga ega. Uni filmda

Garri Potter, Ron va Germiona “Xogvarts” sehrgarlik va afsungarlik maktabining to‘rtinchi kursida oʻqishni boshlaydi. Garri sirli vaziyatda xavfli musobaqa — Uch sehrgar turniri ishtirokchilari qatoriga tanlab olindi, biroq muammo shundaki, uning barcha raqiblari undan ancha katta va kuchli. Ular orasida Xafflepuf fakulteti yulduzi Sedrik Diggori (Robert Pattinson) ham bor. Qolaversa, belgilar Lord Voldemortning qaytishiga ishora qilmoqda. Tez orada Garri nafaqat musobaqada g‘alaba qozonish, balki, eng avvalo, o‘z hayoti uchun kurashni boshlaydi.

Filmni tomosha qilish.


Twilight (Zulmat ostonasidagi muhabbat)

Robert Pattinson faoliyatining boshidayoq shunchaki aktyor emas, balki fenomenga aylanib ulgurgandi. Bunga esa aynan “Twilight” sagasidagi Edvard Kallen obrazi sabab boʻlgan.

O‘n yetti yoshli qiz Bella kichkinagina Forks shaharchasiga, otasining uyiga ko‘chib o‘tadi. U odamlarga hujum qilishdan bosh tortgan vampirlar oilasidan chiqqan sirli sinfdoshini sevib qoladi. Vampirni sevib qolish qo‘rqinchlimi? Bu romantikaga boy, ajoyib va azobli jarayon, lekin bu yaxshilik bilan tugashi amri mahol, ayniqsa vampir klanlarining abadiy qarama-qarshiligi sabab atrofdagilardan ozgina farq qilish qahramonni dushmanga aylantiradi.

Filmni tomosha qilish.


Remember Me

“Twilight” atrofidagi mashhurlik avjiga chiqqan paytda Gollivud Robert Pattinsonni yangi avlodning yoqimtoyiga aylantirishga uringan. Ana shunday urinishlardan biri “Remember Me” filmiga toʻgʻri keladi. Unda Pattinson ekzistensial krizisdagi qahramon obrazini gavdalantiradi.

Isyonkor va yolg‘iz Tayler maftunkor qiz Elli bilan tanishadi. Ularning ikkalasi ham o‘tmishda ogʻir qayg‘uni boshdan kechirgan va otalari bilan til topishishga qiynaladi. Hazilomuz uchrashuv shiddat bilan ajoyib muhabbat hikoyasiga aylanadi.

Filmni tomosha qilish.


Water for Elephants

Koʻplab britaniyalik aktyorlar kabi Robert Pattinson ham badiiy asarlarning ekranizatsiyalarida rol ijro etgan. Sara Gruen romaniga asoslangan “Water for Elephants” asari rejissyor Florens Lourens tomonidan suratga olingan. Film voqealari buyuk depressiya davrida kechadi va Pattinson 23 yoshli veterinariya talabasi obrazini gavdalantiradi.

Hazel saraton kasalligiga chalingan. Kasallik vaqtincha chekingan bo‘lsa-da, qizda zarracha quvonch yo‘q. U qo‘llab-quvvatlash guruhiga boradi, u yerda bir kuni Avgust Uoters bilan tanishadi va uni darhol sevib qoladi. Avgust va Hazel ehtirosga to‘la sayohatga otlanadi, bu esa ularga hayotning butun ma’nosini uning istalgan qismida topish mumkinligini yana bir bor ko‘rsatadi.

Filmni tomosha qilish.


The Lighthouse

Robert Pattinson bu filmda oʻzining tashrif qogʻoziga aylangan romantik obrazlaridan chiqishga harakat qiladi. U rejissyor Robert Eggersning psixologik horror uslubidagi loyihasiga o‘zi qiziqib qo‘shiladi va unda tobora aqldan ozishga yaqinlashayotgan, kuchli ichki zo‘riqish bilan yashaydigan qahramonni gavdalantiradi.

1890-yillar, Yangi Angliya qirg‘oqlariga yaqin joy. Yosh yigit Efrayim Uinslou uzoq orolga mayoq nazoratchisi oqsoqlanadiga va ichishni yaxshi ko‘radigan Tomas Ueykning yordamchisi bo‘lib ishlash uchun keladi. U qo‘l ostidagi xodimga shaxsiy qul sifatida munosabatda bo‘ladi va mayoqning o‘ziga chiqishni hamda chiroqni boshqarishni taqiqlaydi.

Filmni tomosha qilish.


Tenet (Dalil)

2020-yilga kelib, Pattinson boshqa bir britaniyalik buyuk ijodkor Kristofer Nolan bilan bir loyihada ishlaydi. Turli ijobiy va salbiy fikrlarga sabab boʻlgan “Tenet” kinokartinasida Pattinson asosiy rollardan birini ijro etgan.

Kiyev opera teatridagi teraktdan so‘ng, MRB agenti qurol-yarog‘ savdosida boylik orttirgan rus oligarxiga qarshi turish uchun Britaniya razvedkasi bilan birlashadi. Buning uchun agentlar vaqt inversiyasidan, ya’ni vaqtni orqaga qaytarish imkonini beruvchi kelajak texnologiyasidan foydalanadi.

Filmni tomosha qilish.


Mickey 17 (Mikki 17)

Robert Pattinson 2025-yilda premyera qilingan “Mickey 17” filmida o‘zining eng noodatiy rollaridan birini ijro etgan. U kosmik kemada “resurs sifatida ishlatiladigan” xodim — ya’ni har qanday xavfli topshiriqlarda qayta-qayta “oʻlib, qayta tugʻiladigan” qahramon obrazini gavdalantiradi.

2050-yillar. Mikki Barns o‘z qarzdorlarini parchalab tashlayotgan qonxo‘r qarz beruvchidan qochib, do‘sti bilan birga Niflehem sayyorasi mustamlakachilari qatoriga qoʻshiladi. Uning do‘sti uchuvchiga aylanadi, Mikkining o‘zi esa xarajat xodimiga aylanishga majbur bo‘ladi. U halokatli topshiriqlarni bajaradi, o‘ladi va ongi yangi tanada qayta tiriladi. G‘orga yiqilgan Mikki 17 Niflehemda yashovchi sudralib yuruvchilar tomonidan qutqariladi va bazaga qaytgach, yigit o‘zining 18-versiyasini uchratadi.

Filmni tomosha qilish.


The Devil All the Time

Umuman olganda 2020-yillarga kelib, Robert Pattinson turli eksperimental rollarni ijro etishni boshlaydi. Bu filmda ham Robert Pattinson tomoshabinlar ko‘nikib qolgan romantik qahramon emas, balki o‘zining g‘alati xarizmasi bilan odamni bezovta qiladigan voiz Roy obrazida namoyon bo‘ladi. Janub aksenti, notekis mimika va xavfli tabassum bilan Pattinson ekrandagi atmosferani o‘zgartiradi.

Ikkinchi jahon urushidan qaytgan yosh Uillard Rassel kafe ishchisi Sharlottaga bir ko‘rishdayoq oshiq bo‘ladi va ular turmush qurib, Arvin ismli o‘g‘ilni dunyoga keltiradi. Shu orada boshqa bir voqealar chizig‘ida Uillardning onasi yetim qiz Helenni o‘g‘liga unashtirmoqchi bo‘ladi, ammo Helen voiz Royga turmushga chiqib, qizaloq Lenorani tug‘adi. Vaqt o‘tib, ikki oilaning taqdiri fojiali tarzda kesishadi va Arvin hamda Lenora bir uyda o‘gay aka-singil sifatida ulg‘ayishga majbur bo‘ladi.

Filmni tomosha qilish.


Die My Love

2025-yilda premyera qilingan yana bir filmda bosh rollarini ijro etgan Robert Pattinson ham, Jennifer Lourens ham oʻsha vaqtlarda haqiqiy hayotda ota-onaga aylangan. Suratga olish jarayonida Robert Pattinson tez-tez rafiqasi va yangi tug‘ilgan qizining oldiga qatnagan boʻlsa, Jennifer Lourens ikkinchi farzandini kutayotgan holda, homiladorligining to‘rtinchi oyida onalik bilan bog‘liq ruhiy bosim sahnalarini ijro etgan. Bu filmning darajasini yanada oshirgan.

Yosh er-xotin Greys va Jekson Nyu-Yorkdan Jeksonning qishloq hududidagi eski oilaviy uyiga ko‘chib o‘tishadi. Farzandlari tug‘ilganidan olti oy o‘tib, ular orasidagi ehtiros asta-sekin so‘na boshlaydi: yosh ota oilasidan uzoqda turli ishlarda ko‘proq vaqt o‘tkazadi, Greys esa uyda yolg‘izlikdan siqiladi. Bora-bora ayolning xatti-harakatlari tobora g‘alati tus ola boshlaydi.

Filmni tomosha qilish.


The Drama

Kinokartina 2026-yilda premyera qilingan boʻlib, Pattinsonning eng soʻnggi loyihalaridan biri hisoblanadi. Unda aktyor oxirgi yillardagi eng mashhur aktrisalardan biri Zendeya bilan birga rol oʻynagan. Pattinson 2020-yillardagi eksperimental rollaridan keyin yana oʻzi uchun tanish boʻlgan janrga, romantik kinolarga qaytgani seziladi.

Charli va Emma bir-birini sevadi va tez orada turmush qurishga tayyorlanmoqda. To‘y uchun joy tanlangan, taklifnomalar yuborilgan, orziqib kutilgan marosimga sanoqli kunlar qolgan. Ammo kutilmagan bir sir oshkor bo‘lib, hammasini ostin-ustun qiladi — Charli Emma haqida bilishni istamagan haqiqatni bilib qoladi. Endi “baxtli hayot” sari ketayotgan munosabatlar kutilmagan drama sinovidan o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

Filmni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling