Kolumbiyaga qarshi oʻyinda yigʻlagan Isfandiyor oʻzbekistonlik futbolchilar bilan uchrashdi

Oʻzbekiston terma jamoasi Jahon chempionati 1-turi doirasida Kolumbiyaga qarshi oʻyin oʻtkazdi va 1:3 hisobida magʻlub boʻldi. Undan keyin ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbekistonlik bolakay Isfandiyorning yigʻlayotgan videolari tarqaldi.
Yigʻlayotgan bolakayni kolumbiyalik muxlislar qoʻllab-quvvatlab, ovutishga harakat qilgandi. Bu tasvirga tushirilgan videolar juda katta mashhurlikka erishdi va “433” kabi katta futbol nashrlarida e’lon qilindi. Shundan soʻng Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Isfandiyorni terma jamoa bazasiga taklif qilgan.
Isfandiyorga uchrashuvda Oʻzbekistonning jahon chempionatlaridagi ilk tarixiy golini kiritgan Abbos Fayzullayevning formasi sovgʻa qilindi. Unga barcha futbolchilarning dastxati tushirilgan va “Milliy jamoaning bosh muxlisiga”, deb yozilgan.
Avvalroq Afisha.uz Abbos Fayzullayevning oʻyindan keyingi fikrlarini taqdim etgandi.