San’atkor bo‘lishiga qarshilikka uchragan va 10 yillik tanaffusdan so‘ng ijodga qaytgan Malika Gaziyeva bilan suhbat

Oxirgi paytlarda chartlarning yuqori o‘rinlarini band qilib kelayotgan yana bir yorqin xonanda paydo bo‘ldi. O‘zbek musiqasiga mana shunday yangilik olib kira oladiganlar kerak va ularni tinglovchilarga yaxshi tanishtirish ham kerak.
Afisha.uz o‘n yillik oilaviy tanaffusdan so‘ng san’atga qaytgan, bugungi kunda ham estrada, ham hip-hop elementlarini o‘zida birlashtirgan xonanda Malika Gaziyeva bilan suhbatlashdi. U bilan o‘tgan bolalik, otasining qat’iy talabi, uch farzand onasining kundalik “jangi”, shou-biznesi va boshqa qiziqarli mavzularda gaplashdik.

San’atga kirib kelishiga Ismoil Jalilov turtki boʻlgan
Malika uchun musiqa shunchaki hobbi emas, bu uning qonida bor narsa. Uning iste’dodini birinchi bo‘lib qarindoshi, opera afsonasi Ismoil Jalilov payqagan. “Ovozi bor, talanti bor, albatta shug‘ullanishi kerak”, degan tavsiya uni Rustam Hamroqulov maktabiga yetakladi.
“„Aladdin“ guruhini bitirganman. Birinchi ustozim Rustam Hamroqulov, Rustam Shamsiyevich boʻlganlar va bu men uchun juda ham katta tajriba boʻlgan, chunki har kuni vokal, aktyorskiy mahorat, raqs, keyin har yakshanba kuni Zarafshon konsert zalida shou berganmiz. Bu juda ham katta tajriba. Hamma bilgan narsalarimni: sahnada oʻzini tutishni, ashula aytishni, vokal — hammasini mana birinchi ustozim Hamroqulov Rustam Shamsiyevich oʻrgatganlar. Ularga juda ham minnatdorman va shu sabab mening bolaligim juda ham baxtli oʻtgan. Chunki musiqa har doim mening qonimda boʻlgan. Tugʻilganimdan beri faqat musiqa bilan shugʻullanganman”, — deydi Malika.

“Hatto ingliz tilini bilmay turib, xorijiy xitlarni quloqdan eshitib, transkripsiyasini yozib yodlardim”, — deb eslaydi u bolaligini. Shuningdek, unga bu qoʻshiqchilik mahoratini payqashda yordam bergan inson opera xonandasi, Oʻzbekiston xalq artisti Ismoil Jalilov boʻlgan.
“Ismoil Jalilov mening qarindoshim bo‘ladilar va bir oilaviy o‘tirishda men ashula aytib berganman. O‘shanda ular ovozi bor, talanti bor, „слухи“ bor, albatta shug‘ullanish kerak, deb aytganlar Va ular meni aynan „Aladdin“ guruhiga berdilar. Tavsiya qildilar, biz oyim bilan borib keldik, meni olishdi. Va albatta, oyijonimga ham rahmat, har kuni uy ishlariga qaramasdan har kuni meni Chilonzorga olib borganlar. Har kuni 4−6 soat darsim bor edi musiqa bo‘yicha”, — deb eslaydi Malika Gaziyeva.
Gaziyeva o‘qishni aynan shu yo‘nalishda davom ettirdi. “Aladdin” guruhidan keyin konservatoriyada, litseyda bastakor Dilorom Omonullayeva qo‘lida estrada vokal yo‘nalishida tahsil olgan. Biroq, hayot o‘z qoidalarini o‘tkazdi. Otasining “qiz bolaga ashula aytish to‘g‘ri kelmaydi” degan qat’iy qarori bilan u Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga (MDIST) kirdi. Iqtisodchi mutaxassisligini olgan Malika 19 yoshida turmushga chiqdi va san’atni butunlay tark etdi.

Lekin uning ichidagi “ijodiy vulqon” baribir tinchimas edi. Bugun u uch farzandning onasi bo‘lib sahnaga qaytdi. Dastlab u musiqiy shoularda chiqish qildi. Xonandaning ta’kidlashicha, musiqiy shoular uni kuchliroq qilgan, lekin bunday musobaqalarda qayta ishtirok etmaslikka ahd qilgan. Baribir u yerdagi hakamlar o‘zidan kelib chiqib baholaydi. Malika Gaziyeva shoulardagi o‘zining chiqishlarini o‘zi qanday baholagan bo‘lardi?
“Bilasizmi, men o‘zimni minuslarimni, plyuslarimni yaxshi bilaman. Agar, misol uchun, bir kunda shouda yaxshi chiqqan bo‘lsam, har doim to‘g‘risini aytaman, ha, zo‘r chiqdi, deb aytaman. Lekin albatta, ikkita-uchta jonli efirlarda zo‘r bo‘lmadi, chunki hayajon degan narsa bor, bu — jonli efir. Misol uchun, repetitsiyada yuz marta zo‘r bo‘lgan, lekin jonli efirda, misol uchun, shunaqa kuchli bo‘lmagan. Shunaqa narsalar ham bor”, — dedi ushbu savolga javoban.
Endi bevosita o‘quvchilarga savol bilan yuzlansak, siz Malika Gaziyevani qaysi qo‘shig‘i bilan tanigansiz? Ko‘pchilik bunga “Achinma” deb javob berishi mumkin. Chunki bu Malikaning eng muvaffaqiyatli treklaridan biri. O‘zi ham shunday hisoblaydi.
“O‘zim uchun eng muvaffaqiyatli trek bu „Achinma“ qo‘shig‘i va ko‘plab odamlarning yuragidan joy oldi, ko‘plab odamlarga yoqdi. Chunki gohida rulda ketayotganimda boshqa mashinada radioda eshitaman yoki Instagram’da ko‘plab meni repost qilib, qo‘llab-quvvatlashadi. Juda ham xursand bo‘laman bundan”, — deydi u.
Malika Gaziyeva ushbu qoʻshiqqa ishlangan klipini bir necha kun avval premyera qildi.
Rep muxlislariga ham yaxshi tanish boʻlib ulgurgan boʻlishi kerak. Chunki u Doxxim bilan ham duet kuylagan. “Dema” nomli trekka ishlangan klip 4 oyda 1 mln martaga yaqin koʻrilgan.
San’at, blogerlik, oila va onalik. Bularni bir vaqtda bajarish qanchalik qiyin? Malika Gaziyeva bir kunlik kunlik grafigi taxminan qanday o‘tishini muxlislariga aytib berdi:
“Hammasini birgalikda maromiga yetkazish uchun vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kerak, lekin bunda mening oilam katta rol o‘ynaydi, juda ham yordam beradi. Misol uchun, agar qaynonajonim yordam bermasalar, katta qizim yordam bermasa, enagamiz bo‘lmasa, buni o‘zim uddalay olmasdim. Chunki baribir yordamchilar kerak. Shunga xo‘jayinimga ham kattakon rahmat demoqchiman.
O‘zi vaqtli turishni juda ham yomon ko‘raman. Kerak bo‘lsa, agar ishga borish kerak bo‘lsa yoki bolalarni qayergadir olib borish kerak bo‘lsa yoki aeroportga ketish kerak bo‘lsa, albatta turaman. Lekin kichkina Adhamjonim hali kichkina, yomon uxlaydi, turadi, ovqat yeydi. Ertalab enagamiz kelsa, yaxshilab uxlab olaman. Hech bo‘lmasa ikki soat uxlayman. Keyin turib o‘zimga, xo‘jayinimga nonushta, keyin albatta tushlik tayyorlayman yoki ba’zida xo‘jayinim ham o‘zlari ovqat qiladilar.
Keyin zalga boraman, syomkaga borib kelaman. Ba’zida tushlik ko‘chada, ba’zida qilishga ham vaqtim bo‘lmaydi. Chunki reklama tasviga olamiz yoki Instagram uchun baribir o‘zimizning ustimizdan ishlash, reelslar olish, topga chiqish uchun baribir ustingizdan ishlash kerak. Har doim nimadir yaxshi, sifatli videolar olish kerak, reelslar olish kerak, trendda bo‘lishi kerak. Bu ham juda ham ko‘p vaqt oladi.Lekin mening har kunim juda ham faol o‘tadi. Misol uchun, kun bo‘yi uyda o‘tirib yoki divanda yotib, kinolar ko‘rib o‘tkazgan kunlarim bo‘lmagan umuman".

Tinim bilmas Malika Gaziyeva suhbat oxirida oʻzini ta’riflash uchun oʻzining qoʻshiqlaridan ikki qatorini tanlab berdi: Zarurmas kimdir, sirdoshim — oʻzim.