Oʻzbekiston Portugaliyaga yutqazdi, lekin biz biroz pozitiv izlaymiz: uchrashuv tafsilotlari

E’lon qilingan sana· 1 320
Oʻzbekiston Portugaliyaga yutqazdi, lekin biz biroz pozitiv izlaymiz: uchrashuv tafsilotlari

23-iyun kuni futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinini Portugaliyaga qarshi oʻtkazdi. Unda Fabio Kannavaro shogirdlari yirik 0:5 hisobida magʻlub boʻldi. Shunga qaramay milliy jamoa hali keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini yoʻqotmadi. Afisha.uz ushbu oʻyin va uning atrofidagi voqealarni bir yerga jamladi.


Foto: UFA

Uchrashuvda futbolchilar bilan nukuslik 11 yoshli Jahongir Sodiqov turnirning rasmiy o‘yin to‘pini olib chiqish uchun maydonga chiqdi. U Kia Uzbekistan tomonidan FIFA World Cup 2026 bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovda g‘olib chiqib, maydonga toʻpni olib tushish imkoniyatini qoʻlga kiritgan.

“Maydonga chiqqanimda yuragim juda tez urishni boshladi. Men ulkan stadionni, muxlislarni, jahon darajasidagi futbolchilarni ko‘rdim va bu haqiqatan ham sodir bo‘layotganini angladim”, — dedi Jahongir.


Foto: UFA

Oʻyin Portugaliya terma jamoasining shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Dastlabki daqiqalardanoq Ronaldu jamoadoshlari ikkita gol kiritdi. Shundan soʻng oʻzbekistonliklar biroz oʻziga keldi va xatto Aziz Gʻaniyev chiroyli gol urishga ham muvaffaq boʻldi. Ammo sal oldin qoida buzilgani sabab hakam golni bekor qildi.

Umuman olganda, uchrashuv Krishtianu Ronalduning oʻzbekistonlik personal muxlislari uchun ikki karra qiyin oʻtdi deyish mumkin. Bir tomonda bolalikdan kumirga aylangan va 41 yoshida ham maydonni yondirishga qodir Ronaldu boʻlsa, ikkinchi tomonda oʻz tarixida ilk bor Jahon chempionatiga chiqqan Vatan jamoasi.


Foto: UFA

Uchrashuvdan oldin Rustam Ashurmatovning 2009-yilda Ronaldu Toshkentga tashrif buyurgan vaqtda koʻrgazmali oʻyinda birga toʻp tepgani va suratga tushgani FIFA tomonidan e’lon qilindi.

Oʻyinda hisob yirik 5:0 koʻrinishiga keldi. Biroz katta yoshdagi muxlislar “Чайф” guruhining “Аргентина-Ямайка — 5:0” qoʻshigʻini esladi.

Bahs yakunlangach, terma jamoa sardori Eldor Shomurodov intervyu berdi va natija uchun muxlislardan uzr soʻradi.

“5:0 albatta juda katta hisob. Lekin borimizni berib o‘ynadik. Portugaliya kabi kuchli jamoaga qarshi o‘ynaganingda 100 foiz kuching bilan o‘ynashing ham kamlik qilishi mumkin. Omading ham kelishi kerak. Chunki raqib tarkibida individual va boshqa tomonlama juda kuchli o‘yinchilar bor. Katta hisobda yutqazganimiz uchun muxlislardan uzr so‘raymiz”, — dedi Shomurodov.

Final hushtagi chalingach, milliy jamoa himoyachisi Abduqodir Husanov koʻz yoshlarini yashira olmadi. Uning sobiq jamoadoshi Bernardu Silva esa futbolchini ovutishga harakat qildi.

Portugaliya-Oʻzbekiston oʻyinidan oldin ham, keyin ham Instagram orqali Krishtianu Ronalduga hazil tariqasida murojaatlar yoʻllash trendi ommalashdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston terma jamoasining Jahon chempionatida ishtirok etishining oʻzi katta yutuq ekani koʻpchilik tomonidan aytib oʻtildi. Shuningdek, qozogʻistonlik bloger Artur Askaruli aynan shu sabab koʻplab markaziy osiyoliklar birlasha olganini ta’kidladi.

Yuqoridagi fikrlarni tasdiqlovchi videolar qirgʻizistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ham ulashildi. Unda Bishkek shahrida fubol tomosha qilayotgan va Oʻzbekiston terma jamoasini qoʻllab-quvvatlayotgan muxlislarni koʻrish mumkin.

Oʻyinni maydonda kuzatgan Shahnoza Mirziyoyeva va Otabek Umarov uchrashuvdan keyin futbolchilar bilan uchrashib, ularni qoʻllab-quvvatladi.

Oʻzbekiston terma jamoasi 3-tur oʻyinini 29-iyun kuni tongi soat 04:30 da Kongo DRga qarshi oʻtkazadi. Bu oʻyindagi gʻalaba musobaqadagi ilk ochkoni keltiribgina qolmay, guruhdan chiqish imkoniyatini ham ta’minlashi mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling