"Toʻy egasi pul qistirsa, oʻzining choʻntagidan qistiryapti": Xurshid Rasulov atrofida nimalar sodir boʻlmoqda?

Xonanda Xurshid Rasulov ishtirok etgan Urgut tumanidagi toʻyda olingan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi.
Dastlab tarqalgan videolarda xonanda sahnada kuylayotgan paytda toʻy egalari va muxlislari tomonidan uning ustiga pullar sochilayotgani aks etgan. Mazkur holat koʻplab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tanqid qilinib, bunday odat nooʻrin ekani ta’kidlangan.
Oradan koʻp oʻtmay tarqalgan boshqa videolarda esa sochilgan pullarni terishga uringan bolalarga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlinayotgani koʻrinadi. Xususan, ayrim kadrlarda bolalar chetga itarib yuborilgani, hatto kichkina qizaloqlardan birining sochidan tortib chetga uloqtirilgani aks etgan.
Mazkur lavhalar ortidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bolalarga nisbatan qoʻllangan zoʻravonlikni tanqid qilib, bu harakatlarni xonandaning jamoasi amalga oshirgani haqida fikrlar tarqala boshlandi.
Shundan soʻng Xurshid Rasulov ushbu vaziyatga munosabat bildirib, Instagram sahifasi orqali videomurojaat bilan chiqdi. Xonandaning aytishicha, videolarda aks etgan voqeaga uning jamoasi aloqador emas va sodir boʻlgan holatdan uning xabari boʻlmagan.
“Bu ishni toʻy egalarining oʻzlari qilgan. Bilib-bilmay birovga hukm chiqarishdan saqlanaylik. Bloger aka-uka, opa-singillar, avval hamma narsani aniqlashtirib, keyin ma’lumot tarqatinglar. Toʻy egasi pul qistirsa, bu mening aytganim uchun emas, oʻz choʻntagidan qilayotgan ishi. Birovning bolasini urib boʻlmaydi, ayniqsa hozirgi zamonda hammamiz farzandlarimizni yaxshi koʻramiz”, — degan xonanda.