"Uddalab boʻlmas topshiriqning oʻzi yoʻq": Tom Kruz rol ijro etgan 10 ta film

Gollivud oʻzining yulduzlari, mavzulari, falsafasini soatiga yoki daqiqasiga oʻzgartiradigan shiddatli industriya hisoblanadi. Biroq bir necha o‘n yilliklar o‘tsa-da, ekranlarda o‘z mavqeyini yo‘qotmay kelayotgan bir ijodkor bor — bu Tom Kruz. Kinotanqidchilar va muxlislar uni haqli ravishda “hech qachon qarimaydigan aktyor” deb ta’riflashadi. Bu shunchaki uning tashqi ko‘rinishiga berilgan baho emas, balki Kruzning kinoga bo‘lgan cheksiz muhabbati, hamon murakkab tryuklarni o‘zi ijro etishi va har bir loyihaga alohida yondashishi samarasidir.
Uning rang-barang karyerasi faqatgina kassabop jangari filmlardan iborat emas. Tom Kruz o‘z faoliyati davomida buyuk rejissyorlar bilan hamkorlik qilib, psixologik dramalardan tortib, murakkab detektiv hamda tarixiy asarlargacha bo‘lgan janrlarda obrazlar yaratgan.
Tom Kruz 3-iyul kuni 64 yoshga toʻldi. Afisha.uz shu munosabat bilan uning eng esda qolarli rollari haqida ma’lumot beradi.
Top Gun (trilogiya)

Tom Kruz rol ijro etgan koʻplab filmlarning keyinchalik davomi ishlanadi. “Top Gun” ham shular jumlasidan. Trilogiyaning birinchi qismi 1986-yilda premyera qilingan va endi tanila boshlagan aktyor portfoliosi uchun katta yutuq boʻlgan. Shuningdek, sikvel katta ekranlarga 2022-yilda chiqarilgan. Uchinchi qism ustida ham ish boshlangan boʻlib, premyera 2028-yilga belgilangan.
Kundalik hayotida ham, samodagi parvozlarda ham aqliga emas, instinktlariga suyangan mohir uchuvchi boʻlgan martabali AQSh oliygohi kursanti, F-14 qiruvchi samolyotining ustasifarang piloti, unga uzoq vaqt e’tibor qaratmay kelgan, shu oliygohda oʻqiydigan qizni sevib qoladi.
Rain Man

Avvalgi filmdan ikki yil oʻtib, 1988-yilda kino tarixida klassikaga aylangan “Rain Man” filmi premyera qilingan. Kinokartina toʻrtta Oskar mukofotiga, xususan, “Eng yaxshi film” nomiga loyiq koʻrilgan.
Qo‘pol va xudbin yigit Charli otasidan meros sifatida atigi atirgul butalariyu 1949-yilda ishlab chiqarilgan “Byuik” mashinasiga ega bo‘ladi. Merosning asosiy qismi esa uning autizmga chalingan akasi Raymondga tegadi. “O‘z ulushi"ni tortib olishni maqsad qilgan Charli akasini o‘g‘irlab ketadi. Biroq Raymondning ajoyib matematik qobiliyati, kuchli xotirasi va sinchkovligi borligini bilib olgach, bundan o‘zining g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanishga qaror qiladi.
Eyes Wide Shut

Buyuk rejissyor Stenli Kubrikning omadsiz filmi deya e’tirof etilgan va kassada katta muvaffaqiyatsizlikka uchragan kinokartina xuddi vino kabi yillar oʻtgani sari yaxshilanib bordi. Tomoshabinlar ham uzoq vaqtlar oʻtgach kinokartinaning darajasini tushundi. Tom Kruz unda asosiy rollardan birini ijro etgan.
Bill va Elis Xarford to‘la-to‘kis farovonlikda, bir maromda hayot kechirayotgan baxtli insonlar qiyofasidagi er-xotin. Ammo ideal munosabatlar ortida rashk, qoniqmaslik, yashirin istaklar va haddan tashqari narsalarga tashnalik oqimlari yashiringan. Elis eriga o‘z fantaziyalari haqida gapirib, birinchi qadamni tashlaydi. Rashkdan azob chekayotgan Bill fikr va so‘zlar doirasidan tashqariga chiqib, oldinga siljishni boshlaydi.
Magnolia

Tom Kruz faoliyati davomida koʻplab buyuk rejissyorlar bilan birga ishlagan. Jumladan, 2026-yilda Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan Pol Tomas Anderson 2000-yilda “Magnolia” kinokartinasini suratga olgan. Tom Kruz bu roli uchun Oskar mukofotiga nomzodi qoʻyilgan.
Bu voqea San-Fernando vodiysida, osmonda birorta ham bulut bo‘lmagan yomg‘irli kunda sodir bo‘lgan. Oliy kuchlarning aralashuvi, shuningdek, tasodiflar, turli odamlarning xatti-harakatlari tufayli ularning hayoti va taqdiri bir kun davomida bir-biriga chirmashib ketadi. Bu ishlarning yakuni esa unutilmas bo‘ladi.
Interview with the Vampire

Tomoshabinni bir filmga qiziqtirish uchun aktyorlar tarkibida Tom Kruz yoki Bred Pitt boʻlishi katta ahamiyatga. 1994-yilda premyera qilingan bu kinokartinada esa ularni birgalikda koʻrish mumkin.
Shov-shuvga o‘ch jurnalistning oldiga vampir kelib, o‘z hayoti tarixini so‘zlab beradi. Hammasi 1791-yilda, yosh plantator Luining xotini va farzandidan ayrilgach, o‘lishni istagan, ammo “zulmat uchun tug‘ilgan” paytda boshlanadi. Jurnalist vampirning hikoyasini tinglab, unga o‘xshashni xohlaydi…
Vanilla Sky

Asosan jangari yoki falsafiy filmlardagi rollari bilan tanilgan aktyor faoliyatidagi eng romantik filmlardan biri “Vanilla Sky” hisoblanadi. Unda Tom Kruz Penelopa Krus bilan birga tandemda qatnashgan.
Badavlat pleyboy Devidning hamma narsasi, xususan, pul, oʻziga tegishli nashriyot uyi, qimmat mashinasi, Nyu-Yorkning hurmatga sazovor tumanida uyi, yozuvchi doʻsti, dugonasi Julianna va hatto, kompaniyasidagi yetti nafar boshqaruvchi lavozimidagi, dushmanlari ham bor. Agar kunlarning birida u Sofiyani uchratib qolmaganida shu tarzda begʻam hayot kechiraverardi. Uni uchratganidan soʻng hayoti keskin oʻzgarib ketdi.
Mission Impossible

Bu franshiza eslanmasa Tom Kruz haqidagi maqola toʻliq boʻlmay qoladi. 1996-yilda aktyor ilk bor hozirda kultga aylanib ulgurgan Itan Hant obrazini gavdalantiradi. Film ancha omadli chiqadi va 2025-yilda uning sakkizinchi qismi ham premyera qilinadi. Kruz esa har bir filmda bosh rolni oʻynaydi.
MRB agenti Itan Hant, uning jamoasining bir qancha a’zolari, shu jumladan guruh rahbari Jim Felps halok boʻlishiga sababchi boʻlgan sotqinlik ishi boʻyicha gumonlanuvchiga aylandi. Faqat Hantning hamkasbi, Felpsning rafiqasi Kler tirik qoldi. Hant hoin emasligini isbotlash uchun haqiqiy sotqinni topishi kerak.
Valkyrie

Har bir oʻzini hurmat qiladigan aktyor kabi Tom Kruz ham tarixiy filmda rol ijro etgan. U Ikkinchi jahon urushi haqida suratga olingan “Valkyrie” kinokartinasida asosiy obrazni gavdalantiradi.
Qarshilik ko‘rsatish kuchlari qahramoni, Gitlerga qarshi fitnaga boshchilik qilgan polkovnik Klaus fon Shtaufenbergning tarixi haqida hikoya qilinadi. 1944-yilda u portfelga bomba solib, diktatorni portlatishga urinib ko‘radi, ammo u faqat fyurerni yarador qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Jack Reacher

Albatta, Jek Richar obrazi ham Itan Hant yoki Charli Bebbit kabi mashhurlikka erishgan. 2012-yilda premyera qilingan kinokartinaning sikveli ham suratga olingan va 2016-yilda chiqarilgan. Unda ham Tom Kruz bosh rolga qaytgan.
Mergan bir nechta tasodifiy yo‘lovchilarni o‘ldiradi. Uni topib, hibsga olishadi. Barcha dalillar uning aybdorligini ko‘rsatmoqda. So‘roq paytida iqror bo‘lish o‘rniga u Jek Richer ismini yozadi. Ayblanuvchi boshqa hech narsa ayta olmaydi, chunki mahbuslar tomonidan kaltaklanganidan keyin u komaga tushib qoladi. Sirli Jek Richer darhol paydo bo‘ladi. Qotilning holi nima kechadi?
American Made

Umuman olganda, Tom Kruzga osmonni yaxsh koʻradigan aktyor, deya ta’rif berish mumkin. U deyarli barcha mashhur filmalarida uchuvchilar, yoki samoga parvoz qiluvchilar rollarini ijro etadi. “American Made” kinokartinasi ham bundan mustasno emas.
U Qo‘shma Shtatlardagi eng yosh Boeing 747 uchuvchisi edi va bir necha yil ichida Amerikaning eng boy odamlaridan biriga aylandi. Uning turmush tarzi ham biznesi kabi ekstremal. Yopiq qabullar, hashamat, malla sochli qizlar, zo‘r mashinalar va xavfli bitimlar. U havodan pul yasash qobiliyatiga ega edi.