"Do‘stlar qushlar". Sevara Nazarxonning yangi albomi yopiq taqdimotidan reportaj

E’lon qilingan sana· 624
"Do‘stlar qushlar". Sevara Nazarxonning yangi albomi yopiq taqdimotidan reportaj

10-iyul kuni Toshkentdagi “Jemchug” turar joy majmuasining moc hub maydonida O‘zbekiston xalq artisti Sevara Nazarxonning “Do‘stlar qushlar” nomli yangi albomi yopiq taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yandex Music tomonidan listening party formatida tashkil etilgan kechada san’atkorning oila a’zolari, hamkasblari, muxlislari va jurnalistlar qatnashdi. Unda Afisha.uz muxbiri ham ishtirok etib, reportaj tayyorladi.

“Do‘stlar qushlar” albomida turli yillarda yozilgan jami 7 ta: “Kim deding?”, “Oq bulutlar”, “Topsam”, “Sen hayotday”, “Do‘stlar”, “Yur muhabbat”, “Ko‘rgim kelar” qo‘shiqlari jamlangan. Ayrim asarlar besh yil avval yaratilgan.

Yopiq taqdimot marosimida Sevara Nazarxon mehmonlar bilan jonli muloqot qildi, birga qo‘shiq kuyladi, his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi va suratlarga tushdi. Tadbir yakunida “Topsam” taronasiga ishlangan klip namoyish etildi.

Taqdimot yakunida Sevara Nazarxon OAV vakillariga intervyu berarkan, albomning yaratilish jarayoni, g‘oyasi va ayrim qo‘shiqlar tarixi haqida so‘zlab berdi.

“Albom emas, yaxshi qo‘shiq va ma’no muhim”

Sevara Nazarxon, O‘zbekiston xalq artisti:

Albomga nega aynan “Do‘stlar qushlar” deb nom berilgani ko‘pchilikni qiziqtiryapti. Mening ham jonivorlar orasida do‘stlarim bor — mushugim, to‘tiqushlarim, kanareykalarim. Lekin albom nomi ular haqida emas.

Menimcha, qushlar do‘stlikning eng go‘zal timsollaridan biri. Ulardan hamjihatlik va sadoqatni o‘rganish mumkin. Shuning uchun ham Usmon Azimning “Do‘stlar qushlar” she’riga murojaat qildim. Uzoq o‘ylab o‘tirmadim, nom ham shu she’rdan kelib chiqdi.

Albomdagi qo‘shiqlar turli yillarda yaratilgan. Ishonmasligingiz mumkin, ayrimlari besh-o‘n yil avval yozilgan. Bu ijodda oddiy hol. Qo‘shiqning “yaroqlilik muddati” bo‘lmaydi. Agar uning asosida kuchli she’r yotsa, u o‘z qiymatini yo‘qotmaydi. So‘z — juda katta kuch. Musiqa ham aynan shu so‘z ustiga quriladi. Bu xuddi bino qurishga o‘xshaydi: har bir asarning o‘z vaqti keladi. Masalan, “Do‘stlar qushlar” qo‘shig‘ini ham taxminan besh yil avval yozganman. Ammo uni aynan hozir tinglovchiga taqdim etish vaqti keldi.

Taqdimot formati haqida ham ko‘p gapirishyapti. Ko‘rpachalar, ochiq osmon ostidagi muhit… Menimcha, bu juda tabiiy. “Jemchug"ning o‘ziga xos ruhi bor, bu joy juda qadimdan mavjud. Shuning uchun tanlov men uchun qiyin bo‘lmadi.

Bugun o‘zbek musiqasida albom chiqarish kamayib ketgani rost. Lekin men uchun asosiysi albom emas, qo‘shiqning o‘zi. Hozirgi zamon oson emas, dunyoda turli jarayonlar kechyapti. Shu sababli musiqaga ham jiddiy munosabat kerak. Uni yengil qaraladigan narsaga aylantirmaslik lozim. Bu faqat musiqaga emas, har bir kasbga taalluqli. Jurnalistika ham, boshqa sohalar ham bilim, tajriba va mas’uliyat talab qiladi. Menimcha, eng muhimi — mazmun. Albom emas, avvalo yaxshi qo‘shiq va ma’no bo‘lishi kerak.

“Tanqid qilganimdan xursand bo‘ladi”

Muhtaram Beknazarova, Sevara Nazarxonning onasi:

Bugungi kecha chiroyli o‘tdi, menga juda yoqdi. Tomoshabinlar ham yaxshi taassurotlar bilan ketishdi, deb o‘ylayman. Men, avvalo, onaman. Shu bilan birga, musiqachiman — Konservatoriyani tamomlaganman. Shuning uchun qizimning har bir qo‘shig‘iga juda talabchan ko‘z bilan qarayman. Musiqa ham, so‘z ham mazmunli bo‘lishi kerak. Agar biror narsa yoqmasa, darrov aytaman. Juda qattiq tanqid qilaman. Sevara ham buni yaxshi biladi. Hatto o‘zi “Aya, tanqid qilib qo‘ying”, deb so‘raydi. Tanqidimni to‘g‘ri qabul qiladi.

Albatta, barcha narsa hammaga birdek yoqmaydi. Lekin Sevaraning yo‘nalishi o‘ziga xos. U milliy ruhni ko‘p qo‘llaydi, qo‘shiqlari uchun mazmunli she’rlarni tanlaydi. Shu sababli qo‘shiqlari yosh tanlamaydi — kichik ham, katta ham tinglaydi. Menimcha, Sevaraning qo‘shiqlari ham zamonaviy, ham mazmunli. Men uni aynan shu jihati uchun qadrlayman.

Eng ko‘p tinglaydigan qo‘shig‘im — “Ulug‘imsan, Vatanim”. She’ri Muhammad Yusufniki. Alloh joylarini jannatdan qilsin. Menimcha, bunday qo‘shiqlar juda kam yaratiladi. Bu asarning o‘rni men uchun alohida.

“Jahon chempionatida „Ulg‘imsan, Vatanim“ bizga kuch berdi”

Davron Fayziyev, futbol sharhlovchisi:

Sevara Nazarxonni, avvalo, ijodkor sifatida juda hurmat qilaman. Uning qo‘shiqlarini zavq bilan tinglayman. Shu bilan birga, oramizda samimiy, do‘stona munosabat ham bor. Bugun bu yerga ham aynan shu muhitni his qilish, jahon chempionati va futboldan biroz chalg‘ib, madaniy hordiq chiqarish uchun keldim.

Yangi albom taqdimotidagi har bir qo‘shiqni diqqat bilan tinglayapman. Menimcha, Sevara Nazarxon ijodining sport olamiga ham ta’siri katta. Buni jahon chempionatida yanada yaqqol his qildik. Mexikodagi Azteca stadionida 80 ming muxlis qarshisida “Ulg‘imsan, Vatanim” qo‘shig‘i yangragan lahzani hech qachon unutmayman. Rostini aytsam, bundan kuchliroq motivatsiya bo‘lishi qiyin. O‘sha paytda biz ham katta bosim va hayajon bilan ishlayotgandik. Jahon chempionatini birinchi marta stadiondan sharhlayotgan edik. Aynan shu qo‘shiq yangraganida o‘zimizga yana ishonch qaytganini his qildim.

“Sevara sportda ham, ijodda ham iste’dodini isbotlagan”

Timur Sabirov, sportchi, O‘zbekiston bodibilding va fitnes federatsiyasi prezidenti:

Sevara bilan qariyb 12 yildan beri sport orqali birga ishlab kelyapmiz. U har doimgidek energiyaga to‘la inson. “Iste'dodli inson hamma sohada iste’dodli bo‘ladi”, degan gap bejiz emas. Sevaraning sportda ham yaxshi natija ko‘rsatayotganini ko‘rib turibmiz. Ijodidagi muvaffaqiyatlari esa barchaga ma’lum.

Sportchi sifatida aytsam, uning biz uchun eng muhim qo‘shig‘i — Vatan haqidagi asari. Ayniqsa, Amir Temur haqidagi satrlar yangraydigan qo‘shiq sportchilar orasida alohida o‘rin tutadi. Biz Osiyo va jahon chempionatlariga borganimizda, rilslarimizda, videolarimizda aynan shu qo‘shiqdan foydalanamiz. Undagi vatanparvarlik ruhi insonga kuchli ilhom va motivatsiya beradi. Shuning uchun bu qo‘shiqni sportchilar orasida norasmiy madhiyamiz, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Men doim sport inson hayotining bir qismi bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Chunki u kuch-quvvat, yaxshi kayfiyat va sog‘lomlik beradi. Bu esa keyinchalik ishda, biznesda va ijodda ham o‘z samarasini ko‘rsatadi. Shuning uchun barchani sport bilan shug‘ullanishga chaqirgan bo‘lardim. Sog‘lom bo‘linglar, rivojlaninglar.

Sevaraga esa xuddi o‘z singlimga tilagandek, faqat omad va yanada katta yutuqlar tilayman. Bugungi yangi albom taqdimoti ham unga katta muvaffaqiyat olib kelsin!

“Do‘stlar qushlar” albomini Yandex Music platformasida tinglash mumkin.

Quyida tadbirdan koʻproq suratlar keltirilgan.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling