Nostalgiya, Fara fenomeni va sun'iy intellekt: ArtBoss loyihasi asoschisi bilan suhbat

E’lon qilingan sana· 1 301
Nostalgiya, Fara fenomeni va sun'iy intellekt: ArtBoss loyihasi asoschisi bilan suhbat

Butun dunyoda mashhur boʻlgan, animatsion karikaturalar janri oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda ham rivojlandi va mashhurlikka erishdi. Bunga kontent egalarining ijtimoiy-madaniy hodisalarga vizual va satrik munosabat bildirishi ham sabab boʻldi, deyish mumkin.

Nostalgiya hissini uygʻotuvchi mavzular boʻlgan tomda dovcha yeyish, sumalak ustidagi suhbatlar, soʻrida uxlash va mahalladagi chillak o‘yinlari kabi animatsiyalar bilan boshlangan ArtBoss loyihasi ham oʻzining katta muxlislar bazasini yigʻdi, sahifadagi videolar esa millionlab koʻrishlar toʻpladi. Bugungi kunda bu shunchaki animatsion loyiha emas, balki jamiyatdagi oʻziga xos fenomenga aylandi.

Afisha.uz ArtBoss bilan loyiha qanday boshlangani, Fara personajining qanday qilib “krinj” g‘oyadan sevimli qahramonga aylangani, xalqaro darajaga chiqayotgan futbol animatsiyalari va boshqalar haqida suhbatlashdi.

ArtBoss loyihasigacha…

— Koʻpchilik Instagram’dagi sahifani va videolarni biladi, ammo uning ortidagi inson (lar)ni bilmaydi. ArtBoss’gacha boʻlgan yoʻl qachon va qanday boshlangan?

2012-yil AQShga oʻqishga borganman. Aniq esimda sentyabr oyi edi. Mening akam Amerikada oʻqigani sabab, adam sen ham oʻqishing kerak edi derdi. Oʻsha paytda men Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bitirganman va oʻqishga, Amerikaga harakat qilish boshlangan. Oʻsha paytda uydagilar bilan maslahat qilganmiz va akam Amerikada oʻqiging kelayotgan boʻlsa harakat qil, deb qoʻlimga pul berib, oʻqishning toʻlovlarini qilib bergan. Avvaliga kollejga topshirganman, til kurslariga. Ingliz tilini bilardim-u, lekin “English as a second language” degan kursga yozilganman.

Viza chiqqan, akam bilan birga borganmiz va men oʻsha yerda qolganman. Shu bilan hamma narsa ulanib ketgan. Til kursidan keyin universitetlarga topshirishni boshlaganman. Ikkita-uchta universitetdan javob kelgan va men California State University East Bay’ni tanlaganman.

Animatsiyalar yaratiladigan joy va bolalarga dars berish jarayonlari

Bu — bizning studiya. Asosiy animatsiya ishlari: sketchlar, qoralamalar, bu yerda rilslar va jonli efirlar shu yerda boʻladi. Boʻsh vaqtimizda esa bu yerda 8 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga dars beramiz. Ular uchun toʻgarak tashkil qilganmiz.

Unda Digital Art (raqamli san’at) darsi boʻladi va biz iPad’da chizishni oʻrgatamiz. Hozir hamma bolalarda gadjet qaramligi, masalan, YouTube’ga bogʻlanib qolish, Roblox oʻyiniga bogʻlanib qolish holatlari bor. Biz gadjetlarga bogʻliq yomon odatlarni yoʻqotish uchun qogʻozga chizish emas, ular uchun qadrli boʻlgan qurilmaning oʻzida dars berishni yoʻlga qoʻyganmiz. Biz berayotgan metodda ularga juda ham yaqin boʻlgan narsalar chiziladi. Masalan, anime yoki YouTube’da koʻrgan personajlari.

Bizda 10 ta iPad bor va bir vaqtning oʻzida 10 nafar oʻquvchiga dars bera olamiz. Har bir dars 1−1,5 soatdan iborat. Bizning imkoniyatlarimiz biroz cheklangan, chunki har bir xodimimiz bolalar bilan alohida ishlashga, ishlarini sinchiklab qarab chiqishga harakat qiladi. Doim personal izohlar berishadi. Hozirda beshta guruhimiz bor va hafta davomidagi kunlarga boʻlib qoʻyganmiz.

Bundan tashqari, biz qizlarning har xil ideyalari bilan merchlar qilganmiz va oʻz vaqtida sotganmiz ham. Hozirda vaqtimiz biroz kam boʻlgani sababli bu ishlardan biroz uzoqlashganmiz, lekin keyin bilsak, bu yoshlar orasida trendda ekan. Shu sababdan bu ishni ham davom ettirish niyatimiz bor.

— Darslar qancha vaqt davom etadi?

Dars toʻgarak sifatida boʻlgani uchun cheklovlar yoʻq. Kerak boʻlsa bir yil qatnashish mumkin. Lekin illustrator va animatorlarimiz kelayotgan bolalarning bilimi va salohiyatiga qarab, yangi narsa beraveradi. Masalan, u illustratsiyada pikka chiqqan boʻlsa biroz animatsiyani yoki ularni qimirlatishni oʻrganadi. Darslarda bir guruh bilan ikkita oʻqituvchi ishlaydi va ishlarni personal tekshirishadi.

— Oʻzini yaxshi koʻrsatgan oʻquvchilarni ishga integratsiya qilish imkoni ham bormi?

Bor, lekin ular hali yoshku, biz 15 yoshgacha boʻlgan bolalarga toʻgarak qilayotganimiz sababli, balki kelajakda olarmiz. Biz aniq reglament va oʻqish rejalari bilan ham talabalar yigʻib koʻrdik, yoshi kattalar ham keldi. Lekin koʻpchilikda vaqt masalasi bor. Bizning studiya soat 18:00 gacha ishlaydi. Talabalar esa ishdan chiqib kelgunicha soat 19:00 boʻladi va biz ulgurolmaymiz.

Kunduzi esa rasmlar chizishimiz kerak, kitob illustratsiyalarini, animatsiyalarni qilishimiz kerak. Asosiy maqsadimiz oʻzimiz uchun kontent qilish boʻlgani bilan bilimlarimizni ham ulashishni xohlaganimiz uchun shu toʻgarakni tashkil qilganmiz. Agar bundan moliyaviy maqsad koʻzlaganimizda, katta joy olib 100 kishiga dars oʻtardik. Lekin biz koʻproq sifat tarafdorimiz.

Jamoa haqida

— Bu jamoa qachon va qanday yigʻilgan?

Bu jamoa 6 yil oldin yigʻilgan. Oʻzim AQShda oʻqiganim sababli Digital Art’ga qiziqishim boʻlgan. Bilaman, u yerda bizdan 4−5 yil oldin planshetda chizish, iPad’larda chizib, yoʻl-yoʻlakay animatsiyalashtirib, kontent qilayotganini koʻrardim.

Oʻzbekistonga qaytib, IT sohasida ishlashni boshlaganimda ham xayolimning bir chetida shu narsa turardi. Ya’ni bizda juda koʻp rassomlar bor, Kamoliddin Behzod nomidagi universitet ishlaydi, millatimizning tarixiga qarasak ham bu soha yangilik emas. Lekin Digital Art sohasida kadr juda kam edi. Kelinglar, shuni qilib koʻramiz, deb birinchi jamoani yigʻishni boshlaganman.

Avvaliga besh nafar rassomni toʻpladik, lekin birinchi olti oyda hech qanday buyurtmasiz qolib ketdik. Men bundan biroz tahlikaga tushib qoldim. Keyin esa xalqaro onlayn marketlarda portfolio qilishga e’tibor qaratdik, kitob illustratsiyalari, “stock” uchun rasmlar ishladik va har xil yoʻnalishda portfolioni yigʻdik hamda shundan keyin kichik buyurtmalar tushishni boshladi. Birinchi buyurtmalar chet eldan kitob illustratsiyalari uchun boʻlgan, 2−3 yildan keyin esa oʻzimiznikilar bilan ham ishlashni boshlaganmiz. Boshlanish nuqtasida bizda animatsiya hali yoʻq edi.

Biz boshida shunday yo‘l tanladikki, onlayn marketlarda yoki frilans marketlarda taklif kelishi bilan — bekorchimiz-ku, olti oydan beri bekor o‘tiribmiz — sketch, qoralama variant jo‘natishga o‘tdik. Oʻnta bo‘lsa o‘nta, o‘n beshta bo‘lsa o‘n beshta variant joʻnatardik, arzon narxlarda. Ya’ni bizga birinchi buyurtma berilishi uchun. Shu darajaga yetdikki, Avstraliyadagi Milliy kutubxonalardan ham buyurtma keldi. Bir yilga qolmay Upwork’da “Top rated”, “Top rated plus”, “Rising Talent” nomlarni oldik.

Keyin mahalliy bozorni oʻrganishni boshladim. Qaysidir brendlarga har xil illustratsiyalar qildik, oʻzimizning merch futbolkalar, stikerlar, breloklar, otkritkalar qilishni boshladik. Keyin ularni hammasini sotishni boshlab, asra-sekin mahalliy bozorni o‘rgatishni boshladik. Keyin mahalliy bozordan ham soʻrovlar chiqishni boshladi, ya’ni kitoblardan. Hozir aniq eslaydiganlarim, Ibrat ilovalariga illyustratsiyalar qildik. Yoshlar agentligi ishlab chiqqan allomalarimiz haqidagi kitoblarga illyustratsiya qildiki.

Keyin AI haypi boshlandi. AI haypi boshlaganda ko‘pchilik o‘yladiki, illustratsiya o‘lyapti deb. Hamma illustratsiyalarni AI’da qilishni boshladi va shu vaqtda biz animatsiyaga o‘tdik. Ya’ni biz o‘zimizning kontent bo‘lishi kerak dedik. Chunki o‘zimizni kontent bo‘lmasa, u yerda naf yo‘q.

Xalqaro bozorda ham, mahalliy bozorda ham, qo‘lda chizilgan illyustratsiyaga talab AI sabab juda keskin tushib ketdi. Ya’ni birinchi hayp bo‘lganda hamma o‘shanga o‘tishga harakat qiladi-ku. O‘sha vaqtda biz o‘zimizni kontent bo‘lishi kerakligiga qaror qildik. Chunki shu orqali oʻz gʻoyamizni sotishimiz mumkin edi. Ya’ni bu AI bo‘ladimi, qo‘lda chizilgan bo‘ladimi, farqi yo‘q biz o‘zimizni g‘oyalarni sotamiz dedik-da, kontent qilishni boshladik.

Birinchi qilingan kontentlar, hamma ko‘rgan, nostalgiyaga bog‘liq edi. Tomda dovcha yeyotgan, pashshaxonada yotgan bolalar, yozda uyda bankaga pomidor yopib, yertoʻlaga tushirish, mahallada g‘isht qo‘yib, toʻp o‘ynash, chillak, lanka tepishlarni illustratsiya qilishni boshladik. Va biz kutmagan darajada, juda ham ko‘pchilik buni ko‘rishni boshladi. Shu bilan Digital Garden’ning alohida animatsiya loyihasi bo‘lgan ArtBoss, faoliyati boshlanib ketdi.

ArtBoss uchun tanlanadigan mavzular

— Boshida kontent uchun nostalgiya mavzusi maqsadli tanlanganmidi?

Ha, nostalgiya mavzusi maqsadli tanlangan. Chunki ArtBoss profilida animatsiyalargacha nostalgiyaga bog‘liq videokontent bo‘lgan. Men operatorlar bilan kelishib, ularni Chorvoq, Boʻstonliq tomonlarga jo‘natib, sumalak qiladigan, qishloqlarda to‘ylar qanaqa o‘tishini ko‘rsatadigan, odamlarni kundalik hayotini ko‘rsatadigan videokontent qoʻyib kelardim kelardim.

Videokontentni nostalgiya tashkil qilyaptimi, qaysidir ma’noda animatsiyani ham nostalgiyadan boshlashga majbur edim. Buni animatsiyada qilsak ham ishlaydimi, ishlamaydimi, degan savol kelib chiqdi va buni biz kontent bilan tekshirishimiz kerak edi. Shuning uchun 10−20 ta kontentni juda qisqa muddatda joyladik va hammasi ulanib ketdi.

Keyin nostalgiya masalasida ideya tortilishni boshladi, kamayishni boshladi. Shu paytda men mana shu jamoani yig‘ib, savol qo‘ydim: xo‘p, bolalar, qizlar biz endi nima qilamiz, nostalgiya ham bir kun tugaydi.

Bularning o‘ziga vazifa qilib qo‘yildiki, bitta personaj yaratinglar, bu orqali hozirgi kundagi trendlarni ko‘rsatamiz. Keyin mana shu qizlar, bolalar, avvalroq bir qizimiz bo‘lardi Lola, keyin Zarina, Rahim, Bonu, mana Olya, yana uchta illyustrator, hammasi kelib, Fara personajini yaratishdi va menga koʻrsatishdi.

Avvaliga, men buni qo‘ymayman dedim. Ya’ni menga yoqmadi. Lekin bular allaqachon tayyorlab qilib, o‘rtoqlari, yaxshi ko‘rgan qizi kabi personajlarning hammasini yig‘ib borishayotgan ekan. Birinchi Farani ko‘rganimda, yo‘g‘-e, nima deyapsizlar, bularni tilida aytganda, krinjku dedim. Bu kontentni men o‘zimga ep ko‘ra olmayman, dedim. Birinchi effekt shu bo‘ldi.

Keyin yana bolalar, qizlar, ideya kerak degan vaqtimizda, Zarinaxon laqabi “mem queen”, memlar bo‘yicha mutaxassis, Rahim, Olya, Sasha, Sitora va Dasha kabi jamoa a’zolari tomonidan shu krinj gʻoya himoya qilinishni boshladi.

Men rozi boʻldim va ismini Fara qoʻyamiz, dedik. Qizlarimiz dugonalari, o‘rtoqlarini ismini ham qo‘ydi. Lokatsiyani Magic City qilamiz dedik. Keyin ketidan memlar chiqishni boshladi, u memlar boʻyicha ishladik. O‘sha paytda “Gentra”, katta bolalar kabi mavzular trendga chiqdi. Shu bilan ulanib ketdi, qarasak shu personajning muxlislari paydo bo‘lishni boshladi. Ya’ni men o‘zim xohlamadim, lekin loyiha omadli chiqdi. Nima qilishim kerak? Davom etishim kerak.

— Shunda Fara personajining yaratuvchisi deb bitta odam aytsa bo‘ladimi?

Yaratuvchisi deb jamoani aytish kerak, chunki bu yerda alohida kimnidir aytish noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki jamoaning mehnati aslida cheksiz-da. Ya’ni tomoshabin o‘n besh sekund animatsiyani, uzog‘i o‘ttiz sekundni ko‘radi. Lekin bular bitta animatsiyani qilish uchun, uzoq vaqt ishlaydi.

Aytmoqchi bo‘lganim, bularning hammasi kamida o‘n kundan mehnat qiladi. Bitta rolik uchun uch kishi ishlasa, ikkinchi rolik uchun yana boshqa uch kishi ishlaydi, uchinchi rolik uchun yana boshqa uch kishi… Umuman olganda jamoada hammaning oʻz oʻrni bor.

— Nostalgiya haqidagi videolardan keyin ArtBoss sahifasi mashhurlikka erishganmi?

U payt ArtBoss bo‘lmagan. Lekin birinchi animatsiya qo‘yilganda bittada 5 million koʻrishlarni “urib” qo‘ygan. 5 millionmi, 3 millionmi aniq esimda yo‘q, lekin koʻp boʻlgan. Chunki aytdim-ku, ungacha video kontentni o‘zi o‘sha mavzuda bo‘lgan. Ya’ni tapchanda yotgan bolalarni videosi, oddiy kamerada olingan video ko‘rinishida boʻlgan.

— Keyingi rejalar qanaqa? Masalan, toʻliq metrajli multfilm tomonga yurish niyati bormi?

Toʻliq metrajli multfilm qilish maqsadimiz yo‘q emas. Qisqa metrajli serial qilish niyatimiz ham yo‘q emas. Lekin bu byudjet masalasiga borib taqaladi.

Ya’ni men shu kungacha olti yil davomida “self investment” qilganman va hozirgi bosqichdagi yoʻl xaritamizda yo‘q, kelajakda bor. Ya’ni bugungi kundagi rejalarimizda ertaga yoki indinga serial boshlaymiz degan narsa yo‘q. Lekin bizda seriallarga mos konsepsiyalar yo‘q emas, bor.

— Mana shu personajlar bilanmi yoki yangi personajlar yaratiladimi?

Yo‘q, u yerda boshqa personajlar bilan qilingan konsepsiya, ikkitasi tayyor. Lekin, izohlarda aynan Fara bilan boʻlishini ko‘pchilik xohlagan. Aynan Fara bilan ko‘pchilik xohlagan. Bu ham rejalarimizda bor. Ya’ni g‘oyalar, qoralama ideyalar yo‘q emas, lekin keyinchalik. Chunki qanaqadir serial ustida bir yil ishlash uchun zaxirangiz boʻlishi kerak-da.

— Futbol haqida videolar ham bor sahifada. Futbol haqidagi videolar jamoa xohlagani uchun ishlanganmi yoki auditoriyaga kerak bo‘lgani uchunmi?

Men o‘zim futbol ko‘raman, uni yaxshi ko‘raman va hozir Jahon chempionati boʻlyapti. Lekin e’tibor bergan boʻlsangiz, futbol kontenti juda kam berilgan. Lekin e’lon qilganlarimizning izohlarida ham odamlar “Omar Momani layk bosibdi, Omar Momani ko‘ribdi”, deb yozishgan.

Keyin “mana oʻzbeklarning Sahariysi (eronlik karikaturachi Hamid Sahari — tahr.), o‘zbeklarni Momanisi”, degan gaplar yozildi. Baribir bu narsa xayolda qoladi-ku, to‘g‘rimi? Qoladi. Hozir shunday vaqt, ya’ni hamma Jahon chempionatini ko‘ryapti.

Masalan, o‘sha vaqtda mashhur bo‘lib ketgan kubok quchoqlab turgan bolakay ham chiqdi. U bilan Kolumbiya — O‘zbekiston o‘yiniga animatsiya qildik, 1 million 700 ta koʻrish, undan keyin yana bitta video ishlagandik, 1 million 300 ta koʻrish. Portugaliya chiqib ketganini qilgandik, 2 million koʻrish boʻlgan. Shu orqali xalqaro tomoshabinlar soni ham ortyapti. Nimaga biz qilmasligimiz kerak?

Yana bir narsani aytib oʻtmoqchiman, Abduqodir Husanov haqida chizgan illustratsiyamiz hamma Telegram kanalda aylandi, juda ko‘pchilik oʻz sahifasida e’lon qildi. Juda koʻpchilikka manba bilan berishlarini soʻrab yozdim. Bu gapimizni inobatga olganlar boʻldi, ularga rahmat. Manba koʻrsatib qoʻyganlarning hammasiga rahmat, ijodni hurmat qilgani uchun. Lekin koʻpchilik umuman javob ham bermadi.

— Xalqaro kuzatuvchilarning koʻpayishi ishlarga qanday ta’sir qiladi?

Birinchidan, sifatning oshishiga ta’sir qiladi. Ikkinchidan, faqat mahalliy bizneslar bilan emas, global bizneslar bilan hamkorlik qilishga yordam beradi. Uchinchi eng kerakli joyi, O‘zbekistonda Instagram foydalanuvchilarini bitta massa deb olsak, xalqaroda bu cheksiz deyolamiz-da. Ya’ni sizni tushunadigan odamlarning xalqaro maydonda paydo bo‘lishi bu sizni muxlislaringizni keskin darajada oshiradi.

Futbol kontentini ham biz juda koʻp marta test qilib koʻrganmiz. Siz ko‘rmagan va biz arxivga olib qoʻygan test kontentlarimiz juda ko‘p. Ya’ni juda ko‘p omadsiz animatsiyalar ham bo‘lgan. Lekin “yegan” uslub, “yegan” formula mana shu bo‘lgani uchun hozir davom etyapti. Xalqaro auditoriyani jalb qilish bo‘yicha shu metod ishladi, shuning uchun davom etyapmiz.

Sun’iy intellekt haqida yana biroz

— Sun'iy intellektning kirib kelishi va sohaga ozmi koʻpmi ta’sir oʻtkazayotgani haqida fikringiz qanday?

Ijobiy, albatta. Chunki xohlaymizmi, xohlamaymizmi, AI hayotimizning bir qismiga aylangan, ya’ni kirib kelib bo‘lgan. Men kompyuterda qilinadigan deyarli barcha narsalarni kelajakda AI qilishiga ishonaman. Lekin biz o‘zimizning loyihamizni ishlab chiqqanimizning sababi, gʻoyalarimizni, o‘zimizning uslubdagi hikoyani odamlarga yetkazish. Kontentning asosiy maqsadi baribir g‘oya-da.

Masalan, sun’iy intellektda qilasizmi, qo‘lda chizasizmi, nimada qilsangiz ham, siz g‘oyani ko‘rsatasiz, nima demoqchi bo‘layotganingizni ko‘rsatasiz. Shuning uchun biz qo‘rqmaymiz. Lekin bugungi kunda studiyamizda ishlaydiganlarning hammasi rassom bo‘lgani, qo‘lda chizadigan odamlar boʻlgani va oʻzlari xohlamagani uchun bugungi kunda studiyada AI’ga ruxsat berilmaydi. Kelajakda balki berilar. Hozirgi kunda 100% qo‘lda chiziladi. Kelajakda balki bilmadim. Lekin AI’ga salbiy qaramayman.

— ArtBoss oʻquvchilarga koʻrish uchun qanday multfilmlarni tavsiya qiladi.

Bilasizmi, eng qiziq tomoni, men o‘zi unaqa koʻp kino, multfilm ko‘rmayman. Men eslaydigan multfilmlarni, masalan, hozirgi bolalar ko‘rmasa kerak. Yaqinda shu oilaviy “Hoppers” multfilmiga bordik. Bizga juda yoqdi, deb ayta olaman va tavsiya qilalaman.

Bundan tashqari, “Qirol sher” multfilmini ayta olishim mumkin. Shuningdek, “Dengiz itlari” multseriali ham bizning oʻsmirlik davrimizga toʻgʻri kelgani uchun yoqqan.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling