“Charxpalak”dagi Mastura, Sardor Rahimxon, kino va teatr inqirozi: aktrisa Shohida Ismoilova bilan intervyu (video)

E’lon qilingan sana· 1 097
“Charxpalak”dagi Mastura, Sardor Rahimxon, kino va teatr inqirozi: aktrisa Shohida Ismoilova bilan intervyu (video)

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shohida Ismoilova Afisha.uz'ga intervyu berdi. U suhbat davomida “Charxpalak” serialidagi Mastura obrazi, “Telba” filmi, Instagram vaynlari, bugungi seriallar sifati va faoliyat yuritadigan teatri repertuari haqida fikr bildirdi.

— Ijodingizda qanday yangiliklar bor? Bugun nimalar bilan bandsiz?

— Yaqinda “So‘nggi bor yoxud Kechir” seriali yakunlandi. U juda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Loyihada yaxshi mehnat qildik va tomoshabinlar olqishini oldik. Albatta, tanqidiy fikrlar ham bo‘ldi. Menimcha, har bir tomoshabin serial ko‘rar ekan, qahramonlardan o‘zini qidiradi. Ko‘pchilik qahramonning kamchiligiga yoki kiyinishiga baho berish bilan cheklanadi. Keraksiz detallarga e’tibor qaratadi. Lekin syujet va serialning asl mohiyatiga chuqurroq kirib bormaydiganlar ham bisyor.

“Baland uy tashvishlari” nomli serialning birinchi faslini olib tugatdik, endi ovozlashtirish jarayoni boshlanadi. Shuningdek, Alisher Uzoqovning “Chempion” filmi ham suratga olinib, yakunlandi. Hozir u turli tanlovlarda ishtirok etyapti. Men bu filmda chempionning buvisi rolini ijro etdim. Ayni paytda yana ikkita loyihaga jalb qilinganman. Xudoga shukr, bo‘sh vaqtim yo‘q. Menimcha, band bo‘lish — yaxshi.

— Keyingi yillarda Instagram’da vaynlarda rol ijro etayotgan professional teatr va kino aktyorlari soni ko‘paydi. Sizni ham yosh vaynerlar bilan hamkorlikda ko‘rganmiz. Nima deb o‘ylaysiz, nega bugun ko‘plab professional aktyorlar ijtimoiy tarmoqlarga o‘tyapti? Bu tanilish, erkinlik yoki gonorar bilan bog‘liqmi?

— Yo‘q, buni gonorar bilan bog‘lash to‘g‘ri emas, nazarimda. Ko‘pincha “Yordam berib yuboring, birinchi ishimiz”, deya yoshlar taklif bilan chiqishadi. Ammo men uchun har doim ssenariy birinchi o‘rinda turadi. Uning tarbiyaviy ahamiyati bormi-yo‘qmi — eng muhimi shu.

Hozir shunday vaynlar chiqyaptiki, ularni bolalar bilan birga o‘tirib ko‘rib bo‘lmaydi. Vaholanki, o‘sha rollarning ayrimini bolalarning o‘zi ijro etadi. Bolaning og‘zidan kattalar aytadigan, uyatli gaplar chiqyapti. Bu esa tarbiyaviy jihatdan mutlaqo noto‘g‘ri, bunday ishlarga qarshiman.

Men esa faqat jiddiy va foydali mavzularda ishtirok etaman. Masalan, korrupsiyaga qarshi kurash, ichki ishlar xodimlarining bugungi faoliyati haqidagi roliklarda qatnashdim. Bu ham ma’lum ma’noda reklamaga o‘xshaydi, lekin odamlarga foydasi tegadigan kontent. Tomoshabinlarni shunchaki kuldirish uchun yoki bo‘lar-bo‘lmas mavzularda rol o‘ynashni istamayman.

— Siz ishtirok etgan “Qirq tog‘oraning qirq nag‘orasi”, “Charxpalak”, “Qaytar dunyo” kabi seriallar bugun ham tomoshabinlar tomonidan sog‘inch bilan esga olinadi. Nega hozir shunday asarlar kamayib ketdi, deb o‘ylaysiz? Muammo ssenariydami, rejissyordami yoki aktyorlik maktabida?

— Buni bir nechta sababi bor, hammasi zanjir kabi uzviy bog‘langan. Avvalo, ssenariylar sayoz yozilyapti va unga kam vaqt ajratiladi. Serialning bitta qismini bir kunda tasvirga olishyapti. Bu aqlga sig‘maydigan holat. Aktyor matnni yodlamaydi, suflyor ko‘magi bilan suratga tushyapti. Vaqt kamligi sababli rejissyorlar ham tez olishga harakat qilishadi, zamon rivojlanib ketdi.

Biz “Charxpalak"ni suratga olgan paytlarda bir kunda atigi bitta epizod ustida ishlardik. Undan avval repetitsiyalar bo‘lardi, matnlar yodlanardi, hatto syomka maydoniga kelishdan oldin studiyaning o‘zida yana mashq qilinardi. Chunki mukammallik katta mehnat talab qiladi. Bugun esa professional aktyorlar kam qatnashyapti, ularning o‘rnini noprofessionallar egallab bormoqda. Shuning uchun ham odamlarda: “Demak, aktyorlik qilish oson ekan, har kim o‘ynayverar ekan”, degan tasavvur paydo bo‘lyapti. Biz shuncha yil nega o‘qidik?

Hozir ko‘zga glitserin tomizib yig‘latish urf bo‘lgan. Lekin qalb ishlamasa, buni tomoshabin baribir darrov sezadi. Aktyorda yurak va o‘tkir nigoh bo‘lishi kerak. Ba’zan bitta qarashning o‘zi bilan qahramonning ichki holatini yetkazish mumkin.

Bugun biz kuchli dramaturgiyaga muhtojmiz. Zamon talabiga javob beradigan yaxshi asarlar kam. Ko‘proq yengil va yuzaki mavzularga sho‘ng‘ib ketdik. Bizga yangi yosh dramaturglar kerak. Shunday asarlar yaratilishi kerakki, ular bugungi kun bilan hamnafas bo‘lsin. Vatanni ulug‘laydigan, insonni o‘ylantiradigan, yoshlar-u kattalarga birdek ta’sir qiladigan asarlar yetishmayapti.

Teatrlarda klassik asarlar ham juda kam sahnalashtirilyapti. Talabalik paytimda Hamza teatriga tez-tez borardim. “Shoh Edip”, “Soqov ritsar”, “Boy ila xizmatchi” kabi katta asarlarni tomosha qilardik. Hozir repertuarlarga qarasangiz, asosan maishiy va yengil mavzularni tashkil qiladi.

Ichimda doim bir tug‘yon uradi: zamon talabiga javob beradigan yaxshi asarlarda o‘ynagim keladi. Qahramon ayollar obrazini yaratishni istayman. Oddiy dehqon ayollar orasidan ham qancha buyuk insonlar, iste’dodlar, qahramonlar chiqqan. Qani o‘sha asarlar? Umr o‘tyapti, lekin biz vaqtni ushlab turolmaymiz.

Tomoshabin kular ekan, deb ularning ortidan ergashmasligimiz kerak. Aksincha, tomoshabinni yaxshi asarlar tomon boshlashimiz lozim. Teatrda yoki televizor oldida ota-ona farzandi bilan bemalol o‘tira olishi, hech kim bir-biridan uyalmay tomosha qiladigan asarlar ko‘payishini istayman.

— “Charxpalak"dagi Mastura obrazi ijodingizdagi eng murakkab rollardan biri bo‘lsa kerak. Uning ichki kechinmalari va dardini ishonarli ochib bergansiz. Ko‘pchilik sizni aynan shu rol orqali taniydi. Bu obrazni qabul qilishga nima undagan? Ruhiy xastalar shifoxonasidagi muhitni ko‘rgach, roldan voz kechish haqida o‘ylaganmisiz?

— Rostini aytsam, bunday fikr bo‘lmagan. Birinchi katta serialdagi rolim Yusuf Roziqov suratga olgan “Domla” bo‘lgan. U bilan ishlashni, menimcha, har bir aktyor orzu qiladi.

“Charxpalak"dagi Mastura roli uchun juda ko‘p mashhur aktrisalar sinovdan o‘tgan ekan. Keyin Shavkat aka “Domla"ni ko‘rib, “Shu aktrisani chaqirib kelinglar”, debdi. Yordamchilari men bilan bog‘lanishdi. Uchrashuvga borganimda rejissyor va Sharof Boshbekov birga o‘tirgan ekan. Menga ssenariyni tutqazib, “O‘qib chiqing, ertaga “proba"ga tayyorlanib kelasiz”, deyishdi. Uni uyda o‘qib chiqdim, lekin ochig‘i, ancha hayajonga tushdim. “Ruhiy xasta ayol obrazini qanday ijro etaman?”, degan o‘y tinchlik bermadi, vahimaga tushdim.

Sharof Boshbekov Mastura obrazini juda kuchli yozgan ekan. Aslida uning ichki dunyosi birgina gapida ochiladi. U Bibi Maryamga shunday deydi: Bibim Maryam, agar dunyoning tashvishlarini o‘ylayversang, o‘ylayversang, jinni bo‘lgan durustroq, deb o‘ylayman. Chunki kalla ishlamaydi, vijdon qiynalmaydi.

Shu ikki og‘iz gapning o‘zida Masturaning butun dardi mujassam. Bu ayol vijdon azobida yashaydi. Atrofidagi muhit, jamiyat bosimi uni shu ahvolga olib kelgan. Men aynan shu jihatni ushladim.

Keyin Shavkat akaga “Menimcha, Mastura to‘liq aqlidan ozgan ayol emas. Uni shunday ko‘rsatish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. U ba’zi paytlarda o‘ziga keladi, yana farzandiga, oilasiga intiladi. Faqat og‘ir ruhiy bosim ta’sirida stress holatlariga tushib qoladi”, dedim. Bu fikrim rejissyorga ham ma’qul keldi va suratga olish jarayonlari boshlanib ketdi.

Ruhiy xastalar shifoxonasiga borib, bemorlarni kuzatganimiz esa men uchun juda katta hayotiy saboq bo‘lgan. O‘shanda inson uchun eng katta baxt — aql-hushi joyida, jamiyatga kerakli inson bo‘lib yashash ekanini yanada chuqurroq anglaganman.

— Mastura obrazini tomoshabinlar qanday qabul qildi? Yaqinlaringiz-chi?

— Muxlislar iliq qabul qilgan. Ammo yaqinlarimga Mastura unchalik yoqmaydi. Chunki ular onasini doimiy iztirobda, stress holatida, turli og‘ir voqealar ichida ko‘rishni xohlashmasdi. Hatto turmush o‘rtog‘imga ham bu rolim ma’qul kelmaydi. Lekin o‘zimga juda yoqadi.

— Siz ko‘plab kliplarda suratga tushgansiz. Ammo Sardor Rahimxonning “Onam” qo‘shig‘iga ishlangan klip haligacha tomoshabinlar tomonidan alohida e’tirof etiladi. Bu qadar ta’sirli bo‘lishini kutganmidingiz?

— Sardor Rahimxonni nafaqat yaxshi xonanda, balki qalami o‘tkir jurnalist sifatida ham bilaman. Eng muhimi, u juda mehribon, qalbi keng inson. Shuning uchun qaysi loyihasiga taklif qilmasin, imkonim bo‘lsa, rad etmayman. Pul masalasini umuman birinchi o‘ringa qo‘ymayman, ular ham yaxshi bilishadi.

Rostini aytsam, men hech qachon biror film yoki klipga tushishdan oldin shov-shuv bo‘lishini o‘ylamayman. “Onam” klipi o‘zimga ham juda yoqadi. Chunki undagi g‘oya menda fidoyi onalar haqida chuqur o‘ylar uyg‘otgan. Ayniqsa, nogiron farzandini parvarish qilib, butun umrini bag‘ishlagan onalarni eslayman. Ular o‘z hayotidan ko‘ra farzandining dardi bilan yashaydi, uning sog‘ayishidan umidini uzmaydi. Shuning uchun ham bu klip menga juda yaqin. Ona mavzusi har doim qalbimga ta’sir qiladi. Menimcha, Sardor Rahimxonning qo‘shiqlarini yurakdan aytardi, shu sababli odamlarga yetib borar edi.

— Instagram sahifangizda “Telba” filmiga oid surat va videolarni tez-tez ulashasiz. Bu kino ijodingizda alohida o‘rin tutadimi? U bilan bog‘liq qaysi xotiralar siz uchun eng qadrli?

— Avvalo, rejissyor Ayub Shahobiddinovga alohida rahmat aytgim keladi. U bilan juda yaxshi ishlaganmiz. Bu filmda Dilnoza Kubayeva ham, Ulug‘bek Qodirov ham men uchun haqiqiy aktyorlik maktabi bo‘lgan, ulardan juda ko‘p narsa o‘rganganman.

“Telba"da Ulug‘bek bilan bir sahnamiz bor, uni hech qachon unutmayman. Uning qahramoni onasini kasalxonaga ko‘rgani keladi. Onasi: “Nimaga kelding? Bu narsalarni qayerdan olding, o‘g‘lim? Uyda sotadigan hech narsa qolmagandi”, deb so‘raydi. U esa “Oldim-da, oyi. G‘ururimni sotdim”, deya javob beradi. Qarang, shunaqa oddiy aytilgan jumla qanchalik kuchli ta’sir qiladi. Ulug‘bek hech qachon his-tuyg‘uni bo‘rttirib o‘ynamaydi. Hammasini hayotiy, tabiiy ijro etadi. Menimcha, uning eng katta fazilati ham shu — rolga yurak bilan yondashadi. Qolaversa, bu sahna bir dublda tasvirga olingan.

Dilnoza Kubayeva haqida ham faqat yaxshi fikrlarim bor. U nafaqat kuchli aktrisa, balki hayotda ham juda yaxshi inson. Ko‘p marta birga rol ijro etganmiz. Dilnozaning dunyoqarashi keng, fikri teran. U yengil-yelpi yondashadigan aktrisalardan emas, har bir obraz ustida chuqur mulohaza qiladi. Men uni ham inson, ham ijodkor sifatida juda hurmat qilaman.

— Siz uchun sahnada yoki ekranda baxtli ayol obrazini ijro etish osonmi yoki baxtsiz ayolni?

— Negadir menga ko‘proq iztirob chekkan, taqdir sinovlarini boshdan kechirgan onalar rollariga taklif qilishadi. Farzandlarim esa har doim “Ona, bunday rollarni olmang”, deyishadi. Ular meni baxtli ko‘rishni xohlaydi. Chunki o‘zimni baxtli ayol, deb bilaman. Qudalarim, farzandlarim — hammamiz bir-birimizni tushunib yashaydigan oilamiz. Shuning uchun ham ular baxtsiz ayollar haqidagi rollarimni ko‘rishni istashmaydi. Hatto ba’zi seriallarimni tomosha ham qilishmaydi. Chunki yana bir iztirobli ayol obrazini yaratganimni bilishadi (kuladi).

— Hayotda baxtli inson bo‘la turib, baxtiqaro ayol obrazini ishonarli yaratish qiyin emasmi?

— Albatta, oson emas. Hayotda juda kuzatuvchanman: atrofdagi odamlarni, turli voqealarni diqqat bilan tahlil qilaman. YouTube’da ham hayotiy hikoyalarni ko‘raman. Kelinlar, qaynonalar yoki turli taqdirlarni boshidan kechirgan insonlarning dardini eshitaman. Lekin buning o‘zi yetarli emas. O‘sha insonning o‘rniga o‘zimni qo‘yishga harakat qilaman. Uning dardini, ichki kechinmalarini his qilishga intilaman.

Menimcha, aktyorning eng asosiy vazifasi ham shu — obrazning ichiga kirib yashash. Uning dunyosi, o‘y-xayoli, his-tuyg‘ulari bilan yashamasangiz, rol hech qachon tomoshabinni ishontira olmaydi.

Intervyuning toʻliq variantini YouTube orqali tomosha qilish mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
“Charxpalak”dagi Mastura, Sardor Rahimxon, kino va teatr inqirozi: aktrisa Shohida Ismoilova bilan intervyu (video) — Toshkent Afishasi