Xamdam Sobirov “Peshta” nomli qo‘shig‘iga ishlangan klipni taqdim etdi

Taniqli xonanda Xamdam Sobirov “Peshta” nomli yangi qo‘shig‘i va unga ishlangan videoklipni taqdim etdi. Qo‘shiq matni va musiqa muallifi Xamdam Sobirovning o‘zi bo‘lib, videoklipni rejissor Doniyor Radjabov suratga olgan.

“Peshta” klipi sahnaviy obrazlar, g‘ayrioddiy dekoratsiyalar va kutilmagan kadrlar orqali xonandaning avvalgi ishlaridan ajralib turadi. Klipda real voqealarga asoslangan oddiy syujetdan ko‘ra sahnaviy kompozitsiya, obraz va ranglar uyg‘unligiga katta e’tibor qaratilgan.

Klipning asosiy vizual yechimi qizil rang atrofida qurilgan. Qizil fon, sahnadagi geometrik shakllar va zinalar xonanda obrazini markazga olib chiqadi. Hamdam Sobirov oq shlyapa, oltinrang pogonlar va turli nishonlar bilan bezatilgan harbiysimon kostyumda namoyon bo‘ladi.

Boshqa bir sahnada esa Xamdam Sobirov oq kiyimdagi, yuzlari yopilgan odamlar orasida tasvirlangan. Bu kadrlarda qizil dekoratsiyalar oq liboslar bilan keskin kontrast hosil qiladi. Shu jihatdan “Peshta” klipini faqat qo‘shiqqa ishlangan videorolik emas, balki obraz va vizual ramzlarga tayangan sahnaviy ish sifatida ko‘rish mumkin. Klipdagi yana bir e’tiborli sahnada Xamdam Sobirov va qahramon qiz sahroda harakatlanayotgan mashina ortiga ulangan qizil divanda tasvirlangan.

Klip premyera qilingan vaqtda beri 2,1 million marta tomosha qilindi.