“Arzon hissiyotlarga qurilgan qo‘shiqlar”. Xonandalar SIda yaratilgan tarona va kliplarga qanday qaraydi?

Sun’iy intellekt orqali qo‘shiq va klip yaratish o‘zbek shou-biznesida ham tobora ommalashmoqda. Ayniqsa, DLEJ’ning “Vaqtinchalik shamol” qo‘shig‘i xitga aylangach, bu texnologiyaning musiqa san’atidagi o‘rni yanada ko‘proq muhokama qilindi. Ayrim qo‘shiqchilar SIni ijod uchun yangi imkoniyat sifatida qabul qilsa, boshqalar uni inson ovozi, hissiyoti va haqiqiy ijod uchun xavf, deb hisoblamoqda.
Afisha.uz G‘ulomjon Yoqubov, Konsta, Ruxsora Emm, Yulduz Turdiyeva, Farruh Fazel, Malika Ravshanova kabi xonandalarning bu boradagi fikrlariga qiziqdi.
“Haqiqiy ijodning yo‘qolishiga ta’sir qiladi”
G‘ulomjon Yoqubov, O‘zbekiston xalq artisti:
Sun’iy intellektda yaratilgan matn ham, musiqa ham baribir sun’iy bo‘ladi. Haqiqiy ijod qiladigan insonga esa bu narsalar kerak emas. Asl ijodkor yillar davomida izlanadi, mehnat qiladi, yangilikka intiladi va shu jarayonda o‘zi ham o‘sadi. Uning ijodi ham ana shu izlanishlar orqali shakllanadi. Sun’iy intellekt esa tayyor narsani beradi va buni ijodkorlikka to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblayman. Men bunga qarshiman.
Bu jarayon san’atda haqiqiy ijodning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, yoshlar bunga o‘rganib qolsa, izlanish va mehnat qilishga ehtiyoj sezmay qo‘yadi, ustoz-shogird an’analari ham yo‘qoladi.
Sun’iy intellektning texnika, qurilish, tibbiyot va boshqa sohalarda qo‘llanilishini qo‘llab-quvvatlayman. Lekin san’atda bunga ehtiyoj yo‘q, deb o‘ylayman va qarshiman.

“Odamlar ideal ovoz va tasvirlardan charchagan”
Ruxsora Emm, xonanda:
Hozircha qo‘shiq yaratishda sun’iy intellektdan foydalanishga negativ munosabatdamasman, lekin o‘zim ishlatmayman. Chunki ijodkorning ijodini sun’iy intellekt to‘liq yaratib bera olmaydi, deb o‘ylayman. Shu bois qo‘shiq yaratishda undan foydalanish tarafdori emasman va hozircha qo‘llab ko‘rish rejam ham yo‘q.
Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan qo‘shiqlarni eshitsam, uning sun’iy ekanini darrov sezaman. Ovoz juda ideal va bir xil eshitiladi. Menimcha, odamlar ham haddan tashqari ideal ovoz va tasvirlardan charchagan. Hozir tabiiylik yetishmayapti. TOPga chiqqan shunday qo‘shiqlar bor, lekin shaxsan men uchun ularning sadosi juda bir xil.
Biz barcha qo‘shiqlarimizni saund-prodyuserimiz bilan o‘zimiz yozamiz. Shuning uchun sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha takliflar ham bo‘lmayapti va hali uni ishlatib ko‘rmadik.
Klipda esa sun’iy intellektdan foydalanish mumkin, deb o‘ylayman. Masalan, vizual effektlar va turli tasvirlar yaratishda u yaxshi vosita bo‘la oladi. Ammo ovoz masalasida bunga qarshiman. Qo‘shiqni ijodkorning o‘z ovozi bilan kuylashi tarafdoriman. Kelajakda klipni to‘liq sun’iy intellekt orqali yaratib ko‘rishni ham istisno qilmayman. Buni eksperiment sifatida sinab ko‘rish mumkin.

“Xavotirga solmaydi”
Gulsanam Mamazoitova, O‘zbekiston xalq artisti:
Sun’iy intellektning o‘zbek shou-biznesiga kirib kelgani meni xavotirga solmaydi. Yildan yilga yangiliklar ko‘payapti va bunga ham ulardan biri sifatida qarash kerak xolos. Menimcha, uning umri ham qisqa bo‘ladi. Chunki xalq, umuman butun dunyo haqiqiy ovoz sohiblarini tinglashdan hech qachon charchamaydi.
Yangi narsa har doim qiziq tuyuladi. Qo‘shiqchilikda ham, boshqa sohalarda ham shunday. Lekin bu qiziqish ma’lum darajada cheklangan bo‘ladi. Haqiqiy ovoz va iste’dod egalari esa hech qachon yo‘qolmaydi.
Menga ham sun’iy intellekt orqali klip olish bo‘yicha takliflar bo‘lyapti. Albatta, bu haqda o‘ylab ko‘rish kerak. Lekin undan faqat layk yoki yangi muxlis yig‘ish uchun emas, to‘g‘ri va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan maqsadlarda foydalanish kerak, deb hisoblayman. Bu borada rejalarimiz bor.

“Tinglovchilarning didiga hayronman”
Konsta, reper:
Sun’iy intellektni video va musiqa yaratishda qo‘llashga normal qarayman. Bu ham oddiy instrumentlardan biri. Lekin hech narsa qilishni bilmaydigan odamga sun’iy intellekt ham yordam berolmaydi. U bilan ishlash uchun ham tushunish va mehnat qilish kerak.
Musiqa yaratishda ham kimdir undan ermak sifatida foydalanib, zavq olayotgan bo‘lsa, omadini bersin. Lekin sun’iy intellektda yaratilgan, bir-biriga o‘xshash va eng arzon hissiyotlarga qurilgan qo‘shiqlarni eshitayotgan odamlarning didiga hayronman. Bunday didlarni tushunish menga qiyin.
Klipda sun’iy intellektdan o‘zimiz ham foydalanganmiz. “Ismim Sharif” klipida asosiy g‘oyalardan biri — tabiiy bo‘lish, sun’iy bo‘lmaslik. Inson o‘zligini saqlashi, boshqa obrazlarga o‘xshashga harakat qilmasligi kerakligini ko‘rsatish uchun turli filmlardan sahnalarni sun’iy intellekt yordamida ataylab juda sun’iy ko‘rinishda qayta yaratganmiz. Shu orqali boshqalarga o‘xshashga, o‘zga obrazlarni o‘zlashtirishga urinish insonga qanchalik yarashmasligini ko‘rsatishni maqsad qilganmiz.

“Asl san’at baribir qadrlanadi”
Yulduz Turdiyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
Sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan qo‘shiqlarga munosabatim biroz xavotirli. Hozir odamlar bunday usulda yaratilgan taronalarni eshitib, uning sun’iy ekanini farqlamay, “Zo‘r tarona chiqibdi”, deya ijobiy qabul qilyapti. Keyin esa uni kim ijro etgani haqida qizg‘in bahslar boshlanadi. Menimcha, bu yaxshi holat emas va san’atkorni qo‘rqitadi.
“Sun'iy intellekt san’atkorlarni sindiryapti, ularning noni tugayapti”, degan fikrlarni ham o‘qiyman. Lekin men bunga qo‘shilmayman. Asl san’atkor hech qachon sinmaydi, haqiqiy san’at baribir qadrlanadi. Har bir san’atkorning o‘z tinglovchisi bor.
O‘zbek xalqining boy san’ati esa alohida dunyo. Xorazm, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent san’atidagi an’analar hech qachon yo‘qolib ketmaydi. An’anaviy tadbirlarda professional xonandalar, sozandalar va raqqosalarning ijrosini ko‘rib, chet ellik mehmonlarning ham bunga qiziqishiga guvoh bo‘lamiz. “Sharq taronalari”, Namangandagi Maqom festivali kabi tadbirlar ham milliy san’atimizga bo‘lgan qiziqishni saqlab qolyapti.
Menimcha, bu — o‘tish davri. Xalq yangi texnologiyalarga o‘rganadi. Biz ham shu kabi bosqichlarni boshdan kechirib kelganmiz. Shuning uchun sun’iy intellektning san’atga kirib kelishi ham navbatdagi o‘tish davri, deb o‘ylayman.

“Klip yaratishga qarshiman”
Farruh Fazel, xonanda:
Kliplarni sun’iy intellekt orqali yaratishga qarshiman. Qo‘shiq va matn yaratishda esa undan yordamchi sifatida foydalanish mumkin, deb o‘ylayman.
Masalan, o‘zimiz yozgan so‘zlarga musiqiy sayqal berish, aranjirovkasini joyiga qo‘yish va ijodimizni yanada takomillashtirishda sun’iy intellektdan foydalanish mumkin. Ammo uning yordamida yaratilgan tayyor qo‘shiqni hech qanday o‘zgarishsiz olib, muxlislarga taqdim etishni to‘liq ijodiy ish, deb hisoblamayman. Uni inson qalbiga yetib boradigan darajada boyitish va o‘z hissiyotimiz bilan to‘ldirish kerak.

“SIdan g‘oya olish mumkin, ammo qo‘shiqni o‘zimiz kuylashimiz kerak”
Malika Ravshanova, xonanda:
O‘tgan yil oxirida farzand ko‘rdim, shu sababli ekranga chiqish imkoniyatlarim ham cheklangan edi. To‘ng‘ich qizim sun’iy intellekt orqali klip yaratishni taklif qildi. Men har doim to‘rt fasl manzarasida klip olishni orzu qilardim, sun’iy intellekt esa shu imkoniyatni berdi. Qizim ham bu yo‘nalishni o‘rganyapti va ustozlari bilan birgalikda loyiha qildi. Shu tariqa “Kutaman” nomli klipimni SI orqali yaratdik. Bu ularning ham, mening ham sun’iy intellekt orqali yaratilgan birinchi klipim bo‘ldi.
Lekin sun’iy intellekt yordamida inson ovozini yaratib, qo‘shiq tayyorlashga qarshiman. Chunki bunda hissiyot bo‘lmaydi. Inson o‘z qo‘shig‘ida yashashi kerak. Sun’iy intellektdan g‘oya va yo‘nalish olish mumkin, ammo qo‘shiqni o‘zimiz kuylashimiz lozim. Shunda unda yurak bo‘ladi.
Sun’iy intellektda klip yaratish arzon emas. Aniq qancha mablag‘ sarflaganimizni aytmayman, lekin bu pulga O‘zbekistonda bemalol yaxshi klip olish mumkin. Chunki sun’iy intellekt dasturlarini sotib olish kerak, ulardagi imkoniyatlar ma’lum muddatdan keyin tugaydi va yana qo‘shimcha to‘lov talab qiladi. Shu bilan birga, fotosessiya yoki turli videolarni suratga olishga vaqt yetmay qolganda, sun’iy intellekt juda yaxshi yordam beradi.

“Bu ham bir o‘tish davri”
Ma’suma Boltaboyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
Sun’iy intellekt orqali yaratilgan qo‘shiq va kliplarni ko‘rdim, eshitdim. Albatta, ular yoqimli va chiroyli. Lekin bunday ijrolarda inson yuragi urib turmagani seziladi. Insonga xos ovoz tembri yetishmaydi.
Haqiqiy san’atkorning o‘ziga xos tembri, ovozidagi shirasi va hech kimga o‘xshamaydigan nolasi bo‘ladi. Eng muhimi, uning ijrosiga qalbi qo‘shiladi. Shuning uchun sun’iy intellektning san’atga kirib kelishi meni xavotirga solmaydi. Balki bu ham bir o‘tish davridir.

“Uzoqlashish kerak”
Xurshida Eshniyozova, xonanda:
Sun’iy intellektning san’atga kirib kelishiga qarshiman. Chunki har qanday jonli narsada o‘sish va rivojlanish bo‘ladi. San’atkorlar ham jonli kuylasa, doimo o‘z ustida ishlaydi va rivojlanadi. Har bir san’atkorning o‘ziga xos nolasi, ohangi va ritmi bo‘ladi. Jonli ijroda esa bu jihatlar insonning o‘ziga xos tarzida namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun san’atkorlar imkon qadar sun’iy intellektdan uzoq bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Shaxsan o‘zim sun’iy intellektdan foydalanmagan bo‘lardim va bundan keyin ham foydalanishni istamayman. Alloh bergan o‘z san’atimiz va ovozimiz bor. Xalq bizni tinglayapti, yaxshi kunlari va to‘y-tantanalariga chaqiryapti. Shuning uchun sun’iy intellekt san’at uchun zarur emas, undan uzoqlashish kerak, deb o‘ylayman.

“Yurakdan chiqqan narsa, albatta, yuraklarga yetib boradi”
Gulasal Abdullayeva, xonanda:
Mening shaxsiy fikrimcha, sun’iy intellektning san’atga kirib kelishi unchalik yaxshi emas. Chunki tabiiylik va insonning o‘zidagi iste’dod muhim. Ovozda ham, aranjirovkaga ishlov berishda ham inson yurakdan yondashib, ijro qilsa, natija boshqacha bo‘ladi. Yurakdan chiqqan narsa, albatta, yuraklarga yetib boradi.
Menga odatda qo‘shiqlar “demo” variantda, ya’ni g‘oya sifatida jo‘natiladi va yog‘ganlarini tanlab, sotib olib kuylayman. O‘zimga ham sun’iy intellekt orqali yaratilgan ko‘plab qo‘shiq va g‘oyalar keldi, lekin ularning hech biri qalbimga kirib bormadi. Shuning uchun hozirgacha sun’iy intellekt orqali kelgan g‘oyalarni sotib olganim yo‘q. Imkon qadar tabiiy, inson yuragidan chiqqan qo‘shiqlarni tanlab, ijro etishga harakat qilyapman.

“Tajriba sifatida klip yaratmoqchiman”
Mavluda Asalxo‘jayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
Sun’iy intellekt orqali yaratilgan kliplarni ko‘rdim, ayrimlari chiroyli chiqqan. Xalq qanday qabul qilishini bilish uchun buni tajriba qilib ko‘rish kerak, deb o‘ylayman. Men ham bir qo‘shig‘imga shunday klip qilib ko‘rishni istardim, lekin bu faqat tajriba sifatida bo‘ladi.
Ovozni sun’iy intellekt orqali yaratishga esa qarshiman. Chunki odamlar ba’zi qo‘shiqlar sun’iy intellektda yaratilganini bilmay, uni kim ijro etganini qidirishyapti. Hatto ayrim xonandalar bunday qo‘shiqlarni o‘zlari ijro etganini da’vo qilishyapti. Bu to‘g‘ri emas va san’atkorlarning o‘sishiga ham yordam bermaydi.
Muxlislarga ham shuni aytmoqchiman: sun’iy intellektdagi robot ijrosini eshitish mumkin, lekin haqiqiy san’atkor uni yanada chiroyli va tabiiy kuylaydi. Shuning uchun sun’iy intellektdan klipda tajriba sifatida foydalanish mumkin, ammo u hech qachon insonning tabiiy ijrosiga yetmaydi.

Avvalroq sun’iy intellektda yaratilgan aktrisa ilk bor filmda bosh rolni oʻynashi haqida xabar berilgandi.
- #farruh fazel
- #g‘ulomjon yoqubov
- #konsta
- #malika ravshanova
- #ruxsora emm
- #sun'iy intellekt
- #yulduz turdiyeva