Jorj Kluniga karyerasidagi yutuqlari uchun faxriy “Oltin sher” mukofoti topshirildi

Venetsiya kinofestivalining ochilish marosimida aktyor Jorj Kluniga faxriy “Oltin sher” mukofoti topshirildi. U mukofotni Laura Dern qo‘lidan qabul qilib oldi.
“Faoliyatingizdagi yutuqlar uchun mukofot topshirilsa, xayolga ikki narsa keladi. Birinchisi — bu qanday ajoyib sharaf ekani. Ikkinchisi — ular men bilmaydigan nimanidir bilishmayaptimikan?” — deya hazillashdi aktyor mukofotni qabul qilib olar ekan. Shundan so‘ng u jiddiy ohangda so‘zida davom etdi.
“Kino urushlarni to‘xtatmaydi, inflyatsiyani pasaytirmaydi, saylov natijalarini o‘zgartirmaydi. Ammo kino juda muhim bir ishni qiladi: u bizga begona odam aslida butunlay begona bo‘lmasligini eslatadi — balki u shunchaki kimningdir hikoyasi qahramonidir. Agar biz qorong‘i zalda yonma-yon o‘tirib, kimningdir hikoyasiga hamdard bo‘la olsak, menimcha, hammasi yaxshi bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi Kluni.
Aktyor o‘tgan yili festivalga Noa Baumbaxning “Джей Келли” filmi bilan tashrif buyurgan edi. Film asosiy tanlov dasturida namoyish etilgan, biroq hech qanday mukofotga sazovor bo‘lmagan.