Ed Shiran, "Oasis" va "Queen" qo‘shiqlari haydovchilar uchun eng xavfli treklar ro‘yxatiga kiritildi

“Oasis”, “Queen” va yana bir qator mashhur guruhlar qo‘shiqlari haydovchilar uchun eng xavfli treklar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Vice nashri xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, rulda tezkor tempdagi musiqa tinglash haydovchilarni tezlikni oshirishga va yo‘lda diqqatini jamlashni yomonlashtirishga olib kelishi mumkin. Tadqiqot mualliflari Spotifyning sayohatlar uchun mo‘ljallangan ommabop pleylistlarni tahlil qildi. Eng “xavfli” taronalar qatoridan Ed Shiranning “Shape of You” va “Oasis” guruhining “Wonderwall” qo‘shiqlari o‘rin olgan.
Tadqiqotchilar qo‘shiqlarni tempi bo‘yicha solishtirgan. Ularning fikricha, daqiqasiga 120 zarbdan (BPM) tezroq musiqa avtomobil tezligining oshishi, diqqatning susayishi va rulda ko‘proq xatolarga yo‘l qo‘yish bilan bog‘liq oqibatlarga olib kelgan.
Haydovchilar uchun “eng xavfli” deb topilgan 10 ta trek:
- Ed Sheeran — “Shape of You”.
- Oasis — “Wonderwall”.
- The Kid LAROI & Justin Bieber — “Stay”.
- Billy Idol — “Rebel Yell”.
- Blondie — “One Way or Another”.
- Pharrell Williams — “Happy”.
- Outkast — “Hey Ya!”.
- Queen — “Don't Stop Me Now”.
- The Killers — “Mr. Brightside”.
- Bruno Mars — “Locked Out of Heaven”.
Biroq tadqiqot mualliflari bu qo‘shiqlarning o‘zi mashina boshqarishni xavflilashtiradi, degan xulosaga kelmagan. Gap musiqa tempi va haydovchining xatti-harakati o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqlik haqida bormoqda.
Mutaxassislar buni avtonom asab tizimi va “ritmik sinxronlashuv” bilan izohlaydi. Ya’ni inson o‘zi sezmagan holda harakatlarini musiqa ritmiga moslashtirishi mumkin. Tezkor ritmdagi qo‘shiq esa mashina boshqarish tezligiga ham ta’sir qilishi ehtimoli bor.
Xotirjamroq boshqaruv uchun tadqiqotchilar tempi 60−100 BPM bo‘lgan musiqalarni tavsiya qilgan.
Ma’lumot uchun, reyting faqat Spotify pleylistidagi 30 ta eng mashhur qo‘shiq asosida tuzilgan. Shuning uchun ularni “dunyodagi eng xavfli qo‘shiqlar"ning yakuniy ro‘yxati deb mutlaq xulosa qilib bo‘lmaydi.