Hayao Miyazaki nega SI’dan umuman foydalanmaydi?

Studio Ghibli prodyuseri Toshio Suzuki, Hayao Miyazakini generativ sun’iy intellekt nima ekani haqida umuman bilmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, uning fikricha, ijodkorning badiiy yondashuvi neyrotarmoqlarning ishlash tamoyilidan keskin farq qiladi.
Suzukining so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt imkon qadar ko‘proq ma’lumot to‘plashga va shu asosda “optimal yechim” topishga urinadi, Miyazaki esa aksincha “The Boy and the Heron” animesini yaratishda har qanday tashqi axborotdan ongli ravishda uzoqlashgan va o‘z tajribasi hamda kuzatuvlariga tayangan.
U, shuningdek, ijodkor o‘ziga yangi narsa yaratish uchun doimo mavjud ma’lumotlarga murojaat qilishi shart emasligini, Miyazakining ijodiy uslubi uning shaxsiy tajribasi, kuzatuvlari va yillar davomida shakllangan badiiy tiliga asoslanganini ta’kidlagan.
Suzuki 2025-yilda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan Ghibli uslubidagi SI tasvirlar trendiga ham tanqidiy fikr bildirgan. Bu kabi rasmlarga qiziqish tezda so‘nib ketishini taxmin qilgan va oqibatda aynan shunday ham bo‘lgan.
“SI ma’lum turdagi animatsiyani osonlikcha yaratishi mumkin, ammo sohadan oz bo‘lsa ham xabari bor yoki ijod haqida tushunchaga ega inson bunday ishlarning kamchiliklarini va soxta ekanini darhol payqaydi. Bunday texnologiyadan foydalanishning alohida ma’nosi ham, qiziq tomoni ham yo‘q”, — deydi Suzuki.
Uning fikricha, Miyazakining o‘ziga xos badiiy tilini SI yoki kompyuter grafikasi orqali takrorlashning iloji yo‘q.
Shu bilan birgalikda, Suzuki neyrotarmoqlar davrida Ghibli o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi, aksincha, studiya ijodiy asarlarni inson qo‘li bilan yaratish nimani anglatishini ko‘rsatadigan madaniy namunaga aylanishi mumkinligini ta’kidlagan. Bu jihatdan Miyazaki va SI o‘rtasidagi farq yanada yaqqol ko‘rinadi: neyrotarmoq mavjud bo‘lgan ulkan hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilib, eng mos natijani topishga harakat qiladi. Miyazaki esa, Suzuki ta’kidlaganidek, yangi narsa yaratishda ulardan ataylab uzoqlashadi.
Avvalroq Afisha.uz'da “Ghibli uslubidagi SI suratlari: yangi san’at turi yoki navbatdagi xavf?” mavzusida maqola e’lon qilingandi.