Mo‘min Oripovning ovozi ham yangraydimi? “Bojalar” guruhi yangi konsertiga tayyorgarlik jarayonidan reportaj

“Bojalar” guruhi 18-sentyabr kuni Humo Arena’da “Nostalgiya” nomli yakkaxon konsertini taqdim etadi. Ushbu dasturdan avval jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi va unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jahongir Poziljonov konsertga oid barcha savollarga javoblar berdi. Shuningdek, OAV vakillari repetitsiya jarayoniga guvoh bo‘ldi. Unda Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.
— Siz ko‘plab gala konsertlar va davlat tadbirlarida faol ishtirok etasiz. Ammo so‘nggi yakkaxon konsertingizni 2017-yilda taqdim etgansiz. 9 yil tanaffus qilishingizga nima sabab bo‘ldi?
— Rostini aytsam, yakkaxon konsert qo‘yishni sog‘ingan edim. Bizga hech kimnikiga o‘xshamagan, o‘ziga xos va katta shou qilish uchun yaxshi tashkilotchi kerak edi. Shunday tashkilotchi bilan to‘qnash kelmaganimizga ham to‘qqiz yil bo‘lgandi. Shuncha yil o‘tib, “Mstar_co” kompaniyasi bilan hamkorlikda konsert tashkil qilishga kelishdik. Aslida dastur 1-sentyabrga rejalashtirilgan edi. Lekin texnik tayyorgarlik va qo‘shiqlarimizni tayyorlay olmaganimiz sababli sanani o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Bu asosan, o‘z xatolarimiz bilan bog‘liq.

“Mstar” kompaniyasi rahbari bilan birinchi uchrashganimizda “Agar xalqbop narxda, odamlar kelib ikki soat mazza qilib ketadigan konsert qilsak, daromadni birinchi o‘ringa qo‘ymasak, jon deb ishlayman”, deya ochiq aytdim. Ular ham huddi shunday fikrda ekanini bildirdi. Shu tariqa kelishib, konsertga tayyorgarlikni boshladik. Kompaniya asosan xorijiy va Rossiya estradasi xonandalari bilan ishlaydi, o‘zbek shou-biznesida esa birinchi bo‘lib biz bilan hamkorlik qilyapti.
Chiptalar narxiga keladigan bo‘lsak, 50 ming so‘mdan boshlanadi, eng yuqori narx 300 ming soʻm. Balkonning istalgan joyi — 50 ming so‘mni tashkil qiladi. Birinchi qator ham, yuqori qismi ham bir xil narxda. Bugungi kunda Humo Arena’da bo‘layotgan boshqa konsertlar bilan solishtirganda bu ancha arzon, deb o‘ylayman. Asosiy maqsadimiz — muxlislarimizning ko‘nglini ko‘tarish va Mustaqilligimizning 35 yilligini nishonlash.
— Demak, konsert qo‘yishdan asosiy maqsad katta daromad topish emas?
— Shunday, birinchi maqsadimiz katta daromad qilish emas. O‘zimni xuddi sahnaga yangi chiqib kelayotgan san’atkordek his qilyapman. Yangi mahsulot chiqarayotgan tadbirkor avval uni reklama qilish, sifatini odamlarga ko‘rsatish uchun narxini arzonroq qo‘yadi. Talab paydo bo‘lganidan keyin daromad haqida o‘ylaydi. Men ham sakkiz yildan keyin birinchi marta sahnaga chiqayotgandekman.
Ustozlarimiz doim “Sahnaga chiqqanda hayajon bormi? Demak, sen to‘g‘ri yo‘ldasan. Hayajon bo‘lmasa, san’atkor pastga qarab ketgan bo‘ladi”, deb aytishardi. Shuning uchun har bir konsertda xuddi birinchi marta sahnaga chiqayotgandek hayajon bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Bu ijodingiz to‘xtab qolmasligini ta’minlaydi.
26 yillik ijodiy faoliyatimizda kamchiliklar ham, xatolar ham bo‘ldi. “Biz zo‘rmiz, bizdan zo‘ri yo‘q”, deb o‘ylagan yulduzlik davrlarimiz ham bo‘ldi. Lekin vaqt o‘tib, xatolarimizni tushunib yetdik. 26 yil menga san’atda o‘zini qanday tutish, san’atkorning odobi qanday bo‘lishi kerakligini o‘rgatdi.
— Konsert nega aynan “Nostalgiya” deb nomlandi? Nima uchun retro taronalarga urg‘u berilyapti?
— Nostalgiya — har kim uchun har xil ma’noni anglatadi. Kim uchundir bu quvnoq, muammosiz davr. Hamma muammo ota-onasining zimmasida, o‘zi esa mazza qilib yashagan paytlar. Men uchun esa bu konsertning eng yaxshi tomoni — nostalgiya. Ota-onam hayot paytidagi davrga bir-ikki soatga bo‘lsa ham qaytishni xohlayman.

Har kimning o‘z xotirasi, o‘z dardi bor. Kimdir muhabbatiga erisha olmagan, kimdir erishgan. Kimdir yaqinini yo‘qotgan. Masalan, bir uyda besh aka-uka yashagan bo‘lsa, keyin hamma katta bo‘lib, alohida chiqib ketadi. Lekin odam bitta uzun supaga ko‘rpachalarni to‘shab, besh aka-uka birga uxlagan davrlarini sog‘inadi. Tomoshabinlarni ana shu kunlarga ikki soatga bo‘lsa ham qaytarishni xohlayapmiz. Konsertning mohiyati shu.
— Repertuarni tanlashda nimalarga e’tibor qaratdingiz?
— Repertuar masalasida juda qiynalyapmiz. Chunki 72 ta xit qo‘shig‘imiz bor ekan, o‘zim ham bu darajada ko‘pligini bilmasdim. Lekin dasturga ularning barchasini sig‘dirib bo‘lmaydi. Shuning uchun 2 soat-u 20 daqiqa ichiga 43 ta qo‘shiqni joylashtiryapmiz. Popurilar ham bor.
Konsertga kelgan odam bolaligida eshitgan, sog‘ingan qo‘shiqlarini kutadi. Ularni aytmasak bo‘lmaydi. Premyeralar qo‘shiqlarimiz ham ko‘p. Konsert beshta blokdan iborat va har bir blokda kamida bittadan yangi qo‘shiq aytiladi. Ayrim bloklarda ikkitadan premyera ham bo‘ladi.
Shuningdek, bir qancha duetlar ham bor. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Rayhon G‘aniyeva va Shohruhxon bilan, Doston Ergashev va Qilichbek Madaliyev bilan ham duetlarimiz bor. Yaqinda Sunnatillo Do‘stov bilan yaratgan duetimiz ham dasturga kiritilgan. Bundan tashqari, Farrux Fazel bilan yangi qo‘shig‘imiz ham konsertda premera qilinadi.
— “Bojalar” guruhining marhum vakili Mo‘min Oripov bilan kuylagan qo‘shiqlaringizda uning ovozi ham yangraydimi? Muxlislaringiz orasida uning ijodini sog‘inganlar ko‘p.
— Hamma narsani hozir ochib yuborsam bo‘lmaydi. Konsert kuni guvoh bo‘lasizlar. Bizda xotiraga bag‘ishlangan alohida blok ham bor.
— Humo Arena’da konsert berish g‘oyasi kimdan chiqdi? Nega aynan bu yer tanlandi?
— Ancha yildan beri katta shou qilish niyatimiz bor edi. 26 yildan keyingi birinchi masshtabli konsertimizni aynan shunday joyda o‘tkazishni xohlagandik. Mstar kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashganimizda ularning ham shunday rejasi borligini bildik.

Yuqorida aytganimdek, kompaniya avval xorijlik san’atkorlar bilan katta konsertlar qo‘ygan va har doim Humo Arena odamlarga to‘lgan. Shu sababli kompaniya bilan ishlash bizga ham qiziq bo‘ldi va ma’qul keldi.
Bizda sahna arenaning bir qismidagina emas, oxirigacha boradi. “Korobka” degan tushunchani yo‘qotdik. Odatda sahna bir tomonda bo‘ladi, eng uzoqdagi odam esa san’atkorni durbinda ko‘rishga majbur bo‘ladi. Bizda esa sahna uzunligi bo‘ylab oxirigacha boradi. O‘rtada yana bir chorraha bo‘ladi. Biz u yerga ham, bu yerga ham chiqib ishlaymiz. Tomoshabinlar bizni taxminan uch metr masofadan ko‘rishi mumkin. Hatto eng uzoqda o‘tirgan odam ham bizga yaqin bo‘ladi. Humo Arena’da sahna hali bunday ko‘rinishda qurilmagan.
Sahnani yoritish, chiroqlar, lazerlar — bularning o‘zi ikkita konsert qo‘yadigan darajadagi xarajat. Lekin tashkilotchilar shu sharoitlarni yaratib beryapti.
— Konsertga tayyorgarlik vaqtida va sahna konsepsiyasini ishlab chiqishda boshqa san’atkorlarning shoulari bilan tanishib, ilhomlangan holatlaringiz bo‘ldimi?
— Ha, Humo Arena’da o‘tkazilgan hamma konsertlarni tarmoqlar orqali ko‘rdim. Dunyodagi katta konsertlarni ham kuzatdim. Masalan, menga PSY’ning konsertlari qiziq tuyuldi. U bergan shoularda sahna katta va bir tomondan ikkinchi tomongacha boradi, qo‘shiqchi esa butun sahna bo‘ylab harakat qiladi. Bizda ham shunga yaqin sahna qurilyapti. Xudo xohlasa, konsert kuni hammasini ko‘rasizlar.

— Sizning muxlislaringiz boshqa san’atkorlar muxlislaridan nimasi bilan farq qiladi? Shunga hech ahamiyat qaratganmisiz?
— O‘zim chapaniroqman, muxlislarim ham shunday, deb o‘ylayman. Ko‘p konsertlarda qatnashaman, muxlislarimni kuzataman. Ular “Odamlar nima deydi?”, degan tushunchadan yiroq, xohlaganicha o‘ynaydi, mazza qiladi.
18-sentyabrda ham shunday insonlar kelishiga umid qilaman. Hammasi biz bilan birga mazza qilib, shouni his etib ketishsin. Hatto tashkilotchilarga “O‘sha kuni besh-oltita pojarniy chaqirib qo‘yinglar”, dedim. O‘sha kuni yonadi, Xudo xohlasa. Bu albatta, hazil (kuladi).